27.09.2022

Shahidlik tushunchasi asl mohiyati

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Islom dini necha ming yilliklardan buyon insoniyatni tinchlikka, o’zaro ahil bo’lishga targ‘ib etuvchi, tinchlik-xotirjamlikka buyuruvchi dindir va o‘n to‘rt asrdan oshiq vaqtdan beri musulmonlarning dasturul-amal dini bo‘lib kelmoqda. 

Yurtimizda ham Istiqlol sharafi bilan islom diniga bo’lgan munosabat tobora barqarorlashib bormoqda. Biroq xalq orasida diniy bilimi o‘ta sayoz, turli fitna-fasod qo‘zg‘aydigan fikrlar va g‘oyalarni sodda xalq ongiga singdirishga urinadigan g’araz niyatli kimsalarga ergashib ketmasliklari uchun mamlakatimiz aholisini, ayniqsa yoshlarni to‘g‘ri yo‘lga solish va hushyorlikka chorlash, barchamizning asosiy burchimizdir.

Ming afsuslar bo’lsinki, bugungi kunda islom dini niqobi ostida o’zining fitna, dashnomlarini amalga oshirayotgan ba’zi guruhlar  o‘ta nozik va hassoslik bilan yondashish talab etiladigan “takfir”, “jihod”, “shahidlik”, “mazhabsizlik”, “xalifalik” kabi tushunchalarni turli diniy ekstremistik oqim yo’nalishida talqin etishmoqda. Bunday noto‘g‘ri talqin odamlar ongini buzib, ularning iddaolariga ergashmaganlarga nisbatan urush, qon to‘kish, zulm o‘tkazishga sabab bo‘lmoqda.

Xususan ba'zi guruh yoki shaxslar tomonidan “o‘z-o‘zini o‘ldirish” tushunchasi  shahidlik  deb noto‘g‘ri  talqin qilinmoqda. Aslida bu harakatlar ham shaxsning o‘z hayotiga tajovuz qilishi bo‘lib, Qur'on va Sunnatga ko‘ra o‘z joniga suiqasd qilish hisoblanadi. Dunyoning ba'zi davlatlarida hokimiyatga erishish uchun islom dinini niqob qilib olgan buzg‘unchi kuchlar tomonidan musulmon shaxsning ma'lum maqsadlar yo‘lida “o‘zini-o‘zi o‘ldirish”i “shahidlik” deb baholanishi juda katta adashishdir. 

Tarixda faqihlar azoblanish yoki asirga tushishdan qutulish uchun o‘zini-o‘zi o‘ldirish haromligi haqida ham ittifoq qilishgan. Ibn Xazm aytadilar: “Fuqaholar shaxsni o‘zini-o‘zi o‘ldirishi, a'zolaridan birortasini kesishi, ayniqsa, kessa og‘rig‘i hayot uchun juda ham xavfli bo‘ladigan a'zosini kesib davolamasdan o‘zini-o‘zi qiynashi halol emasligiga ittifoq qilishgan”.

Alloh taolo O’zining kalomi Qur'oni Karim “Niso” surasida quyidagi oyatni nozil qilgan:

يَٰأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ لَا تَأۡكُلُوٓاْ أَمۡوَٰلَكُم بَيۡنَكُم بِٱلۡبَٰطِلِ إِلَّآ أَن تَكُونَ تِجَٰرَةً عَن تَرَاضٖ مِّنكُمۡۚ وَلَا تَقۡتُلُوٓاْ أَنفُسَكُمۡۚ إِنَّ ٱللَّهَ كَانَ بِكُمۡ رَحِيمٗا

“Ey, iymon keltirganlar! Bir-birlaringizning mollaringizni botil yo‘l bilan yemang. Magar o‘zaro rozilik ila tijorat bo‘lsa, mayli. O‘zingizni o‘zingiz o‘ldirmang. Albatta, Alloh sizlarga rahimlidir!”  (Niso surasi, 29-oyat).

