28.10.2022

IMOM MOTURIDIYNING TUTGAN O‘RNI

IMOM MOTURIDIYNING TUTGAN O‘RNI 

Abu Mansur Moturidiyning aqidaviy qarashlarini o‘rganib, uni keng jamoatchilikka targ‘ib etish bugungi globallashuv sharoitida yuzaga kelgan ko‘plab aqidaparast oqimlarga qarshi kurashda muhim ahamiyat kasb etadi. Imom Moturidiy boshchiligidagi olimlar moturidiylik ta’limotini rivojlantirish yo‘lida salmoqli xizmat qilganlar. Hozirda Imom Moturidiy va moturidiylik haqida ko‘plab kitob, maqola, magistrlik, doktorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Zero, Imom Moturidiy hayotini atroflicha o‘rganish, uning fiqh, aqida va tasavvuf fanlariga aloqador jihatlarini ochib berish bugungi kunning dolzarb vazifalaridandir.

Abu Mansur Moturidiy hayoti va ijodiga oid manbalar Abul Yusur Pazdaviy (493/1100)ning “Usulud din” (Din asoslari), Abul Muin Nasafiy (508/1114)ning “Tabsiratul adilla” (Dalillarni yoritish), Ibn Fazlulloh Umariy (749/1348) ning “Masolikul absor fi mamalikil amsor”,

Abdulqodir ibn Abul Vafo Qurashiy (775/1373)ning “Al-Javharatul muziya fi tabaqotil hanafiya”, Ibn Qutlubg‘o (879/1474)ning “Tojut tarojim”, Muhammad Murtazo Zabidiy (1205/1791)ning “Ithofus sodatil muttaqin bi sharhi ihyoi ulumid din” va Muhammad Abdulhay Laknaviy (1304/1887)ning “Al-Favoidul bahiya fi tarojimil hanafiya” asarlarida uchraydi. Shuningdek, zamonaviy tadqiqotchilardan Abdulmalik Sa’diy, Shovosil Ziyodov, Saidmuxtor Oqilov, Sunmaz Kutlu, Hamza Bakriy, Ahmad Sa’d Damanhuriy, Bilqosim G’oliy kabi mutaxassislar mavzu doirasida risola va ilmiy ishlar nashr qilganlar.

Imom Moturidiyning to‘liq ismi manbalarda Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud Abu Mansur Moturidiy Samarqandiy (333/944) deb qayd qilingan. Aksariyat manbalarda olimga quyidagi laqab va unvonlar berilgani kuzatiladi: “Dinning atoqli shaxslaridan biri, musulmonlarning shayxi, imom, sunnatning qilichi, adashgan va bid’atchi toifalarni tag tomiri bilan qo‘parib tashlovchi, islom shayxi, zohid, hidoyat imomi, hidoyat bayrog‘i imomi, hidoyat va din imomi, millat tayanchi, ummatni hidoyatga yo‘llovchi, Samarqand shayxlarining raisi, hanafiy shayxlari raisi, mutakallimlar imomi, musulmonlar e’tiqodini tuzatuvchisi, ahli sunna val jamoa raisi, sunnat nusratchisi, shariatni jonlantiruvchisi, musulmonlar e’tiqodini mustahkamlovchisi”. Bular orasida Imom Moturidiyning “hidoyat imomi” va “hidoyat bayrog‘i” degan laqablari eng mashhuri hisoblanadi. Imom Moturidiyning tavalludiga doir ma’lmotlar tabaqot va tarojim yo‘nalishidagi biror manbada ko‘rsatilmagan. Lekin, olimning ustoz va yaqinlarining vafot etgan sanasiga qarab, uni taxminiy tavallud yilini belgilash mumkin. Jumladan, uning shayxlari Muqotil Roziy (vaf.248/862), Nusayr ibn Yahyo Balxiy (vaf. 268/882) va Muhammad ibn Aslam Azdiy (vaf. 268/882)larning vafotiga qarab taxminiy tarzda Imom Moturidiy 230/845 yoki 240/854 yillar atrofida tavallud topgan, deyish o‘rinli bo‘ladi. U yashagan davrga kelib (IX asrning oxiri – X asrning birinchi yarmi) Movarounnahrda to‘g‘ri yo‘ldan adashgan turli guruh va firqalar ko‘payib, ularning aksariyati imon-e’tiqod masalalari bo‘yicha bahsu munozaralar tufayli vujudga kelgan edi. Mana shunday murakkab sharoitda alloma Abu Mansur Moturidiy yetishib chiqdi va ularning noto‘g‘ri fikrlariga asosli raddiyalar berdi. U hanafiy mazhabi asoschisi Abu Hanifaning (699–767) ta’limotiga suyangan holda o‘ziga xos kalom maktabini yaratdi. U asos solgan moturidiylik ta’limoti keyinchalik Samarqand kalom maktabi doirasidan chiqib, butun islom olamiga tarqaldi va sunniylikdagi ikki yirik maktabning biri (boshqasi – ash’ariya) sifatida tanildi.

