02.10.2024

"Ислом - эзгулик ва тинчлик дини"

Бисмиллаҳир роҳманир роҳим

Olamlarning robbisi Alloh taologa hamd-u sano, Payg‘ambarimiz Muhammad s.a.v. ga va u zotning ahli oilalari, as'hoblariga salotu-salomlar bo‘lsin.

Islom dini jahon dinlari ichida eng yosh dindir, e’tiqod qiluvchilar soni jihatidan esa xristianlikdan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. Yil sayin bu dinga e’tiqod qiluvchilar soni ortib bormoqda.

      Islomning paydo bo‘lishi VI asr oxiri - VII asr boshlarida Arabiston yarimorolida yuz bergan ijtimoiy-iqtisodiy ahvol bilan bevosita bog‘liqdir.   

  Islom arab tilida “taslim boʻlish”, xususan, Alloh yagona degan e’tiqod bilan unga bo‘ysunmoqlik, itoat etmoqlik va butun qalb bilan unga ixlos qilmoqlik va Alloh buyurgan diniy e’tiqodga imon keltirmoqlik demakdir. Islom qatʼiy yakkaxudolik dini boʻlib, uning tarafdorlari musulmonlar deb ataladi. Ular Muhammad paygʻambarni Allohning eng oxirgi hamda eng mukammal elchisi deb biladi. Bu elchilar orasida Odam Ato, Ibrohim, Muso, Iso va boshqalar ham bor. Islomning muqaddas kitobi Qurʼondir, unda Allohning Muhammad (s.a.v) ga yuborgan vahiylari mavjud. Paygʻambarning sunnatlarda zikr qilingan soʻzlari hamda amallari ham islom eʼtiqodi, amaliyotida muhim manba hisoblanadi.

     Islom so’zining ma’nolaridan biri – tinchlik. Islomda tinchlik inson qalbidan boshlanadi. So’ng qalbdagi bu tinchlik oilaga ko’chadi. Islom oila tinchligi uchun zarur bo’lgan barcha choralarni ishga soladi. Oiladagi tinchlik qarindosh-urug’, qo’ni-qo’shnilar orasiga ko’chadi. So’ngra bu tinchlik jamiyatga o’tadi. Davlat miqyosidagi tinch yashashga esa jamiyat tinch bo’lgandagina erishiladi. Nizom shunday. Tinchlik hukm surmoqdami, demak barcha narsa o’z o’rnida amalga oshiriladi. Barcha baxtli hayot kechiradi.

     Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi: “Ey, imon keltirganlar! Islomga (tinchlikka) to’lig’icha kiringiz va Shaytonning izidan ergashmangiz! Albatta, u sizlarga aniq dushmandir” (Baqara surasi, 208-oyat).

  Paygambarimiz Muhammad Mustafo sollallohu alayhi vasallamdan sahobalar: “Mukammal inson kim?”, deb so’rashganda, u zot  sollallohu alayhi vasallam: “Tili va qo’li bilan boshqalarga ozor bermagan kishi”, deya marhamat qilganlar. Boshqa hadislarida hatto hididan ham boshqalar ozor topmasligiga buyurganlar.

Afsuslar bo'lsinki, hozirgi kunimizda ba'zi insonlar ongida  "Islom-buzg'unchilik, vayronkorlik dini" degan xato tushuncha mavjud. Afsuslar bo'lsinki, bu yot tushuncha daf qilinishi o'rniga aksincha, kundan-kunga yoyilib bormoqda. Xo'sh bunga sabab nima?

    Bugungi kunda ba’zi bir mutassib oqim vakillari dinni o’zlaricha talqin qilib, firqalarga bo’linib, musulmonlar orasida qanchdan-qancha ko’ngilsizliklar keltirib chiqarganliklari barchamizga ma’lum. Dindan dunyoviy maqsad uchun foydalanish, din niqobi ostida dinga yot bo’lgan ishlarni amalga oshirish aslida dinda bo’lmaganlarning ishidir. Bu ishlari orqali ular odamlarni dindan bezdirib, boshqalarni musulmonlarga salbiy nazar bilan qarashiga sabab bo’ladilar.

