10.11.2022

Hanafiy mazhabida riboning zararari

 

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamga mukammal  durudu salovotlar bo‘lsin.

Islom johiliyatidagi nomaqbul ishlardan hech biriga riboga qarshi o’t ochgandek, o’t ochilmagan. Alloh Taolo Qur’oni Karimda bu haqda bir qancha oyatlar keltirgan. 

ٱلَّذِينَ يَأۡكُلُونَ ٱلرِّبَوٰاْ لَا يَقُومُونَ إِلَّا كَمَا يَقُومُ ٱلَّذِي يَتَخَبَّطُهُ ٱلشَّيۡطَٰنُ مِنَ ٱلۡمَسِّۚ ذَٰلِكَ بِأَنَّهُمۡ قَالُوٓاْ إِنَّمَا ٱلۡبَيۡعُ مِثۡلُ ٱلرِّبَوٰاْۗ وَأَحَلَّ ٱللَّهُ ٱلۡبَيۡعَ وَحَرَّمَ ٱلرِّبَوٰاْۚ فَمَن جَآءَهُۥ مَوۡعِظَةٞ مِّن رَّبِّهِۦ فَٱنتَهَىٰ فَلَهُۥ مَا سَلَفَ وَأَمۡرُهُۥٓ إِلَى ٱللَّهِۖ وَمَنۡ عَادَ فَأُوْلَٰٓئِكَ أَصۡحَٰبُ ٱلنَّارِۖ هُمۡ فِيهَا خَٰلِدُون

Riboni yeydiganlar (qabrlaridan) faqat shayton urib, jinni bo‘lgan kishidek dovdirab turarlar. Bunday bo‘lishi ularning, tijorat ham riboga o‘xshash-da, deganlari uchundir. Va holbuki, Alloh tijoratni halol, riboni harom qilgan. Kimki Robbidan mav’iza kelganda to‘xtasa, avval o‘tgani o‘ziga va uning ishi Allohning O‘ziga havola. Kimki, yana (riboga) qaytsa, ana o‘shalar do‘zax egalaridir. Ular unda abadiy qolurlar.(Baqara surasi 275-oyat)

Yuqoridagi oyatdan ko’rishimiz mumkinki dinimizda riboga berilganlar uchun qattiq ta’qiq berildi va riboxo’rlar uchun jazo ham tayin qilingan.

Shu o‘rinda ribo haqida batafsilroq to‘xtalib o‘tsak. «Ribo» lug‘atda «ziyoda» degan ma’noni anglatadi. Shariatda esa molni molga almashtirishda ikki aqd qiluvchidan biriga keladigan evazsiz ortiqcha mol ribodir.

Abu Juhayfa roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam itning bahosidan, xol qo’yuvchilik bahosidan va xol qo’yishdan, ribo yeyishdan va berishdan nahyu qildilar. Va suvratchini la’natladilar”. (Buxoriy rivoyat qilgan)

Jobir rizayallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam riboxo’rni, uni yediruvchisini, kotibini va ikki shohidini la’natladilar va ular barobardirlar”,– dedilar”. (Muslim, Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilgan)Ushbu hadisdan ribo qanchalik harom qilingan narsa ekanligini yana ham aniqroq anglashimiz mumkin. Unga aralashgan har bir kishi Allohning la’natiga qolishini ham bilib olamiz. Bir inson nochor bo‘lib, ish yuritishga, oila boqishga sarmoyasi qolmay, puldor kishining oldiga hojatini aytib borsa, unga sadaqa yoki yaxshi qarz berish o‘rniga sudxo‘rlik yuzasidan muomala qiladi. Ya’ni «Men senga ma’lum muddatga, ma’lum miqdor pul beraman. Sen bu pulni buncha foizga ko‘paytirib berasan», deydi. Agar tayinlangan muddatdan kech qolsa, yana ustiga foiz qo‘shiladi va hokazo. Shu kabi holatlarda bir toifa odamlar boshqalarning nochor holidan mehnatsiz boylik orttirish uchun foydalangan hisoblanadi. 

Riboxo‘rlik bor jamiyatda nohaqlik, iqtisodiy zulm avjiga chiqadi. Oqibatda mol-mulk bir guruh sudxo‘rlarning qo‘liga o‘tib qolib, jamiyat ularning xohishiga binoan yashashga majbur bo‘ladi. Bu kabi illatlardan o’zimizni soqit qilish har birimizning oldimizda turgan muhim vazifalardan bo’lib sanaladi. 

Alloh taolo barchamizni haq yo’ldan adashtirmasin, ilmu boamallardan qilsin.Amin Robbil a’lamin.

Ta’lim muassasasi ARM bo’limi xodimasi                             M.Baxshilloyeva

 

 

 

Izoh qoldirish