Farzand tarbiyasi
Bismillahir rohmanir rohiym.
Ikki olam sarvari Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam yosh avlodga ta'lim tarbiya berishda ham butun ummatga namuna bo'ldilar. U Zot yosh bolalarga katta ahamiyat berar, ularni jerkimas, g'azablanmas edilar, ularning xatolarini koyimasdan to'g'irlab qo'yar, agar to'g'ri ish qilishsa, haqlariga duo qilar edilar.
Shak-shubha yo'qki, insonga berilgan ne'matlar ichida farzand eng ulug'laridan biridir. Shunday ekan, farzand tarbiyasga e'tiborsiz bo'lish – Alloh bergan ne'matga noshukrlik qilishdir. Farzandiga yoshligidan ilmu ma'rifat berib, imon-e'tiqodli qilib tarbiya qilgan insonning farzandlari ota-onasiga dunyo va oxiratda yaxshilik olib keladi. Buning aksi bo'lsa, ularga hasrat va nadomat bo'ladi.
Farzandning go'zal xulqli bo'lib tarbiya topishini faqatgina onaga bog'lab qo'yish to'g'ri emas. Bu borada otaning ham o'rni beqiyos. Agar ota solih bo'lsa, farzandlar ham uning ketidan ergashadi va hayotda doim otaning yaxshiligi farzandlarga kuch-quvvat bo'ladi. Agar ota dunyodan o'tsa ham, ularga manfaati to'xtamaydi.
Farzandlarning atrofidagi insonlar uyda bo‘lsin, xoh ko‘chada, xoh maktabda unga namuna vazifasini bajaradilar.
Ota-ona bolaning vaqtini to‘la qamrab oladigan zarur va manfaatli mashg‘ulotlarni tayyorlashi kerak va ana o‘sha mashg‘ulotlar bolaning ongini rivojlantiruvchi bo‘lishi shart.
Bolaning tarbiyasida jamiyat nasihat qiluvchi, to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatuvchi va taraqqiy ettiruvchi vazifasini egallab kelgan.
Farzandlarimiz go‘zal xulqli inson bo‘lishini, nafaqat o‘zimizga balki ortimizdan boshqalarga ham ko‘z quvonch bo‘lib, bizga rahmat eshittirib yurishini xohlaymizmi? Unda ularga, albatta, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni tanitaylik!
Farzandlarimiz ayniqsa, ularga suyanib qolganimizda haqiqiy tirgak bo‘lishlari uchun sunnat bilan sug‘orilgan bo‘lishlari shart. Yo‘qsa, keksayganda ana o‘sha farzandidan dili og‘rigan, ko‘zi yoshlangan insonlarning biriga aylanib qolishimiz mumkin. Bunday bo‘lishidan hammamizni Alloh asrasin!
Allohim hammalarimizga ahli ayol va bola-chaqalarimizdan ko‘z quvonchini ato etsin!
Ta'lim muassasasi o'qituvchisi M.Bozorova
Izoh qoldirish