04.10.2022

Yerdan nur taralgan zamin allomasi – Abu Hafs Kabir

Yerdan nur taralgan zamin allomasi – Abu Hafs Kabir

Butun islom olamida o‘zining benazir mavqeiga ega bo‘lgan ulug‘ fiqhshunos, ilohiyotshunos, buyuk muhaddis, ulamolar sultoni, Imom Buxoriyning zamondoshi va ustozi bo‘lgan, Buxoroni “Qubbat ul-islom” etgan alloma manbalarda to‘liq ism va kunyalari Abu Hafs Ahmad ibn Hafs ibn Zibarqon ibn Abdulloh ibn Bahr al-Kabir al-Ijliy al-Buxoriy al-Faqih al-Hanafiy deb zikr etilgan Abu Hafs Kabir Buxoriy hazratlari bo‘ladilar.

Shuningdek Abu Hafs Kabir Buxoriy hazratlari tarix asarlarida “Movarounnahr shayxi”, “Alloma faqih”, “Mashriq faqihi” singari faxriy unvonlar bilan ham ulug‘langanlar. Abu Hafs Kabir Imomi A’zam vafot etgan yillari, Imom Shofeiy bilan bir yilda Buxoro shahrida tavallud topganlar. Dastlab Ismoil ibn Ibrohim (buyuk muhaddis Imom Buxoriyning otalari) qo‘lida saboq olganlar. Yetti yoshda Qur’oni karimni yod olib keyinchalik Bag‘dodga borib hanafiy mazhabinig asoschisi Imomi A’zam hazratlarining taniqli shogirdi Imom Muhammad ibn Hasan ash-Shayboniy qo‘l ostida fiqh ilmini o‘rganganlar. 

Ilmni kamoliga yetkazib Buxoroga qaytganlarida buxoroliklar bayram qilib kutib olishgan va ilm berishlarini so‘rab masjidda alloma uchun joy hozirlab turganlar. Ahmad ibn Mahmud Buxoriyning “Tarixi Mullozoda” asarlarida shunday deyilgan: “Shayx, imom, olimu omil (amal qiluvchi) ilmu amal, quvvatu mujohid, safoi hol zuhdu saxovat va g‘azotda va Alloh jamoasini yuksaltirishda benazir edilar. Ularning musulmon ummatiga bo‘lgan rahm-shafqatlari, olijanobliklari tengsiz odamlar og‘irini yengil qilishda o‘xshashliklari yo‘q edi.” 

Abu Hafs Kabir Abu Hanifa ta’limoti asosida mahalliy shariat me’yorlaridan bo‘lgan istehson va ra’y (shariat ahkomlariga aql bilan yondashish) tamoyilini ishlab chiqadilar. Mahalliy huquq me’yorlarini huquqshunoslikka tadbiq qilishning nazariy asoslarini rivojlantiradilar. Shariat huquqshunosligi tizimini yaratishda Qur’oni karim va Hadisi sharifga tayanganlar. 

Abu Hafs Kabir Movarounnahrda hafaqat fiqh ilmining, balki Buxoro kalom (islom falsafasi, ilohiyotshunoslik) maktabining ham asoschisidir. Abu Hafs Kabir Buxoroda bir necha masjid va madrasalar qurdirib, tolibi ilmlarga fiqh, hadis, tasavvuf va aqida ilmlaridan dars o‘tib, insonlarga turli masala va savollar yuzasidan yechim topib berganlar.

Abu Hafs Kabir hanafiy mazhabi ta’limotini birinchi bo‘lib Movarounnahrda tarqalishiga jonbozlik ko‘rsatgan bo‘lsalar, u kishining oilasi, ayniqsa o‘g‘illari Abu Abdulloh Muhammad ibn Ahmad al-faqihning ham xizmatlari buyuk bo‘lgan. Shu sababdan u kishini Abu Hafs Sag‘ir, Kichik Abu Hafs deb atashgan. 

Abu Hafs Kabir hazratlarining sharofatidan Buxoroda fiqh ilmi shu darajada rivojlanganki, Buxoro faqihlari islom olamining asosiy shahri Bag‘dod faqihlaridan ustun bo‘lganlar. Hatto arab diyori olimlari biror masalaning javobini topishga qiynalib qolsalar, Buxoroga Abu Hafs Kabirning oldilariga bir kishini yuborib, o‘sha masalaning yechimini bilib olganlar. 

O‘sha davrda ulamolar Abu Hafs Kabirning ilmu fazllarini yuksak baholab “Muallimi Islom”, ya’ni islom dinining muallimi, Buxoroni esa “Qubbat ul-islom”, islom dini gumbazi deb atashgan. Abu Hafs Kabir yashagan mahalla darvozasini “Haq roh” ya’ni haq yo‘l deb nomlashgan. Abu Hafs Kabir hazratlarining sharofatlaridan sunniy aqidaning hanafiya mazhabi O‘rta Osiyo, qolaversa, Movarounnahru, Xurosonga yoyilgan. 

 

“Jo‘ybori Kalon” ayol qizlar 

o‘rta-maxsus islom ta’lim muassasasi

ARM xodimasi Maftuna Baxshilloyeva

 

Izoh qoldirish