Bugun ko‘pchilik o‘ylaganidek, Islom qo‘poruvchilik dini emas, balki tinchlik dinidir. Dinimiz tinchlik, xotirjamlik, huzur-halovat, sulh va omonlik kabi ma'nolarni anglatadi. Bu nomni Alloh taoloning O‘zi tanlagan. Zotan, Buyuk Robbimizning go‘zal ismlaridan biri ham “As-salom”dir.

Bu din nafaqat musulmonlarga, balki, boshqa din vakillariga, hatto boshqa dinlarni ham inkor etuvchi shaxslarga nisbatan shirinsuxanlik bilan chiroyli muomala qilishga undaydi. Muso va Horun alayhimassalomga o‘zini Xudoman, deb da'vo qilgan Fir'avnga ham Alloh taolo yumshoq va muloyim so‘z bilan gapirishga buyurdi: “(Ey, Muso!) Sen o‘zing va birodaring (Horun) Mening oyatlarimni (odamlarga) olib boringiz va Meni zikr qilishda sustlik qilmangiz! Ikkingiz Fir'avnning oldiga boringiz, chunki u (“Men –Xudoman”), deb haddidan oshdi. Bas, unga yumshoq so‘z aytingiz! Shoyad, u eslatma olsa yoki (halok qilishimdan) qo‘rqsa” (Toho surasi, 44-oyat).

Va holbuki, Mehribon Robbimiz Muso alayhissalomga: “Ey, Muso, Fir'avnni oldiga borganingizda asongizni ushlang, ajdahoga aylanib Fir'avnni yutib yuborsin” deyishlikka qodir edi. Lekin, Alloh Taolo O‘zining eng ulug‘ payg‘ambarlaridan biri bo‘lgan, Alloh taolo bilan vositasiz gaplashgan, Qur'oni Karimda u kishining nomlari 136 marta zikr etilgan, alohida bir Muqaddas kitob nozil qilingan, sevimli payg‘ambarlaridan bittalari bo‘lgan bo‘lsalar-da shirin so‘z va muloyimlik ila munosabat qilishni amr-farmon qiladi.

Mufassirlarning ta'kidlashlaricha, aslida ushbu oyat hukmi Isroil avlodiga qarata aytilgan bo‘lsa-da, biroq u barcha musulmonlar uchun ham tegishlidir. Oyatning taqozo etishiga ko‘ra, Yer yuzida fitna-fasod, buzg‘unchilik, qotillik, qo‘poruvchilik, qaroqchilik kabi razil ishlarni qilgan kimsalar qilmishlariga yarasha jazoga tortilishi kerak.

Islom dini ana shunday ulug’ ne’mat bo’lmish tinchlik va hotirjamlikka targ’ib qilish bilan birga zulm qilish, ozor berish, birovning haqqini yeyish, josuslik qilish, g’iybat, yolg’onchilik, yolg’on guvohlik berish, chaqimchilik, ig’vo-fitna chiqarish, behuda qon to’kish kabi yomon illatlarni qoralaydi. Darhaqiqat, musulmon kishi jamiyat uchun nafaqat yaxshilikni ravo ko’rmog’i, yomonliklardan tiyilmog’i va boshqalarga aziyat berishdan uzoq bo’lmog’i lozim.Dunyoning falon mamlakatida terrorchilik xuruji kuzatilibdi desa, yer yuzidagi yetti milliarddan ziyod odam yuragini hovuchlaydigan bo‘lib qoldi. Eng yomoni, sayyoramiz aholisining aksariyati terrorni hali-hanuz din bilan yonma-yon ishlatmoqda. Qo‘li qonga botgan, na dini, na millati, na vijdoni bor razil kimsalar – terrorchilar o‘ldirsa ham, qaysidir joyni portlatsa ham, qayoqqadir o‘t qo‘ysa ham eng ulug‘ kalima – “Allohu akbar”ni talaffuz qilayotgani dindan bexabar kishilarning ana shunday xulosaga kelishiga sabab bo‘layotgandir. Xo’sh, aslidachi? Haqiqatdan ham ushbu atamaning muqaddas, sof Islom dini bilan bogliqlik joyi bormi? Bu masalaga Islom dini qanday baho beradi. 

