16.04.2024

Hazrati Oisha roziyallohu anhoning kunyalari

Bismillahir Rohmanir Rohiim.

Alloh Taologa bitmas-tuganmas hamd-u sanolar bo'lsin. Payg'ambarimizga mukammal va batamom salovat-u durudlar bo'lsin.

Barchamizga ma'lumki, arablarda kunyalash odati bo‘lgan. Kunya ulug‘lik va sharaf ramzi hisoblanib, kishi qilgan ulug' ishi sababli u bilan nomlangan. Kunyalar odatda "Abu", "Ummu", "Ibn" va "Bint" so'zlari bilan boshlangan

Allohning izni ila biz bugun siz bilan Siddiqning qizi, pok ekanligi osmondan xabar qilingan, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning dunyo-yu oxiratdagi juftlari bo'lmish Oisha roziyallohu anhuning kunya va laqablari hamda ularning kelib chiqish sabablari to'g'risida izlanamiz.

1.Ummul-mo'miniyn.

Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning barcha muhtarama ayollari, shu qatori  Oisha roziyallohu anho ham ushbu nom ila nomlanganlar

Alloh taoloning quyidagi kalomi bunga dalildir:

 النَّبِيُّ أَوْلَى بِالْمُؤْمِنِينَ مِنْ أَنْفُسِهِمْ وَأَزْوَاجُهُ أُمَّهَاتُهُمْ

Nabiy mo‘minlar uchun o‘zlaridan ko‘ra haqlidir. Uning ayollari esa ularning onalaridir (Ahzob surasi 6-oyat)

2. Ummu Abdulloh.

Oisha roziyallohu anho Nabiy sollallohu alayhi vasallamga:"Yo Rasululloh, mendan boshqa barcha ayollaringizning kunyalari bor", dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u kishiga:"O'g'ling (jiyaning, opang Asmoning o'g'li)Abdulloh ibn Zubayrning ismini kunya qilib ol. Sen Ummu Abdullohsan",dedilar.Oisha roziyallohu anho farzand ko'rmagan bo'lsalar-da, hamma u kishini umrlarining oxirigacha Ummu Abdulloh deb chaqirgan

Oisha onamizning kunyalari bo‘lganidek, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam nomlagan laqablari ham mavjud bo'lgan: 

1.Aa'ish. 

Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam onamizni erkalab ismlarini qisqartirib chaqirganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ey Aa'ish! Jabroil senga salom aytayapti”, deganliklari rivoyat qilingan

2. Muvaffaqa

Termiziyning "Shamoyili Muhammadiyya" kitoblarida Nabiy alayhissalom u kishini "Ey Muvaffaqa" deb chaqirganliklari naql etilgan. Bu so'z "qimmatbaho tosh" nomi bo'lib, "baxtli" degan ma'noni ham anglatadi

3.Humayro. 

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: Masjidga habashlar o‘ynab kirib qoldi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam menga: “Ey Humayro! Ularga qarashni hohlaysanmi?” dedilar. “Ha” dedim va ularga qaray boshladim.

Imom Zahabiy aytadilar: “Arablarda chiroyli oq yuzli kishilarga “Humayro” deb ishlatiladi”. Demak  onamiz oppoq, chiroyli yuzli ayol bo'lganlar.

4.Siddiqa

Siddiqning qizi bo'lganliklari uchun “Siddiqa” deb nomlanganlar. 

Bundan tashqari hadis ulamolari orasida “Siddiqning qizi Siddiqa” degan nom ila mashhurlar

Biz yuqorida sanab o'tganlarimiz dengizdan bir tomchi desak, mubolag'a qilgan bo'lamiz. Oisha roziyallohu anhoning biz bilgan-bilmagan qanchalab buyuk ishlari bor-ki, ularni madh etishga qalamlar ojiz.

“Jo'ybori Kalon” ayol-qizlar o'rta maxsus islom 

ta'lim muassasasi talabasi Ashurova Iroda

Izoh qoldirish

Izohlar