Yuqoridagi oyatda insonlar bir-birlarini o‘ldirishdan qaytarilgan bo‘lsa ham, shaxsning o‘z joniga qasd qilishini ham o‘z ichiga oladi. Unga ko‘ra bir kimsa dushman ichida o‘zini portlatsa, birinchi navbatda, o‘zi o‘ladi, qilgan ishi ochiqdan-ochiq o‘zini o‘ldirish hisoblanadi. Qolaversa, begunoh insonlar qoni to‘kiladi. O‘z joniga qasd qilgan va nohaq qon to‘kkan kimsa esa do‘zaxga tushishi Qur'on oyatlarida ochiq bildirilgan. 

Alloh taolo yana ogohlantiradi:

 

وَمَن يَقْتُلْ مُؤْمِناً مُّتَعَمِّداً فَجَزَآؤُهُ جَهَنَّمُ خَالِداً فِيهَا وَغَضِبَ اللّهُ عَلَيْهِ وَلَعَنَهُ وَأَعَدَّ لَهُ عَذَاباً عَظِيماً

 

“Kim bir mo‘minni qasddan o‘ldirsa, uning jazosi jahannamdir. Unda abadiy qolur. Unga Allohning g‘azabi va la’nati yog‘ilur. Va Alloh unga ulkan azobni tayyorlagandir” (Niso surasi, 93-oyat).

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam aytdilar: “Kim o‘zini tog‘dan tashlab o‘ldirsa u jahannam o‘tida abadiy doimiy yiqilib azoblanadi. Kim zahar ichib o‘ziga suiqast qilsa jahannam o‘tida qo‘lidagi zaharni ichgan holda abadiy azoblanadi Kim o‘zini temir bilan o‘ldirsa jahannam o‘tida temirni qorniga urgan holda abadiy azoblanadi” (Imom Buxoriy rivoyati).

Shahidlikning asl mazmun-mohiyati – Allohning roziligi yo‘lida jonini fido qilgan, iymon-e’tiqodi va nomusini saqlash yo‘lida zolim dushman qo‘lida qatl qilingan kishilarga Alloh tomonidan beriladigan darajadir. Rosululloh  sollallohu alayhi vasallamning hadislarida vabodan, ichki kasalliklardan, fojeali falokatdan vafot etganlarni ham shahidlik   darajasini topishligi xabar berilgan. 

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam ummatining shahidligining bir necha o‘rinlarini ko‘rsatib berganlar.

 

الَشَّهَادَةُ سَبْعٌ سِوَى الْقَتْلِ فِي سَبِيلِ اللهِ اَلْمَطْعُونُ شَهِيدٌ وَ الْمَبْطُونُ شَهِيدٌ وَ الْغَرْقُ شَهِيدٌ وَ صَاحِبُ الْهَدَمِ شَهِيدٌ وَ صَاحِبُ ذَاتِ الْجَنْبِ شَهِيدٌ وَ صَاحِبُ الْحَرَقِ شَهِيدٌ وَ الْمَرْأَةُ تَمُوتُ بِجَمْعٍ شَهِيدَة

,,Shahidlik Alloh yo‘lida yurganda o‘ldirilishdan tashqari yettitadir. O‘latga yo‘liqib o‘lgan shahiddir; qorin og‘rig‘i bilan o‘lgan kimsa shahiddir; g‘arq bo‘lib o‘lgan kimsa shahiddir; vayronagarlikda qolib ketgan (masalan, zilzilada) kimsa shahiddir; zotiljam kasalidan o‘lgan kimsa shahiddir; olovda kuyib o‘lgan kimsa shahiddir; tug‘ayotib o‘lgan ayol shahiddir.’’ (Nasoiy, 1/1973; Tabaroniy, 2/1779)

Ko’rinib turganidek ular orasida o’zini-o’zi o’ldirish ham, boshqa birovni o’ldirish ham yo’q. Shunday ekan turli guruhlar fitnalariga aldanib qolmaslik va ogohlikni unutib qo’ymaslik barchamizning oldimizda turgan asosiy vazifamiz hisoblanadi.

 

 

 

Jo‘ybori Kalon” ayol qizlar o‘rta-

maxsus islom ta’lim muassasasi

talabasi :Mamasoliyeva O.

Mas'ul:ARM xodimasi

 Maftuna Baxshilloyeva

Izoh qoldirish