08.05.2023

Poklik iymondandir

Bismillahir rohmanir rohiym.

Poklik va ozodalik islom me'yorlarining bosh ustunidir. Zero, islom din haq va pok dindir. Barcha axloq va odobning ko'rinishlari tozalik asosida barpo bo'ladi. Ayniqsa, oshxona odoblari va tozaligi e'tiborga loyiq bo'lgan nafis va asosiy tamoyildir. Chunki insonning har luqmasi uning tanasiga singadi va ibodatlariga kuch bo'ladi. Shuning uchun ham bu estetikalarga mo'mina ayollar alohida e'tibor qaratmoqlari lozim, shu jumladan, farzandlariga yoshlik chog'idan o'rgatib borishlari afzaldir.

Va quyida oshxona odoblari bilan tanishamiz, in shaa Alloh. Ayollar oshxonada taom tayyorlaganda boshlari yopiq ya'ni ro'mollari tashlangan bo'lmog'i, qo'llarini yuvib olmoqliklari zarurdir. Tasavvuf ulamolari tahoratli holda taom tayyorlab, har ishni zikr bilan qilmoqlik kerakligini ta'kidlaydilar. Chunki zikr ila tayyorlangan taomlar inson tanasiga singib ketganida ham unga xotirjamlikni beradi. So'ng oshxonada hech qachon idishlar va jihozlar chang bo'lib qolmasligi lozim. Uni haftada bir marta jumladan, jum'a kunidan oldin tozalab qo'yishlari yaxshi hisoblanadi. Idishlar har qanday holatda yuvuqsiz holda turmasligi lozim, bu o'sha xonadondan barakani yo'qotadi.

Shuningdek, uy bekalar dasturxon odoblari va mehmon kutish qoidalariga ham e'tiborlarini qaratmoqlari lozim:
•Mehmonni uni kamroq bezovta qiladigan joyga o'tkazmoq;
• Ularga yaxshi kayfiyat va do'stona munosabatda bo'lmoq;
• Iloji boricha mehmonlari urf-odatlariga qarab jihozlarni tanlamoq, masalan, xontaxtaga o'tirishga ko'nikkan insonlarga shunday jihozlar dasturxon tuzamoq.

Endi uy bekalari uchun ba'zi bir nozik masalalarni ham bayon qilamiz:
• Uy bekasi stolning pastrog'ida ya'ni ba'zida oshxonadan xabar olish uchun qulay joyda o'tirmoqligi;
• Ovqatni uzatayotganda uy bekasining o'ng tomonidagi insonlardan boshlab uzatishi;
• Mehmonlar kelganda vaqtini ko'p oshxonada o'tkazmasligi lozim, oldindan tayyorgarlik ko'rib, mehmonlari oldida o'tirmog'i darkor;
• Idishlarni yuvishni ham keyingi qo'yishi lozim;
• Dasturxonaga tuz, pichoq, sochiq, tish kavlagich kabi narsalar qo'yilganiga ahamiyat berishlari lozim.

Dasturxonni chiroyli tarzda bezamoq ham ayolning didli, nazokatli va e'tiborligi ekanligini ko'rsatadi. Dasturxon did bilan bezatilgan va o'tiradigan joy qulay bo'lsagina ovqatdan lazzat topa olish mumkin. Yozilgan dasturxon doimo ozoda bo'lishi kerak. Idishlarni qo'yishda ularning rangi va bezaklari dasturxonga mos tushishiga ham e'tibor berish lozim. Qoshiqlarning botiq tomoni yuqoriga qaratib qo'yiladi. Likopchaning orqasidagi sho'rva qoshig'i bilan desert qoshiq stol chetiga parallel turadi. Har xil meva suvi va ichimliklar uchun maxsus tor stakanlar  qo'yiladi. Taomlarning xilma-xilligi qarab likopchalarga qo'yiladi, iloji boricha turli xil shakldagi likopchalardan foydalaniladi, shunga qarab maxsus oshxona jihozlari qo'yiladi. Stakan, pichoq, sanchqilarning tozalaigiga dog'i yo'qligiga alohida e'tibor qaratiladi.

Zikr etilgan odoblar va estetikalardan uy bekalari kunlik dasturxon tuzashda ham foydalanishlari afzaldir. Bu oila a'zolariga ham qulaylik tug'diradi, kayfiyatni ko'taradi. Eng asosiysi, uy bekasiga nisbatan alohida hurmatni uyg'onishiga ham sabab bo'ladi.

 

Ta'lim muassasasi o'qituvchisi                              A.Jamilova

Izoh qoldirish