Imom Moturidiyning oilasi, qarindoshlari va farzandlari haqida biror manbada ma’lumotlar uchramaydi. Shuningdek, olimga nisbatan “Abu Mansur” deyilishi ham uning “Mansur” ismli o‘g‘li bo‘lganini ham ifodalamaydi. Chunki, olimning o‘zi “Ta’vilotul Qur’on”ning “Masad” surasida: “O‘g‘il ko‘rsam ismini Mansur qo‘yaman” degan. Shundan kelib chiqib, olim o‘zini “Abu Mansur” deb kunyalagan bo‘lishi mumkin. Zero, Imom Moturidiy “Masad” surasini tolibi ilmlarga sharhlayotganda 60 yosh atrofida bo‘lgan. Sam’oniy o‘zining “al-Ansob” asarida Imom Moturidiyning qizi borligini ta’kidlab, u Abulhasan Ali bin Hasanning onasi bo‘lganini ta’kidlagan. Bu ma’lumotni Abdulqodir Qurashiyning “Al-Javharatul muziya fi tabaqotil hanafiya” asarida kelgan quyidagi ma’lumot ham qo‘llab-quvvatlaydi: “Qozi Abul Hasan shayx Abu Mansur Moturidiyning nabirasi bo‘lib, u birinchi ta’limni ona tomonidan bobosidan olgan”. 

Imom Moturidiy aqida sohasida Abu Hanifaning tom ma’nodagi izdoshi hisoblanadi. Jumladan, “Ishoratul marom” asarining sohibi Bayoziy, Muhammad Zohid Kavsariy va Muhammad Abu Zahralar ayni u ma’noni ta’kidlaganlar. Jumladan, Abu Zahra “Tarixul mazahibil islamiya” asarida shunday degan: “Abu Hanifadan naql qilingan rivoyatlar bilan Abu Mansur Moturidiy qaror qilgan aqidaviy mavzularni o‘zaro bir-biriga taqqoslab ko‘rilsa, har ikkisining ildizi bir manbaga borib taqalishi ayon bo‘ladi. Shuning uchun Abu Hanifaning aqidaviy qarashlari qonun-qoidalar majmuasi bo‘lib, Imom Moturidiyning maktabi shu asosda shakllangan, deyiladi. Iroq va unga yaqin hududlardagi ulamolar furu’l fiqh masalasida Abu Hanifaga ergashgan bo‘lsalar, aqidaviy masalada ash’ariylarga tayanganlar. Lekin, movarounnahrlik olimlar furu’l fiqh hamda aqida ilmida Abu Hanifaning maslagini tutganlar”. umladan, olim o‘zining “Ta’vilot ul Qur’on” asarida adashgan firqalarning so‘zlarini keltirib, ularni tahlil qilgani va raddiya bergani kuzatiladi. Muallif o‘z tafsirida zamonasidagi mo‘‘taziliylik, xorijiylik, karromiylik, jabariylik kabi oqimlarni zikr etib, ularga munosib tarzda aqliy raddiyalar bergan. Jumladan, mu’taziliylardan bo‘lgan Ja’far ibn Harb va Abu Bakr Asomlarning “Mulk” surasidagi “(Axir) yaratgan zot (O‘zi yaratgan narsalarini) bilmaydimi?!”

(14-) oyatidagi “man” – “kim” so‘zidan Alloh taolo emas, maxluqotlar tushuniladi”, degan qarashlariga aqliy dalillar orqali raddiyalar bergan. Jumladan, Ja’far ibn Harb, Abu Bakr Asomlar bandalarning kasbiy fe’llari yaratilmagan degan g‘oyani o‘rtaga tashlashga urinishsa, Imom Moturidiy ularga qarshi ahli sunna val jamoa ta’limotini qo‘llab-quvvatlab bandalarning fe’lini ham maxluqligini isbotlagan. Bayoziy “Ishoratul marom” asarida qayd qilishicha, Imom Moturidiy Abu Hanifaning “Al-Absat”, “Ar-Risola”, “Al-Olim val muta’allim”, “Al-Vasiya” va “Al-Fiqhul Akbar” kitoblarini o‘zining Abu Bakr Ahmad ibn Ishoq Juzjoniy va Abu Nasr Ahmad ibn Iyodiylardan qabul qilib olgan.

 

Abdullatif ALLOQULOV,

Tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori

Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bo‘lim boshlig‘i

Izoh qoldirish