06.01.2023

UMRA IBODATIDAN QAYTGAN ZIYORATCHINI KUTIB OLISHDAGI XUROFOTLARGA MUNOSABAT

Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda umra ziyoratini ado etib kelgan ayolni kutib olishda uning qadami ostiga sholchalar, kiyimlar to‘shalgani, yosh bolani ziyoratchining oyog‘i ostiga bostirilishi aks etgan videolavha ko‘pchilikning haqli eʼtiroziga sabab bo‘ldi.
 

Haqiqatda umra ibodatiga borib kelayotgan ayrim ziyoratchilar va ularning yaqinlari bilgan yoki bilmagan holda riyokorlikka yo‘l qo‘yishi kuzatilmoqda. Baʼzi hollarda umra safaridan kelganlarni dabdaba-yu asʼasa ila kutib olish, ko‘cha boshidan payondozlar solish holati ko‘paymoqda. Bu kabilar dinimizga mutlaqo zid bo‘lib, unday ishlarni qilayotganlar o‘ta johil va nodon kishilardir. Ehtimol, bu ishlari bilan ular o‘zlarining Allohning baytiga bo‘lgan ehtiromlarini yoki uni tavof qilib kelgan kishiga nisbatan hurmatlarini ifodalamoqchidirlar. Lekin, ibodatga hurmat-ehtirom bu tarzda namoyon qilinmaydi. Aksincha, bu riyokorlik va og‘ir gunoh.

Aslida, dinimizda ibodatni odamlarning ko‘zidan yashirishga, ko‘z-ko‘z qilmaslikka buyuriladi. Riyokorlik – odamlar ko‘rishi uchun bir ishni qilish. Chunki undan Allohning roziligi emas, balki bandalarning ko‘rishi nazarda tutilgan bo‘ladi. Musulmon kishi har bir ishni qilishda Alloh taoloning roziligini qasd qilishi lozim. Agarda kishi bir amalga “odamlar meni ko‘rib qo‘ysin”, degan qasd bilan kirishsa, shu amali bekorga ketib, ustiga-ustak gunohkor ham bo‘ladi.

Imom Shamsuddin Zahabiy “Al-Kaboir” nomli kitobida: “Riyokorlar Qiyomat kunida to‘rtta nom bilan chaqiriladi: “Ey riyokor!”, “Ey xiyonatkor!”, “Ey fojir!”, “Ey ziyonkor!”. Kim uchun amal qilgan bo‘lsang, o‘shandan ajr-mukofotingni ol. Bizning huzurimizda sen uchun ajr yo‘q”, deyiladi”, deb bayon etilgan.

Shunday ekan, dabdabali marosimlar uchun qiladigan sarf-xarajatlarni tejab, yon-atrofimizdagi muhtoj kishilarga bersak, farzandlarimizning talim olishi yo‘lida sarflasak, ibodat qabul bo‘lishi uchun bir vasila bo‘lar edi, insha Alloh.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Fatvo markazi

Manba muslim.uz

 

 

Izoh qoldirish