Mavlud oyi isrof oyi emasdir
Har yili Robbiul avval xalq orasida Mavlud oyi nomi bilan ataladigan fazilatli oyning kirib kelishi bilan ko‘pchilik mo‘min musulmonlar orasida o‘zgacha shukuh hukm suradi. Chunki ushbu oyda sarvari koinot payg’ambarimiz Muhammad sollalohu alayhi va sallam tavallud topganlar.
Alloh taolo O‘zining kalomida bunday marhamat qiladi: “Kimda-kim Alloh va Payg‘ambarga itoat etsa, aynan o‘shalar Allohning in’omiga erishgan zotlar, ya’ni payg‘ambarlar, siddiqlar, shahidlar va solih kishilar bilan birgadirlar. Ular hamroh sifatida naqadar go‘zaldir!” (Niso surasi, 69-oyat). Boshqa oyatda: “Kimki Alloh va Uning payg‘ambarlariga itoat etsa va Allohdan qo‘rqib, taqvo qilsa, bas, aynan o‘shalargina yutuq egalaridirlar”(Nur surasi 52-oyat), deyiladi.
Qalbi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga muhabbat bilan to‘lgan, u zot alayhissalomning aytganlariga itoat etishni afzal deb bilgan mo‘min albatta Allohning roziligi va fazlu marhamatiga sazovor bo‘ladi va jannatda u zotga qo‘shni bo‘lish baxtini qo‘lga kiritadi.
Shuningdek ilm ahllari orasida Payg‘ambarimiz Muhammad (sollallohu alayhi va sallam) rabiul avval oyining qaysi kunida tug‘ilganlari haqida har xil fikr yuradi.
Sahobalar, tobeinlar, muhaddislar, tarix, siyrat, falakiyot olimlari, muhaqqiq ulamolar Payg‘ambarimizning (alayhissalom) milodiy 571 – Fil yili, bahor fasli, dushanba kuni, tong vaqti tug‘ilganlarini aytishgan.
Bu voqea qaysi qamariy oyning nechanchi kuniga to‘g‘ri kelishi haqida turli fikrlar bor. Abdulloh ibn Abbos, Jubayr ibn Mut’im va Baro ibn Ozib (roziyallohu anhum) Ibn Hazm va ulug‘ tobein Muhammad ibn Jubayr (rahmatullohi alayhim) u zotning tug‘ilganlarini “Rabiul avval oyining sakkizinchi kuni”, deyishgan.
Shayx Muhammad Xuzariyning “Nurul yaqin”, Muhammad Sulaymon Mansurfuriyning “Rohmatan lil olamin”, Shayx Safiyur Rahmon Muborakfuriyning “Ar rahiqul maxtum”, Sayyid Mahmud Taroziy (Oltinxonto‘ra)ning “Nurul basar”, Sobit hoji Abdul Boqiy o‘g‘lining “Siyratu xotamin nabiyyin” kitoblarida Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) rabiul avvalning to‘qqizinchi kuni tug‘ilganlari aytilgan.
Muhammad ibn Sa’d esa “At tabaqotul kubro” kitobida Payg‘ambarimiz (alayhissalom) rabiul avvalning o‘ninchi kuni tug‘ilganlar, degan ma’lumotni keltiradi.
Abdulloh ibn Abbos, Jobir (roziyallohu anhum), Muhammad ibn Is'hoq, Ibn Hishom, Abu Ma’shar Nujayh va Ibn Xaldun Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) rabiul avvalning o‘n ikkinchi kuni tug‘ilganlari haqidagi ma’lumotni rivoyat qilishgan. Shuningdek, Ibn Kasir “Al bidoya van nihoya”, Ibn Rajab Damashqiy “Latoiful ma’orif”, Doktor Muhammad Sa’id ibn Ramazon Butiy “Fiqhus siyra”, Alixonto‘ra Sog‘uniy “Tarixi Muhammadiy”, Ahmad Lutfiy “Saodat asri qissalari” kitoblarida hamda shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf “Hadis va hayot” (19-juz) va “Mavlud haqidagi xilof” maqolasida Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) tavvalud kunlari Robbiul avval oyining o‘n ikkinchi kuni deyishgan.
