05.01.2024

Mutashobih oyatlar qanday tushuniladi?

Mutashobih oyatlar qanday tushuniladi?

Qurʼoni karimda maʼnosi aniq, boshqa maʼnolarni ehtimol qilmaydigan oyatlar bor. Shuningdek, baʼzi noaniq, bir necha maʼnolarni ham tushunish mumkin boʻlgan oyatlar ham bor. Bu haqida Alloh taolo Oli Imron surasi, 7-oyatda aytadi: 

هُوَ الَّذِي أَنْزَلَ عَلَيْكَ الْكِتَابَ مِنْهُ آيَاتٌ مُحْكَمَاتٌ هُنَّ أُمُّ الْكِتَابِ وَأُخَرُ مُتَشَابِهَاتٌ

“U(Alloh) senga kitobni tushirgan Zotdir. Unda muhkam – (ochiq-oydin) oyatlar ham bor. Va ular kitobning aslidir. Va (yana) mutashobih (oyat)lar ham bor”. 

“Muhkam” lugʻatda “ochiq-oydin”, “aniq-ravshan” maʼnolarini anglatadi. Istelohda esa “Iroda qilingan maʼnosi qatʼiy ravishda ochiq-oydin boʻlib, faqat bitta maʼnoning ehtimoli boʻlgan oyatlar muhkam deyiladi”

“Mutashobih” esa lugʻatda “oʻxshash”, “noaniq” kabi maʼnolarni anglatadi. Mutashobihning istelohiy maʼnosi: “Bir-biriga zid ikki xil maʼnoning ehtimoli boʻlgani uchun soʻzlovchining iroda qilgan narsasi eshituvchiga noaniq boʻlib qolgan soʻzlardir”. 

Mutashobih oyatlardan baʼzilari borki, eshitganda zehnda Alloh taologa loyiq boʻlmagan fikrlarni keltiradi. Masalan: Moida surasi, 64-oyatda aytiladi:

بَلْ يَدَاهُ مَبْسُوطَتَانِ يُنْفِقُ كَيْفَ يَشَاءُ

“…Aslida Uning “ikki qoʻli” ochiq. Qanday xohlasa (shunday) ehson qilaveradi”

Bu oyatda Alloh taologa nisbatan يَدْ soʻzi ishlatilgan. Arab tilida يَد soʻzining haqiqiy maʼnosi biz bilgan tana aʼzosi – qoʻldir. Lekin Alloh taolo Shuaro surasi, 11 – oyatda aytadi:

لَيْسَ كَمِثْلِهِ شَيْءٌ وَهُوَ السَّمِيْعُ الْبَصِيْرُ

“U Zotga oʻxshash hech narsa yoʻqdir” 

Ushbu oyatdan bandada boʻlgan biror bir sifat Alloh taoloda boʻlishi mumkin emasligini bilamiz. Shu bilan birga, bu oyat maʼnosi qatʼiy, boshqa maʼnolarni ehtimol qilmaydigan muhkam oyatlar sirasiga kiradi va mutashobih oyatlarni tushunishda mana shunday muhkam, maʼnosi qatʼiy oyatlar asos boʻladi. Endi yuqoridagi oyatni oʻqiganda Allohda aʼzo bor degan fikr xayolga kelsa, demak biz uni xato tushunayotgan boʻlamiz. Aslida oyatdagi biz notoʻgʻri tushunayotgan soʻz majoziy(koʻchma) maʼnoda ishlatilayotgan boʻladi. 

Soʻzning koʻchma maʼnolari odatda bir nechta boʻladi. Oyatdagi soʻz koʻchma maʼnolarning aynan qaysi bir maʼnoda ekanini bildiruvchi belgi va ishoralar esa aniq – ravshan boʻlmaydi. 