Asli “terror” atamasi paydo bo‘lganiga chorak asrdan oshdi. Terror dastidan ming-minglab begunoh odamlar halok bo‘lmoqda, millionlab zamindoshlarimiz o‘z uyidan, vatanidan chiqishga majbur bo‘lib, sarson sargardon yuribdi. Minglab bolalar ta'lim olish u yoqda tursin, uysiz boshpanasiz, ba'zilar hatto yaqinlarisiz yolg‘izlikda, nochor hayot kechirmoqda. Bu esa terrorizm, ekstremizmning achchiq mevasidir.Vaholanki, Islom terrorni, fasod va buzg‘unchilikni butunlay qoralaydi, la'natlaydi.

 Alloh taolo Qur'oni karimda Yer yuzida buzg‘unchilik qilmaslikni buyurib: “Alloh esa, fasodni (buzg‘unchilikni) yoqtirmaydi” (Baqara surasi, 205-oyat), shu suraning 60-oyatida esa: “Allohning rizqidan yeb-ichingiz, Yer yuzida buzg‘unchilik qilmangiz!” deb marhamat qilgan.

Hadisi shariflarda: “Kim bir ahdlashgan jonni o‘ldirsa, jannatning hidini ham hidlay olmaydi. Albatta, uning hidi qirq yillik masofadan kelib turadi” (Imom Buxoriy va Imom Termiziy rivoyati); “Haqiqiy musulmon uning qo‘lidan va tilidan boshqa musulmonga ozor yetmaydigan kishidir” (Imom Buxoriy rivoyati), deyilgan.

Islomning siyosiy doktrinasi (ya’ni Islomning siyosat sohasidagi qonunlari va tamoyillari) favqulodda tinchliksevarlik va insonparvarlik g‘oyalari asosiga qurilgan. “Islom dini-tinchliksevar din” ekanligi musulmon bo‘lmagan ko‘plab tarixchilar va ilohiyotchilar tomonidan ham tan olingan Jumladan, rohib bo‘lgan angliyalik tarixchi, Yaqin Sharq tarixi bo‘yicha yirik mutaxassis Karen Armstrong ham shulardan biridir. U o‘zining «Muqaddas urush» («Holy War») kitobida, dunyodagi uch ilohiy din tarixini tadqiq qilib, quyidagi izohni beradi:

“Arab tilida “islom” so‘zi “tinchlik” degan so‘zning o‘zagidan olingan. Qur’on urushni Xudoning irodasiga zid g‘ayritabiiy holat sifatida qoralaydi... Islom muxolif tomonni yo‘qotishga qaratilgan bosqinchilik urushlarini ta’qiqlaydi... Islom faqat muqarrar bo‘lib qolgan va himoyalanish uchun bo‘ladigan urushlarnigina tan oladi va ayrim hollarda ularni odamlarga qilinayotgan haqsizlik va azob - uqubatlarni tugatishga qaratilgan ezgu majburiyat sifatida baholaydi. (Ammo) Qur’on ta’lim beradiki, hatto adolatli urush ham qat’iy had - chegaralar hisobga olingan holda, iloji boricha insonparvarlik yo‘li bilan olib borilishi kerak. Muhammad (s.a.v.) faqatgina Makka mushriklari bilangina emas, balki bir paytning o‘zida mahalliy yahudiy qabilalari, shuningdek yahudiylar bilan til biriktirib, unga xujum qilishni rejalashtirgan Suriyadagi nasroniy qabilalar bilan ham urushishga majbur bo‘lgandi. Ammo bu holat uning qalbida dushmanlariga nisbatan nafrat tug‘dirmadi, uni «Ahli Kitoblar»ni (nasroniy va yahudiylarni) la’natlashga olib kelmadi. Uning musulmonlari o‘z hayotlarini jismonan himoya qilishga majbur bo‘lishdi, lekin ular o‘z dushmanlarining diniga qarshi muqaddas urushga kirganlari yo‘q. Muhammad musulmon qo‘shinlariga boshliq sifatida o‘zining ozod qilgan quli Zaydni nasroniylarga qarshi urushga jo‘natayotganda unga Alloh yo‘lida mardona jang qilishni, ammo insonparvarlikni unutmaslikni buyurgan. Ular diniy xizmatchilarni, rohib va rohibalarni bezovta qilishmasdi, urushda qatnashmayotgan, bemajol odamlar, ayollar, yosh bolalar, keksalarni nishonga olmas, ularga zarar yetkazmasdi. Ular tinch fuqarolarni, aholini o‘ldirishmagan, bino va uy-joylardan hech birini vayron qilishmagan...’’