“Mavlud oyi” kirishi bilan dunyo musulmonlari qatori mamlakatimizda istiqomat qilayotgan yurtdoshlarimiz ham muhim bir sanani keng nishonlaydilar. U ham boʼlsa “Mavlidun-Nabiy”, yaʼni Paygʼambarimiz Muhammad alayhissalomning tugʼilgan sanalarini sharaflashdir. Turli mamlakatlarda Mavlid oyi xilma-xil tarzda nishonlanadi. Аyrim oʼlkalarda masjidlarda hazrati Imom Buxoriyning kitoblari, xususan, hazrati Imom Termiziyning “Shamoili Muhammadiyya” kitobi sharhlari ila xatm qilib chiqiladi. Mavlidning eng yaxshisi va eng barakotlisi ana shudir. Аyrim diyorlarda, jumladan, bizning yurtimizda ham masjidlarda va xonadonlarda Mavlidi sharif oʼqitish bir odob tusini olgan.
Mavlidi sharif o‘qilganda quyidagi maqsadlar bo‘lishi lozim:
1. O‘qilgan Mavlidning ma’nosini tushunish, janob Payg‘ambarimiz alayhissalomning muborak xislatlari, oliy vasflari, go‘zal axloq va odoblarini o‘rganib, o‘rnak olish;
2. Janob Payg‘ambarimiz alayhissalomning hayotlarini o‘rganish va u zotni haqlariga loyiq tarzda to‘g‘ri va yaxshi tanib olish;
3. Ko‘p salovot aytish;
4. Bu mavlid vositasida dinda, sunnat amallarda, taqvo va yaxshilikda sobitqadam va bardavom bo‘lish;
Mana shu manfaatlar hosil bo‘lmasa, Mavlid o‘qitishdan hech qanday foyda bo‘lmaydi. Shunchaki ziyofatbozlik, tama’girlik natijasida olim kishilarning vaqtini o‘ldirish va boshqa bid’atlar yuzaga keladi, xolos. Isrofgarchilik va behuda xarajatlarni ko‘paytisih orqali hech qanday manfaat va savobga erishib bo‘lmaydi, zero Alloh taolo O‘z Kalomida ”Yenglar, ichinglar, ammo isrof qilmanglar. Zero, U isrof qilguvchilarni sevmas”, deb aytgan (Aʼrof, 31). Amr ibn Shuʼayb otasidan, otasi bobosidan rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Isrofga yo‘l qo‘ymay va takabburlik qilmagan holda ye, ich, kiyin va sadaqa qil”, deganlar” (Imom Ahmad va Abu Dovud rivoyati).Bunday nomaqbulliklarni oldini olish uchun ushbu oyda asosan amalga oshiradigan ishlarimiz quyidagicha bo‘lmog’I lozim:
- Payg‘ambrimiz alayhissalomga ko‘p-ko‘p salovot aytishlik, toki bir umr ko‘p salovot aytish doimiy odatga aylansin;
- Siyratga, Payg’ambarimiz hayotlariga bag’ishlangan adabiyotlarni o‘qishlik;
- Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning muborak sunnatlarini o‘rganib, har bir sunnatlariga ixlos va muhabbat bilan amal qilish;
- Ilm ahllari bilan ilmiy majlislar o‘tkazish;
- Nafl ro‘zalarni ko‘paytirish;
- Qur’oni Karimni xatm qilib, savobini Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga, o‘tgan musulmonlarga bag‘ishlash;
- Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yaxshi ko‘rib yegan taomlarni dasturxonga tortish;
- Muhtojlarga sadaqa berish, siylai rahmni ko‘paytirish.
Ushbu oy fazilatli oy bo‘lib, unda suyukli Paygʼambarimiz Muhammad alayhissalomning siyratlarini, hayotlarini yanada kengroq oʼrganish, har ishda, har kunimizda, har bir amalimizda u zotga ergashish, sunnatlariga muvofiq hayot kechirishi bir-birimizga yanada koʼproq targʼib qilishimiz kerak boʼladi.
“Jo‘ybori Kalon” ayol qizlar o‘rta-
maxsus islom ta’lim muassasasi
ARM xodimasi Maftuna Baxshilloyeva,
Абдухокимова Маъмурахон Абдухалил қизи ,1 курс талабаси
Izoh qoldirish