Arab tilida يَد soʻzining bir qancha koʻchma maʼnolari bor. Misol: saxovat, qudrat, imkoniyat, hokimlik va h.k. Oyatdagi “qoʻli ochiq”, “infoq qiladi” degan soʻzlar katta ehtimol bilan يَد soʻzi “saxovat” maʼnosida ekaniga ishora qiladi. Ammo, bu gap bari bir aniqlikni ifodalamagani sababli, ehtimolligicha qoladi. Alloh taoloning zoti va sifatlari borasida esa qatʼiy boʻlmagan, taxmin va ehtimollar bilan bir gap aytish umuman mumkin emas. Shuning uchun, zarur boʻlmaganda xato boʻlishi mumkin boʻlgan gapni aytmaslik uchun, oyatda Alloh aynan qaysi majoziy maʼnoni nazarda tutganini Allohning oʻziga topshiramiz. Chunki, Alloh taolo Oli Imron surasi, 7 – oyatning davomida shunday deydi: 

وَمَا يَعْلَمُ تَأْوِيلَهُ إِلَّا اللَّهُ وَالرَّاسِخُونَ فِي الْعِلْمِ يَقُولُونَ آمَنَّا بِهِ كُلٌّ مِنْ عِنْدِ رَبِّنَا

“U (mutashobih oyatlar)ning taʼvilini Allohdan boshqa hech kim bilmas. Ilmda sobit boʻlganlar esa: Unga iymon keltirdik, barchasi Robbimiz huzuridandir, derlar”

Mutashobih oyatlarda haqiqiy maʼno iroda qilinganini inkor qilib, majoziy maʼnolardan aynan qaysi ekanini Alloh taologa topshirish “tafviz(topshirish)” deyiladi.

Qurʼoni Karimda yana bir qancha oʻrinlarda mutashobih oyatlarni uchratish mumkin.

يَدُ ٱللَّهِ فَوۡقَ أَيۡدِيهِمۡۚ

“Allohning qoʻli ularning qoʻllari ustidadir” (Fath surasi, 10-oyat)

 قَالَ يَا إِبْلِيسُ مَا مَنَعَكَ أَنْ تَسْجُدَ لِمَا خَلَقْتُ بِيَدَيَّ 

“Ey iblis, Oʻz qoʻllarim bilan yaratgan narsaga sajda qilishingdan seni nima man qildi?!” (Sod surasi, 75-oyat)

 وَٱصۡبِرۡ لِحُكۡمِ رَبِّكَ فَإِنَّكَ بِأَعۡيُنِنَاۖ

“Robbingning hukmiga sabr qil. Albatta, sen koʻz oʻngimizdasan” (Tur surasi, 48-oyat).

Alloh taolo Oʻziga nisbat bergan soʻzlaridan boshqa soʻzlarni U Zotga nisbat berish mumkin emas. Oyatlarda kelgan bunday lafzlarga shundayligicha iymon keltirish, ularning muayyan maʼnosini Allohning Oʻziga havola qilish maqsadga muvofiqdir. 

Baʼzan mutashobih oyatlarni haqiqiy maʼnoda emas koʻchma maʼnolarning birida ekaniga qanoat qilmasdan, uning maʼnosini bilishga intiladigan kishilar uchraydi.  Agar bundaylarga oʻzi qanoat qiladigan gap aytilmasa oʻzini va atrofidagi boshqa insonlarni ham adashtirib yuborishi mumkin boʻlgan vaziyatlar boʻladi. Ayrim ulamolar shu kabi zarurat boʻlgan holatlarda, katta ehtimol bilan soʻzning haqiqiy maʼnosidan Alloh taologa loyiq boʻlgan muayyan majoziy maʼnoga burishgan. Mana shu yoʻl “taʼvil” deyiladi.

Avvalgi davr ulamolarining koʻplari tafviz yoʻlini tutganlar. Sababi, bu yoʻl xatodan xoliroq va mustahkamroq yoʻldir. Keyingi davr olimlarining yoʻllarini esa zarurat paytida olish mumkin. Bu gaplar taʼvil qilinmasa, baʼzi kishilar Xoliqni maxluqqa oʻxshatish havosiga tushib qoladilar. Ana shuning oldini olish uchun keyingi mazhabning yoʻli tutiladi va bu soʻzlar sodda va oson tilda tushuntirib beriladi.

 

Joʻybori kalon oʻrta maxsus islom taʼlim muassasasi aqoid fani oʻqituvchisi Islomova Sayyora

Izoh qoldirish