MOTURIDIYLIK TA’LIMOTINING JAMIYAT MA’NAVIY TARAQQIYOTIDAGI O‘RNI VA AHAMIYATI
MOTURIDIYLIK TA’LIMOTINING JAMIYAT MA’NAVIY TARAQQIYOTIDAGI O‘RNI VA AHAMIYATI
Islomning keng tarqalishi katta hududlarda ilgaridan mavjud huquqiy me’yorlarning islomlashtirilishini taqozo etgan. Chunki islomning yangi hududlarga yoyilishi bilan u yoki bu tarzda yangi diniy e’tiqodlar, yangi madaniyatlar, odatlarga duch kelingan.
Islom dinining yoyilishi uning boshqa dinlar bilan ro‘para bo‘lishiga olib keldi. Bu hol, o‘zi bilan birga yangi masalalar, talablarni yuzaga chiqardi. Musulmonlar yangi siyosiy tizimga asoslangan o‘z hokimiyatlarini yoyar ekanlar, turli odatlar va an’analarga ega xalqlar bilan murakkab munosabatlarga kirishdilar. Ular qarshisida islomga yangi xalqlarning kirishi orqali yuzaga kelgan muammolar ko‘ndalang bo‘la boshladi. Madaniyati yuksakroq bo‘lgan xalqlarning mantiqiy savollariga qoniqarli javob topish, o‘z dinlarining boshqa dinlardan afzalligini ko‘rsatishda muqaddas kitoblar bilan kifoyalanibgina qolmay, shu bilan birga, mantiqiy jihatdan isbot qilish hayot-mamot masalasiga aylandi. Bu, o‘z navbatida, yangi g‘oya va yo‘llarning paydo bo‘lishiga olib kelishi ravshan edi.
Ikkinchi tomondan esa, mavjud siyosiy tuzum ichidagi beqarorlikni bartaraf etish, musulmonlarning turli firqalarga bo‘linib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik zarurati ulamolarni yangi izlanishlarga majbur qildi. Ushbu omillar islomning fikrlovchi doiralarida kalom bahslarining paydo bo‘lishiga zamin tayyorladi. Bahs yuritishning o‘ziga xos tartib-koidalari bo‘lgan. Bunday “hujum-himoya” ko‘rinishidagi bahs usuli, yahudiylar, nasroniylar va moniylar o‘rtasida qadimdan davom etib kelayotgan munozaralarning eng ommaviysi edi. Islomda “kalom” yo‘nalishiga asos bo‘lgan bunday bahslarni olib boruvchilarga nisbatan “mutakallimin”, ya’ni “so‘zlashuvchilar” atamasi qo‘llanila boshladi.
Kalom, shu tariqa, o‘z taraqqiyoti davomida shariat ilmining tarkibiy qismiga aylandi. Shar’iy asosdagi “kalom” yo‘nalishi to‘lig‘icha Abu Mansur Moturidiyning ta’limotidan boshlanadi.
Jahon ilm-ma’rifatiga buyuk ulush qo‘shgan Abu Mansur Moturidiyning hayoti Samarqandda rivojlangan ilohiyot ilmining ikkinchi davriga to‘g‘ri keladi. Imom Moturidiy o‘z maktab an’analari va ilmiy asarlari bilan Movarounnahr islom ilohiyoti maktabining rivojlanishiga katta hissa qo‘shadi.
Abu Mansur Moturidiy Ahli sunna va jamoa e’tiqodida shakllangan ta’limotning asoschisi, buyuk kalom imomi va fiqh olimi bo‘lib, u dastlabki bilimni Samarqanddagi “Iyodiy” madrasasida ta’lim oladi. Moturidiy Abu Bakr Ahmad Juzjoniy, Abu Nasr Ahmad Iyodiy, Imomi A’zam mazhabidagi buyuk olim Nasr ibn Yahyo Balxiy, Muhammad ibn Fazl kabilarni o‘zining ustozi deb biladi.
Abu Mansur Moturidiy umri davomida faqihlar, muhaddislar bilan muloqotda bo‘lgan va munozaralar olib borgan. U islom dinining hanafiy mazhabini Movarounnahrda tarqatish va o‘zidan keyingi avlodlarga qusursiz yetkazish ishida munosib ulishi bor. Jumladan, Moturidiy hanafiylikning Movarounnahr xalqlari urf-odatlariga ta’sirini o‘z qarashlari orqali ko‘rsatib berdi.
