15.10.2024

"Badiiy asar o'qishlikning inson hayoti davomida zohir bo'ladigan foydalari,yoxud asar o'qishlik yangi til o'rganish asnosida asqotadimi?"

Ko’pchilik beradigan savol: “Badiiy asar o’qishlik nimaga kerak?”

Avvalo, asar o’qishlik insonning madaniy va ma’naviy salohiyatini oshiradi, insonlar bilan bo’ladigan muloqotini yaxshilaydi, keng fikrlashga, turli xildagi vaziyatlardan qanday qilib chiqib ketishga, ma’no-mazmunli, balog’atli so’zlashishga, suhbatdoshini ko’nglini ko’tarishga yordam beradi.

Keeling bularning har biriga qisqacha to’xtalib o’tsak:

- insonning madaniy va ma’naviy salohiyatini oshiradi;

Badiiy asar mutolaa qilayotgan kishi o’zi bilmagan holda ma’naviyatini shakllantirib borayotgan bo’ladi. “Yozgi ta’tilga chiqdik. Xolam Toshkentda istiqomat qilganliklari bois u kishini ziyorat qilishga bordik. O’sha vaqt xolam oyimga ”Shu qizing biram ko’p gapiradida”,dedilar. Oradan bir yil o’tdi. Bu vaqtda men “Ikki eshik orasi” asarining mutolaasini tugatdim. Xolam bilan uchrasharkanmiz oyimga ”Qizingga qaysi tarbiya usulini qo’lladingki, bir yil davomida dunyoqarashi kengayib, kamgap bo’lib qolibdi”dedilar. Ha azizlar, bu tarbiya usuli kitob mutolaasi edi.

 

- insonlar bilan bo’ladigan muloqotini yaxshilaydi;

Asar mutolaa qilishimdan oldin atrofimdagi birodarlarim o’zim tengi, o’yin-kulguni sevuvchi yoshlar edi. Bir kuni oyim “Shu kitobning falon betini o’qisang, keyin tashqariga chiqasan”, dedilar. Tashqariga tezroq chiqish uchun avvalboshda asarning betlarini tashlab mutolaa qilardim. Bora-bora do’stlarim tashqariga chaqirganda oyimdan “Iltimos tashqariga chiqmaydi,deb aytaqoling”,deydigan bo’ldim. Sekin-astalik bilan ulardan uzoqlashib, ilmli kishilar davrasida yura boshladim. Xolalarim,oyim va buvimlar bilan o’qigan asarlarimni tahlil qilarkanman, ulardan xulosa chiqarishga intilardim. Hayotimni o’zgartirgan yana bir nuqta, tarixiy asarlarning mutolaasiga kirishganligim bo’ldi. Oldinlari dadam bilan suhbatlashadigan mavzuyimiz deyarli yo’q edi. Lekin, tarixiy, siyosiy asarlarga ko’z yugurtirgach u kishi bilan qiladigan muhokalarimiz, qizg’in oilaviy muzokara davralarimiz ko’paya boshladi

 

- turli xildagi vaziyatlardan qanday qilib chiqib ketishga;

Shaxsan o’zim biror bir vaziyatga tushib qoladigan bo’lsam, asar qahramonlarimning nihoyasidan ibrat olishlikka harakat qilaman. Misol uchun, “Odam bo’lish qiyin”asaridan olim bo’lishlik oson ekanligi, odamiylik esa, noyob bir gavhar misoli asrab-avaylanib, yaxshilab parvarishlanishi kerakligi, “Sevaman, kuyaman”larga ishonaverish kerakmasligi, har sevaman degan sevavermasligini tushunib yetdim

 

- keng fikrlash, ma’no-mazmunli, balog’atli so’zlashishga ko’maklashadi

Kitob o’qigan inson teran fikrlaydigan, har tomonlama hisob-kitob qiladigan, ma’no-mazmunli so’zlaydigan,qaysi davrada qaysi mavzuda qaysi vaqtda gapirish kerakligini biladigan, mulohaza qiladigan bir shaxsga aylanib qoladi. 

 

Til o’rganuvchi toliba sifatida shuni ayta olamanki, badiiy asar o’qishning foydalari shubhasiz tarjimonlik sohasida ham zohir bo’ladi. Misol uchun, “O‘tkan kunlar” asarini olaylik. Abdulla Qodiriyning qalamiga mansub bo’lgan ushbu roman badiiy sof o’zbek tilida yozilingan. Ushbu asarni mutolaa qilganligim, keyinchalik          "تعليم المتعلم في الطريق التعلم" (“Ilm olish sirlari”kitobining arabiy matni) kitobini o’qishligim asnosida menga juda ham ko’p asqotdi. Ushbu asardagi arab kalimalarning deyarli 30 foizi o’zimizning sof o’zbek, fors tillariga monand edi. Yana bir foydali jihati, arab tilidagi uzun jumlalarni bir-biriga bog’lab, chiroyli jumla tuzishimda nayomon bo’ldi. Bundan tashqari, kitob o’qigan odam boshqa tilda yozilgan kitoblarni mutolaa qilayotganida, voqelikda yuz berayotgan narsalarni kitob o’qimagan kishiga nisbatan tez anglab oladi. Arab tili bo’yicha dars beradigan  ustozlarimizning ba’zi birodarlarimizga “Asar o’qiganingiz sizga xo’p foyda beradida. Lug’at bilmasangiz ham, ma’noga qarab tarjima chiqara olasiz”,deganliklarining guvohi bo’lganmiz. Shuni ta’kidlash joizki, bu ba’zi holatlarda bo’ladi. Asar o’qishlik sizni lug’at yodlashdan xalos etadi demoqchimasmiz.

Zamondosh ulamolarimizning deyarli barchalari ilm yo’lida yurgan tolib-tolibalarni nodir asarlarni xalq uchun tushunarli bo’lgan, chiroyli bir uslubda tarjima qila olishliklari uchun ularni badiiy asar o’qishlikka, o’z ona tilini mukammal o’rganishlikka  targ’ib qilishmoqda. 

Lekin, asar bilan asaring ham farqi  bor. O’qiyapmanda deb to’g’ri kelgan asarni o’qib ketavermaslik kerak. Xususan, hozirgi kunda yoshlarimizning aksari o’zini yengil-yelpi, sayoz holda yozilingan asarlarga urishmoqda. Ammo, bu kabi asarlar na foyda bera oladi va na ma’naviyatni oshira oladi, balki, asosan bir mavzu atrofida aylanib yuradi. “O’tkan kunlar” asari-unda insoniy taqdirlar, ijtimoiy-siyosiy, ma'naviy-axloqiy,  oilaviy-ishqiy  muammolarni qalamga oladi. Biroq, ular orasida yurtning, millatning taqdiri, mustaqillik masalasi alohida ajralib turgan. Shunday ekan, vaqtimizni bekorchi ommaviy axborot vositalarida o’tirib sarflash o’rniga, ma’naviyatimizni boyitishga-asl kitoblarni o’qitishga intilaylik.

 

 

Kamina xodimangiz ushbu risolada, ilmiy faktlar emas, balki, hayoti davomida

 ko'rgan-kechirganlarini keltirib o'tmoqlikni afzal deb bildi. 

Xulosa sizdan…

Izoh qoldirish