29.05.2023

Ruhan sog’lom va baxtiyor bola qanday tarbiyalanadi?

Bolani kichik yoshdan hurmat qilish va beminnat sevish bilangina uning ruhiyatini sog’lom ushlab qolish mumkin. Yetarlicha hurmat va ehtirom ko’rsatilgan bolada o’zini qadrlash va o’zgalarga ham shunday muomalada bo’lish ko’nikmasi paydo bo’ladi.

Avvalo farzandingizning tanlovlarini hisobga olishingiz va noto’g’ri qarorlarida uni qattiq izza qilmasdan birga muhokama qilishingiz kerak. Bola siz to’g’ri deb bilganingiz uchun emas, balki o’z tajribasida xatolar orqaligina to’g’ri xulosaga kelishini sabr bilan kutishga o’rganing!

Masalan o’zining o’yinchog’ini boshqaga bermaganda unga birga o’ynash yolg’iz o’ynashdan qanchalar zavqli ekanligini so’z bilan tushuntirishdan tashqari aynan o’sha holatda ko’rsatish orqali ona va bola baham ko’rish hissini birga kashf qilishingiz mumkin.

Unutmangki, farzandingizni kichik xatosi uchun jazolaganingizda mehr va iltifot emas g’azab va qahrni o’rgatayotganingizni , u bilan so’zlashmay achchiqlanib yurish orqali esa gina saqlash va kibr urug’ini ekayotgan bo’lasiz.

Bola o’rtog’ining o’yinchog’ini olib qo’yganda havas qilish mumkin, ammo boshqalarning buyumlarini so’ramasdan olib bo’lmasligini tushuntirish kerak deb o’ylashingiz mumkin. Aslida esa allaqachon siz undan buyumlarini ruxsat so’ramasdan olish orqali bolaga bu tushunchani berib bo’lgansiz.

Boshqa bolalar bilan janjallashganda esa jahl qilish mumkin, ammo urushish mumkin emas, faqat o’zingni himoya qilgandagina shunday qilishing to’g’ri bo’ladi deyish bir qarashda aqlli yechimdek ko’rinsada, bir farzandingiz ko’z o’ngida boshqasini jismoniy jazolash orqali unga o’zgalarning tanasiga dahl qilish mumkinligini allaqachon singdirib bo’lgansiz.

Ona nimani his qilsa, 3 yoshgacha bo’lgan bolada bu namoyon bo’ladi. Qalbida isyon bor, norozi onaning ruhiy holati bolasida injiqlik, urushqoqlik orqali namoyon bo’ladi.

Xulosa shuki bag’rikeng onalargina ruhiy sog’lom bolalarni dunyoga keltirishadi. Mehringizga to’ygan bola o’zgalarni ham mehrga burkaydi. Bola bu onaning ichki dunyosini ko’rsatib beruvchi oynadir! Shunday ekan o’zingizni isloh qiling, ko’p o’tmay bolangizda yangi aksingizni ko’ra boshlaysiz.

•Yoshlar bilan ishlash, ma'naviyat va ma'rifat ishlari bo'lim boshlig'i I. Usta-Alimova.
 

Izoh qoldirish