04.10.2022

Islom - Mutassiblikka qarshi

Islom dini barcha musulmonlarni o’zaro tinch, ahilllikda, hurmat va farovonlikda yashashga chorlab kelgan. Islom ko’plab qiyinchiliklarni boshidan o’tkazgan holatda bugun ulug’ maqomiga erishdi, lekin ming afsuslar bo’lsinki, dinga parda ortidan qaraydigan, shayton va uning inson ko’rinishidagi malaylari islomni yomon qilib ko’rsatishlik maqsadida sof e’tiqoddagi mo’min-musulmonlarga har tarafdan hamla qilishmoqda.

Bugungi kunda diniy mutassiblik, ekstremizm, terrorizm kabi so’zlar ko’payib ketishligi mana shunday g’arazli niyatda bo’lgan kimsalarning  hujumlari oqibatidir. Shulardan biri sifatida mutaassiblik va aqidaparastlik kabi illatlar  oqibatida ko‘plab xunrezlik va notinchliklar kelib chiqqanini guvohi bo‘lamiz. 

Mutassiblik ( arabcha متعصب va grekcha favationus ya’ni fanatizm) – ma’lum bir mafkura va qarashlarga, ayniqsa, diniy-falsafiy, milliy va siyosiy sohalarda haddan ziyod, ko’r-ko’rona va hissiyotlarga berilib ergashish va ularga amal qilish. Qandaydir tushunchalarga, e’tiqodga yoki dunyoqarashga sodiqlikning eng so’nggi darajasi. “Kashshofu istilohotil funun” kitobida “mutaassiblik, garchi dalil ko’rinib turgan bo’lsa ham, bir tomonga moyillik tufayli haqni rad etishdir” deb ta’riflangan. Hozirgi vaqtda bu “fanatizm” ham deyiladi. Mutassib (fanat) kishi  ko‘r-ko‘rona hox to‘g‘ri, hox noto‘g‘ri bo‘lsin o‘ziga ma'qul bo‘lgan bir fikrda mahkam turib, o‘zini fikrini haq, boshqalarning fikrini nohaq deb e'tiqod qilgan holda o‘z fikrini amalda ko‘rsatishga harakat qiladi.

Diniy jihatdan esa bu dinda g‘ulu ketish – “dinda chuqur ketish, diniy arkonlar va ibodatlarni bajarishda haddidan oshish, to‘g‘ri yo‘l deb noto‘g‘ri yo‘lga burilish” ma'nolarini anglatadi.

Oisha onamiz (r.a.)dan rivoyat qilingan quyidagi hadis buning dalilidir: “Bani Asad qabilasiga mansub bir ayol huzurimda o‘tirgan edi. Shu payt Rasululloh (s.a.v.) uyga kirib kelib: “Bu ayol kim”,-deb so‘radilar.  “Bu – o‘sha, kechasi uxlamay namoz o‘qib chiqadigan ayol”,-dedim. So‘ng, mazkur ayolning qanaqa namoz o‘qishi haqida so‘zlashdik.  Shunda Rasululloh (s.a.v.): “Bunday qilmanglar, solih amallarni qurbingiz yetganicha ado etinglar, qancha ibodat qilsangiz ham Alloh taologa maol kelmaydi-yu, biroq o‘zingizga malol kelib qolmasin!”” –dedilar. Hadisdan ma'lum bo‘ladiki, har bir insonga dinda chuqur ketib, yoxud mutassibona birorta farz qilinmagan  amalni o‘ziga vojib qilib olib, so‘ng bajarolmaydigan holatga tushib qolgandan ko‘ra dinda o‘rtachalik, ya'ni vasatiylik yo‘lini tanlab solih amallarda mudom bo‘lishi avloroq va yaxshiroq ekan. Payg‘ambarimiz s.a.v. mazkur hadislarida dinda chuqur ketishning oqibati yaxshi bo‘lmasligini ma'lum qilib, ibodatga oid amallardan toqat yetadiganini olishga buyurdilar.

Alloh taolo O’z Kalomida shunday deydi: “Alloh hech bir jonni toqatidan tashqari narsaga taklif qilmas. Foydasi ham o‘z kasbidan, zarari ham o‘z kasbidan...”(Baqara surasi 286-oyat)

Mazkur oyatda Alloh taolo insonlarni ibodatdan qurbi yetmaydigan narsaga buyurmaganligini xabar qilmoqda. Hatto shariat hukmlarining umumiy qoidalarini bajarishga toqati – qurbi yetmaydigan kishilar uchun ba'zi amallarning bajarilishida dinimizda istisnolar ham mavjudki, dinda chuqur ketgan, mutaassib kishilar shariatda berilgan bunday yengilliklarni tan olmaydilar va alaloqibat kechirilmaydigan gunohi kabiralardan biri –kibrga, ya'ni o‘z ibodatlari bilan mag‘rurlanish hissiga mubtalo bo‘ladilar.

Har qanday nom ostidagi zulm va zo‘ravonlik, jumladan kishining ibodat sababli o‘z jismiga zulm qilishi ham, e'tiqod va ibodatda mutaassibona yo‘lni tanlab dinda chuqur ketish ham, jinoyatlarning har qanday holati va ko‘rinishlari ham, garchi u Islom dini nomidan sodir bo‘layotgan bo‘lsada Islom aqidasi va ta'limotiga mutlaqo qarama-qarshidir. Musulmon kishi boshqa odamlarni shariatda buyurilmagan ishlarni buyurmaslikka hamda yomon ishlarni qilishdan qaytarishga mas'uldir hamda o‘zi ham jinoyat sanalgan amallarni sodir etishi mumkin emas. Har bir iymon-e'tiqodli insonnning burchi yer yuzida farovonlik va osoyishtalikni qaror toptirib, buzg‘unchilik va fasod ishlarga qarshi kurashmog‘i lozim.

Payg‘ambarimiz s.a.v. dinda, e'tiqodda qay darajada bo‘lish zarurligini  ko‘rsatib: “Ishlarning yaxshisi – uning o‘rtachasidir”,-dedilar. Sarvari  koinot payg‘ambarimiz Muhammad s.a.v. shunday deb turganlarida boshqa yo‘lga ne hojat? Zero Payg‘ambarimiz s.a.v.: “Sizlarning yaxshilaringiz dunyosini deb oxiratini, oxiratini deb dunyosini tark qilmaganlaringiz hamda insonlarga yuk bo‘lmaganlaringizdir”, -degan muborak hadislari bilan musulmon kishini qanday umrguzaronlik qilishini ham belgilab berganlar.

Xalqimizning tinchligiga rahna solib, musaffo osmonimizni notinch qilishga, yoki yoshlarimiz ongiga din va madaniyat niqobi ostida bizga yot bo‘lgan turli g‘oyalarni tiqishtirishga urinayotganlar ham oz emas. Bunday holga beparvo, befarq qarab turish gunohi azimdir. Shubhasiz bu biz fuqarolardan doimiy sergaklik, hushyorlikni talab qiladi. 

Shuning uchun dunyoda bo‘layotgan voqea va hodisalardan hamisha ogoh bo‘lib mutaassiblikka berilmaslik, ona-Vatanimizdagi tinch, osoyishta va farovon hayotning qadriga yetish, shu farovon, osuda hayotni yanada mustahkamlash uchun har bir inson o‘z hissasini qo‘shmog‘i darkor.

“Jo‘ybori Kalon” ayol qizlar o‘rta-
maxsus islom ta’lim muassasasi

 talabasi Mirzobiddinova: Nazira
Mas'ul ta’lim muassasasi o'qituvchisi N.Halimova

Izoh qoldirish