27.02.2023

Uyquning turlari

Mas’ud ibn Mahmud ibn Yusuf as-Samarqandiy o`zlarining "Saloti Mas’udiy" asarida uyquning turlari haqida quyidagi turga bo`lganlar. Ular:

1. Sunnat uyqu. Oftob ko‘tarilib, to peshin namozigacha bo‘ladigan oraliqdagi bu uyqu “qaylula” deyiladi. U aqlni ko‘paytiradi.

2. Bid’at uyqu. Peshin namozi vaqtidagi uyqu.

3. Telbalikka sabab bo‘ladigan uyqu. Bu asr namozidan keyingi uyqu bo`lib devonalik, parishonxotirlik va telbalikka sabab bo‘ladi.

4. Uqubatga sabab bo‘ladigan uyqu. Kishi xufton namozini o‘qimasdan uxlasa, bu dunyoda ham, oxiratda ham azob-uqubatga qoladi. 

5. Odatiy uyqu. Xufton namozidan keyingi bo`ladigan odatiy uyqu. 

Bu uyquni ulamolar muboh- savob ham gunoh ham bo`lmaydigan uyqu deganlar. Eng foydali vaqti kechki 22:00 dan 24:00 gacha bo`lgani tajribalardan bilingan. Tungi 24:00 gacha bo`lgan uyquning har bir soati 24:00 dan keyingi ikki soat uyqu quvvatiga teng. 

6. Nadomatga sabab bo‘ladigan uyqu. Tongotar vaqtida uxlash. Shuningdek, ilmiy majlis bo‘layotgan vaqtida uxlash ham nadomatga sabab bo‘ladi. 

7. G‘aflat uyqu. Tong otayotganida uxlab yotish. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) qizlari Fotima (roziyallohu anho) ga: “Tongda uxlab yotmagin, chunki bu vaqtda uch narsa: yaxshilik, odob va baraka taqsimlanadi”, dedilar. Kim tong otayotganida uxlab yotsa, shu uch narsadan quruq qoladi.

8. Faqirlikka sabab bo‘ladigan uyqu. Bomdoddan keyin kun chiqquncha uxlab yotish kambag‘allikka, devonalikka, qarzdorlikka sabab bo‘ladi. 

9. G‘aromat (ziyon) uyqu. Kishining ibodatdan so‘ng duoda, sanoda, salovatda, qiroatda ko‘zi ketib qolsa, g‘aromat uyqu sanaladi.

10. Rohat uyqu. Kasal va go‘daklarning uyqusi. Ular qancha ko‘p uxlasa, foyda va rohat olishadi. 

11. Ibodat uyqu. Olimlar, obidlar va ro‘zadorlarning uyqusi. Kishi xufton namozidan so‘ng tahoratli uxlasa, farishtalar himoyasida bo‘ladi.

12. Karomat uyqu. Tunda namoz o‘qib turib, charchab sajdada uxlab qolish".

Ko`p uyqu ham insonga foyda emas, zarar qiladi. Asalning ham ko`pi zarar deganlaridek, uyquning ko`pi ham organizmga salbiy ta`sir ko`rsatadi.  Olimlarning fikricha, keragidan ortiq uxlash turli muammolarga — semirish, tushkunlik, yurak xastaliklari va boshqa noxushliklarga sabab bo`lar ekan.

“Jo‘ybori Kalon” ayol qizlar 
o‘rta-maxsus islom ta’lim muassasasi
o'qituvchisi M.Mirzayeva

Izoh qoldirish