Fitnadan uzoq bo‘ling
Fitnadan uzoq bo‘ling
Islom dini — tinchlik dini, tinchlikka targ‘ib etuvchi, tinchlik-xotirjamlikka buyuruvchi dindir. Islomda tinchlik butun borliqqa qaratilgan bo‘lib, u bilan butun dunyo tinchligiga erishiladi.
Biroq, Allohning ushbu ne'matidan hamma ham barobar bahramand emas, chunki dunyoning turli mintaqalarida terrorchilar tomonidan nohaq qon to‘kishlar sodir etilmoqda, shaharlar vayronaga aylanmoqda, begunoh insonlar jabr ko‘rib bolalar yetim qolmoqda, ayollar ko‘chada qolib, qariyalar qattiq qiynalmoqda. Bunday noxushliklar qabih niyatli buzg‘unchi, fitnachi guruhlar tomonidan amalga oshirilishi biz mo‘min-musulmonlarning ham qalbimizni qattiq larzaga soladi.
Islomda ortiqcha g‘uluv — chuqur ketish yoki haddan tashqari beparvolik, loqaydlik qilish ko‘plab fitnalarga sabab bo‘ladi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
اِيَاكُمْ وَالْغُلُوَّ فِى الدِيَنِ فَإنَّهُ أهْلَكَ مَنْ كَانَ قَبْلَكُمْ حَمَلَهُمْ عَلَى أَنْ سَفَكُوا دِمَائَهُمْ
«Dinda ortiqcha g‘uluvga borishdan ehtiyot bo‘linglar. Chunki g‘uluvga borish sizlardan oldin o‘tganlarni halok etib, qon to‘kishga, haromni halol qilishga olib keldi».
Fitnaning eng ko‘p ishlatiladigan ma’nosi buzg‘unchilik, fisqu-fasod qo‘zg‘ash, jamiyatda turli asossiz mish-mishlar tarqatish, xalqni o‘z davlatiga qarshi qo‘yishdir. Fitnaning yomon tomoni shundaki, ko‘pchilik uning asl mohiyatini anglamaydi.
Ne'matning qadri u yo‘qolganda bilinadi, uning yo‘qolmasligi esa doimo shukrini qilish bilan bo‘ladi. Shuning uchun bugungi tinch va osoyishta kunlarimizning qadrini bilishimiz lozim.
Alloh taolo Qur'oni Karimda marhamat qilib aytadi:
. ...كُلُوا وَاشْرَبُوا مِنْ رِزْقِ اللَّهِ وَلا تَعْثَوْا فِي الأرْضِ مُفْسِدِينَ (٦٠)
«…Allohning rizqidan yeb ichingiz, yer yuzida buzg‘unchilik qilmangiz!» (Baqara surasi, 60)
Hozirgi kunda ba’zi musulmonlar o‘rtasidagi o‘zaro kelishmovchiliklar, ularni bir-biriga qarshi qo’yish, musulmon yurtlarda urush chiqarib, odamlarni qatl va quvg‘in qilish ham katta fitna hisoblanadi. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi:
“Fitna esa qotillikdan ham kattaroq (gunoh)dir” (Baqara surasi, 217-oyat).
Fitnaning odam o‘ldirishdan ham yomonroq deb hisoblanishi uning xatarlari bir kishining o‘ldirilishidan ko‘ra ancha keng ko‘lamga ega ekanligi bilan izohlanadi. Albatta, mol ilinjida, g‘azab sababli yoki boshqa har qanday omil tufayli bir jonning hayotiga nuqta qo‘yish katta jinoyat. Biroq, jamiyat a’zolari orasida fitna chiqarish odamlarni bir-birlariga qarshi qayrash, nizo chiqarish orqali birodarkushlik urushlariga, butun boshli millatni taraqqiyotda o‘nlab yillar ortga surib yuboruvchi vayronagarchiliklarga sabab bo‘lishini inobatga olsak, jamiyat uchun bundan ham katta talofat bo‘lmasligini anglaymiz.
Rosululloh sollollohu alayhi vasallam Anas ibn Molikdan rivoyat qilingan hadisda “Albatta ummatim zalolat ustida jam bo‘lmas, qachonki ixtiloflarni ko‘rsangizlar katta jamoani o‘zlaringizga lozim tutinglar”,dedilar. Ulamolar katta jamoadan maqsad bu, Rosululohning sunnatlarini lozim tutganlar ya'ni ahli sunna val jamoa deb aytadilar. Haqiqatdan ham e'tibor qilib qaraydigan bo‘lsak dunyo musulmonlarning juda ham katta qismini ahli sunna val jamoa mazhabiga etiqot qiluvchilar tashkil etadi turli xil fitnalar chiqishiga sabab bo‘layotgan oqimlar vakillari soni nihoyatda kam va tarqoqdir. Bundan ko‘rinadiki Allohning kitobi va Rosululloh (s.a.v.)ning sunnatlarini yaxshi biladigan ahli sunna val jamoa ulamolariga ergashishligimiz orqali dinimizni, iymonimizni, hamda millatimizni fitnalardan salomat saqlagan bo‘lamiz.
Jo‘ybori Kalon” ayol qizlar o‘rta-
maxsus islom ta’lim muassasasi
talabasi N.Eshboyeva
Mas'ul: ARM rahbari Maftuna Inoyatova
Izoh qoldirish