16.10.2024

Imom Dorimiyning ilm yo‘li va “Sunani Dorimiy” asari

Hofiz ul-kabir Abu Muhammad Abdulloh ibn Abdurrahmon ibn Fazl ibn Bahrom ibn Abdussamad Tamimiy Samarqandiy ad-Dorimiy 182-hijriy (798-milodiy yilda) sanada Movarounnahrning Samarqand shahrida dunyoga keldilar.

U kishi o'z zamonasinjng mashhur olimi, hadis, tafsir, fiqh ilmlarining allomasi edilar. Garchi dunyoqarashlari murakkab siyosiy, diniy va ijtimoiy muhitda shakllangan bo'lsada, ilmiy faoliyatlari har xil soxta, to'qima hadislar tarqalgan davrda, turli firqa va oqimlar o'rtasidagi bahs-munozaralar avj olgan paytda kechgan. Asosan mana shu omillar u kishini ishonchli hadislarni jamlashga, bu g'oyat ma'suliyatli ishga chuqur mulohaza, o'ta sinchkovlik bilan,tanqidiy va tahliliy yondashishga yetaklagan. 

Alloma bir qancha ilmiy ishlarni Samarqandda boshladilar va Najmiddin Umar Nasafiyning  aytishiga ko'ra shu yerda hadis ilmini yuzaga chiqardilar. Xurosondagi ulamolar huzurida ham bo’ldilar. Bundan tashqari Iroq, Shom, Misr, Makka, Madina diyorlarida bo’lib, u yerlik ulamolardan ilm oldilar. Hadis ilmida qilgan asosiy harakatlari  Samarqandda namoyon bo’ldi.

Zohirul Xatib Samarqandiy shunday deydilar: “Men Ahmad ibn Hanbalning huzurlarida bo’lganimda u kishiga Imom Dorimiyni zikr qilindi. Shunda u zot: “Imom Dorimiy sayyidlardan edilar. Kufr keltir, deyilganda ham, dunyo va boyliklar taklif qilinganda ham qabul qilmaganlar” , – deb aytadilar.

Bandorning esa, "Dunyoning hofizlari to'rt kishi:Muhammad ibn Ismoil Buxoriy, Muslim ibn Hajjoj Naysoburiy, Abu Zur'a Roziy va Abdulloh ibn Abdurahmon Dorimiy Samarqandiydir" deya e'tirof etadilar.

Navaviy :"O'z zamonasining hofizlaridan bo'lib, hadis yod olish va husni fazilatda unga tenglashadigani kam edi", deya ta'rif beradilar.

Quyidagi mashhur asarlar Imom Dorimiyning qalamlariga mansubdir:

"Al-Musnad" ("Tayanch"), "Attafsir" ("Qurʼon sharhi"), "Al-Jomeʼ" ("Toʻplam"), "As-Sulosiyot fil hadiys" ("Hadislardagi uchliklar, yaʼni uch oʻzak harfli feʼllar"), "Kitob as-sunna fil hadiys" ("Hadislardagi  sunnatlar haqida kitob").

Keling, u kishining qalamlariga mansub bo'lmish "Sunan"kitobi haqida biroz suhbatlashsak. 

Dorimiyning “Sunan” kitoblari 2 jilddan iborat bo'lib, asar 1996-yilda Bayrutda chop etilgan. Bu asarda haj, zakot, roʻza, nikoh va taloq, vasiyatnoma va shu kabi koʻplab tushunchalar mazmuni, Muhammad sollollohu alayhi vasallamning musulmonlar ijtimoiy va maʼnaviy hayotining hamma sohalari yuzasidan aytgan fikrlari tushuntirib beriladi. Bu asar "Assihah assitta" (oltita sahih) kitoblari jumlasiga (Ibn Mojaning "Sahih"i oʻrniga) kiritilgan. Asardagi hadislarning ko’p qismi asosan fiqhga oiddir. Bu kitob boshqalardan ajralmaganligi, noaniq so’zlar topilmasligi bilan mashhurdir.

Vaqt o'tishi bilan bu asar "Sunani Dorimiy" o'laroq tanilib, aynan shu nom bilan hozirga qadar yetib keldi va kitobxonlar qalbidan o'zgacha o'rin egalladi.

Imom Dorimiy ayrim manbalarga koʻra, Samarqand viloyatining Toyloq tumani hududida dafn etilganlar.Imom Dorimiy olim, hadisshunos bo'lishligi bilan birgalikda Alloh taoloning suygan bandalari ekani, ular zimmasida ulkan ma'suliyat borligini, ya'ni ilm talab qilish va yoyishda bardavom bo'lishi zarurligini bayon qiladi:

Muoviyadan rivoyat qilinadi: "Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning": Alloh kimga yaxshilikni iroda qilsa, uni dinda faqih qilib qo'yadi", deb aytayotganlarini eshitdim.

 

 

Tayyorladi: Jo‘raeva Maftuna.

Mas’ul o‘qituvchi: N.Xalimova

Izoh qoldirish