Imom Moturidiy o‘z davrining islomiy ilmlari sohasida eng yetuk bilim sohibi hisoblanib, musulmon dunyosi olimlari tomonidan tan olingan va hozirda ham turli diniy asarlarda zo‘r ehtirom bilan tilga olinadi. Jumladan, zamondoshlari Abu Mansur Moturidiyni ulug‘lab “Imom al-huda” va “Imom al-mutakallimin”, “Hidoyat yo‘li imomi va mutakallimlar imomi” kabi nomlar bilan ham ataganlar.
Moturidiy o‘z ta’limotini an’analarini va ilmiy asarlari bilanMovarounnahr ilohiyot maktabi rivojlanishiga katta ulush qo‘shdi. Ilohiyot ilmlari to‘la shakllanib kamol topishiga xizmat qildi. Ularni qayta ishlab chiqib, ma’lum tizimga solishdek bir ishni amalga oshirdi va hanafiy talimotini O‘rta Osiyo xalqlarining urf-odatlari bilan bog‘liqligini o‘z qarashlari orqali ko‘rsatib berdi. Uning ta’limoti islom dinida ikki buyuk aqidaviy yo‘nalishdan biri sifatida taniladi.
Ilmi kalomda yuksak martabalarga ko‘tarilib, o‘z davrining tengsiz shayxi bo‘lib tanilgan imom Motirudiyning shogirdlarini xalq tilida “moturidiylar” deb atashgan. Shuningdek, Imom Moturidiy alohida bir mazhab tuzgan emas. Balki, Imomi A’zam Abu Hanifaning aqoidga oid fatvo va talimotlarini ta’lim bergan, atrofga yoygan. Hatto u kishining o‘zi ham, furu’otda hanafiy mazhabiga tobe bo‘lganlar. Kitoblarda “Moturidiy mazhabi” yoki “moturidiylar” degan atamalar uchrab tursa-da, buni alohida bir mazhab deb tushunish to‘g‘ri emas. Balki, Abu Hanifaning usuli din sohasidagi ta’limotini Imom Moturidiydan o‘rgangan va unga amal qilgan hanafiylar, deb tushunish kerak.
Mashhur turk olimi Toshko‘prozodaning ta’kidlashicha: Ahli-sunna val jamoda kalom ilmi raislari ikki kishi bo‘lib, ulardan biri Hanafiy ikkinchisi Shofi’iydir. Hanafiy Abu Mansur al-Moturidiy, Shofi’iy esa Abul Hasan Ash’ariydir”. Har ikkala imom bir-birlarini ko‘rmagan bo‘lsalar-da ularning moturidiya va ash’ariya ta’limotlari birbiriga juda ham yaqin bo‘lgan. Natijada ushbu o‘zaro yaqinlik, oralaridagi ittifoq va kelishuvni vujudga keltiradi. Ammo Moturidiy Ash’ariydan farqli o‘laroq, inson o‘z amalida erkinligini qayta-qayta e’tirof etadi. Bundan (erkinlikdan A.Q.) inson ko‘ngliga kelgan ishni qilishi kerak, degan qarash kelib chiqmaydi. Abu Mansur Moturidiy har bir insonning taqdiri Alloh tomondan belgilab qo‘yilganligiga qaramay, u (inson) o‘z xatti-harakatlari uchun javobgardir, deb biladi.
Ma’lumki, musulmon Sharqida barcha yetuk allomalar fiqh, hadis, tafsir va boshqa islom ilmlarini o‘sha davrda islom markazlari bo‘lgan Bog‘dod, Damashq, Kufa kabi yirik shaharlarda o‘rganishgan. Shuningdek, ilohiyot, ya’ni, islom falsafasi bo‘yicha ilm olish Buxoro, Samarqand va Xorazm kabi O’rta Osiyo shaharlarida amalga oshirilgan. Shu sababli ham bu o‘lkada buyuk tasavvuf allomalari yetishib chiqqan.