    Islom dinining musaffoligi, unda barcha insoniy fazilatlarning mujassamligi, insonlarni go’zal axloqu odobga targ’ib qilishdadir.Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Payg’ambar bo’lib kelishimning asosiy boisi, go’zal axloqlarni tamomiga yetkazishdan iboratdir” (Imom Molik rivoyati), degan so’zlarida Islom dinining asl mazmun-mohiyati ifodalab berilgandir.

Xulosa qilib aytganda, Islom dini har bir jamiyatga va har bir zamonga munosib kelishining asosiy sabablaridan biri u inson tabiati xususiyatlarini to’liq  hisobga olganidadir.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev Birlashgan Millatlar Tashkilotining 72-sessiyasida: “Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassami ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Biz muqaddas dinimizni zo‘ravonlik va qon to‘kish bilan bir qatorga qo‘yadiganlarni qat'iy qoralaymiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga da'vat etadi”, deya ta'kidlagan edilar. Mana shu takliflardan kelib chiqib BMT Xavfsizlik Kengashi 2017 yil 21 dekabr kuni “Ma'rifat va diniy bag‘rikenglik” rezolyutsiyasini qabul qildi. Ushbu hujjatga ko‘ra, terrorizm, zo‘ravon ekstremizm hech bir din, millat va sivilizatsiya bilan aloqador emas va bog‘liq holda talqin qilinmasligi kerak.

 

Bundan tashqari, muhtaram prezidentimiz boshchiliklarida yurtimizda barcha din vakillari tinch-totuv yashashliklarini ta’minlash borasida ham bir necha islohotlar olib borildi. Jumladan, ayni paytda O‘zbekiston Respublikasida jami 2276 ta diniy tashkilot va 16 ta diniy konfessiya faoliyat yuritib kelmoqda. Shulardan 2093 tasi musulmon tashkiloti, 166 ta xristian tashkiloti, 8 ta yahudiy jamoasi, 6 ta Baxoiylik jamiyati, 1 ta krishnachilar jamiyati va 1 ta budda ibodatxonasi, shuningdek, O‘zbekiston konfessiyalararo Bibliya jamiyati ham faoliyat ko‘rsatmoqda.

2019-yilda O‘zbekistonda 10 ta yangi jome masjid ochildi, natijada masjidlarning umumiy soni 2066 taga yetdi. Bundan tashqari, mamlakat miqyosida 46 ta jome masjid binosi butunlay qaytadan bunyod etilib, 225 ta masjid kapital taʼmirdan chiqarildi. 2018 yilda esa respublikada 13 ta jome masjidi qayta ochildi, 39 tasi yangi qurildi va qariyb 100 tasi qayta taʼmirlandi.

Bundan tashqari, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda ekstremizmga qarshi kurashish chora-tadbirlarini amalga oshirishdagi yondashuvlar konseptual jihatdan qayta ko‘rib chiqildi. Bunda asosiy eʼtibor aholi o‘rtasida profilaktika va tushuntirish ishlariga qaratildi. Ushbu sohada amalga oshirilayotgan barcha saʼy-harakatlar «Jaholatga qarshi maʼrifat» degan ezgu g‘oyaga asoslangan.

2018-yilning sentyabr oyida terroristik, ekstremistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilot va guruhlarga adashib aʼzo bo‘lib qolgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini jinoiy javobgarlikdan ozod qilish tartibi tasdiqlandi.

Ilgari to‘g‘ri yo‘ldan adashgan va o‘z xatti-harakatlariga chin dildan pushaymon bo‘lgan fuqarolarga maʼnaviy-axloqiy burchlarini ado etish uchun jamiyat va o‘z oilalariga qaytish imkoniyati beriladi. Diniy ekstremistik oqimlarga aloqador shaxslarni reabilitatsiya qilishning muhim qadamlaridan biri, bu ularga nisbatan avf etish aktlarini qo‘llash bo‘ldi.

Allohim, yurtimizni tinch, osmonimizni musaffo qilsin. Muhtaram prezidentimiz SH.Mirziyoyevni har doim boshimizda sog’-salomat yurmoqliklarini nasib etsin.

 

O’quv ishlari bo’yicha direktor o’rinbosari:

H.Xalimova

Izoh qoldirish