Imom Moturidiy ta’limoti mo‘taziliylar kabi faqat aqlga suyanish emas, balki aql bilan naqlni qo‘shib foydalanishni zarur deb o‘rgatadi. Aqida borasidagi uning qo‘shgan yana bir ulkan hissasi shuki o‘sha davrlarda juda ko‘plab firqalar e’tiqod borasida o‘z fikrlari bilan musulmon ahlini turli yo‘llarga boshlaganlar. Imom Moturidiy shunga chek qo‘yishda va bu o‘lkada yagona aqida tizimini o‘rnatishda ulkan hissa qo‘shgan. U barcha aqida borasidagi bahsli mavzularni har bir firqaga dalillar asosida isbotlab berdi. Buning natijasida turli xildagi mayda oqimlarning ko‘payib ketishining oldi olindi. Imom Moturidiy rahmatullohi alayh fiqhda imom Abu Hanifa rahmatullohi alayh mazhablarida bo‘lganidek, aqidada ham u zotga ergashgan.
Imom Moturidiy o‘z davrining islomiy ilmlari sohasida eng yetuk bilim sohibi hisoblanib, musulmon dunyosi olimlari tomonidan tan olingan va hozirgi kunda ham turli diniy asarlarda uning nomi zo‘r ehtirom bilan tilga olinadi.
X asrning birinchi yarmida O‘rta Osiyoda, jumladan yurtimizda qarmatiylar oqimining ta’siri kuchayganini ko‘rish mumkin. Ularning asosiy kuchi dehqonlar, hunarmandlar, badaviylardan tashkil topgan bo‘lib, ushbu firqa tuzog‘iga asta-sekin shaharlik savdogarlar, amaldorlar, saroy a’yonlari ilina boshlab, ularning tarafdorlariga aylana borganlar. Bu esa abbosiylar hukmronligi ostida yashagan xalqlar arablar, forslar, turklar, yaxudiylar, nasorolardan tashkil topgan xilma-xillik o‘sha davrda bugungi kunda millatchilik deb ataladiganga o‘xshash salbiy holatni yuzaga keltiradi. Xususan, arablar o‘z irqiga, forslar o‘z irqiga, turkiy xalqlar o‘z irqiga mutaasiblik qilishga o‘tdilar. Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari ta’kidlashlaricha, Moturidiy yashagan davrda zindiqlik (ateizm, dinga ishonmaslik, xudosizlik) paydo bo‘lgan va ular shu yo‘l bilan musulmonlarga ziyon yetkazmoqchi bo‘lishgan. Shunday bo‘lsa-da, abbosiylar zindiqlik harakatiga qarshi atroflicha kurash olib borishgan. Xalifalar, olimlarni zindiqlarni tarbiyalash maqsadida ularga qarshi kitoblar yozishga, ular o‘rtasida tushuntirishlar va munozaralar olib borishga, raddiyalar berishga chaqirganlar. Ana shunday murakkab davrda Samarqandda Imom Moturidiy va shogirdi Imom Abul Qosim al-Hakim as-Samarqandiylar boshliq ahli sunna ulamolarining ilmiy faoliyati va jasoratlari tufayli qarmatiylarga qarshi xalq noroziligi ko‘tariladi. O‘zlarining ilmu-ma’rifatlari, chuqur va teran tafakkurlari bilan jaholatni yengishga harakat qiladilar. Shu tariqa, sof islomiy aqidani saqlab qolish uchun o‘zlarining bor salohiyatlari va kuch quvvatlarini ayamadilar. Shuni alohida ta’kidlash joizki, ular Qur’oni karim va Sunnat ta’limotlari asosida hamda Muhammad (s.a.v) sahobalari uslubida aqida masalalarini yorita boshladilar. Ular fiqhiy mazhabda ahli sunna val jamoa sifatida islom olami tan olgan hanafiylar, shofi’iylar, molikiylar va hanbaliylar e’tiqodiy mazhabda esa moturidiya va ash’ariya kalom maktablariga asos soldilar. Xususan, musulmonlarni tarqoqlikka olib keluvchi aqidaviy oqimlarga qarshi shu muqaddas kurashda Abu Mansur Moturidiy rahmatullohi alayhi birinchilar safida bo‘ldilar.
Xulosa qilib aytish mumkinki, bugungi kunda Imom Abu Mansur Moturidiyning ta’limotini o‘rganish yoshlarning axloqiy va ma’naviy tarbiyasida hamda diniy ilmsizlikning oldini olishda katta ahamiyat kasb etadi. Bu xayrli ish tufayli buyuk Imom Moturidiyning islom, iymon, din-diyonat, Vatan va butun insoniyat oldidagi xizmatlarini tushunib yetamiz va qadrlaymiz.
Tolibjon Nizomov,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tayanch doktoranti
Izoh qoldirish