06.09.2022

Islomda rahbarga itoat – vojib amal

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Xalqimizning ko‘p asrlik tarixidan yurtdagi ulug‘ zotlar, ulamolar, ishboshilarga hurmat, ularning o‘gitlariga itoat milliy qadriyat hisoblangan. Jamiyat ravnaqi, xalq farovonligi ushbu zotlarning pand-nasihatlari va ko‘rsatmalariga amal qilishga har tomonlama bog‘liqligi – isbot talab qilmas haqiqatdir!

Itoat to‘g‘risida Qur'oni karimning bir qancha oyatlarida so‘z yuritilgan bo‘lib, jumladan shunday deyiladi:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُوا أَطِيعُوا اللَّهَ وَأَطِيعُوا الرَّسُولَ وَلَا تُبْطِلُوا أَعْمَالَكُمْ

ya'ni: “Ey, imon keltirganlar! Allohga itoat etingiz va Payg‘ambarga itoat etingiz! Amallaringizni zoye qilmangiz!” (Muhammad surasi, 33-oyat).

Alloh taologa va Uning rasuliga itoat etish deganda – Islom dini ko‘rsatmalariga amal qilish tushuniladi. Shuning uchun ham buyuk vatandoshimiz Imom Abu Lays Samarqandiy rahimahulloh Alloh va Uning rasuliga itoat etish ma'nosidagi mazkur oyatni “Allohning farzlariga, Rasulullohning sunnatlariga itoat etingiz” deya tafsir qilganlar.

Itoatning yana bir ko‘rinishi payg‘ambar merosxo‘rlari bo‘lgan ulamolar va xalqning o‘zidan saylangan rahbarlarga itoat qilishdir. Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qiladi:

يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آمَنُواْ أَطِيعُواْ اللّهَ وَأَطِيعُواْ الرَّسُولَ وَأُوْلِي الأَمْرِ مِنكُمْ

ya'ni: “Ey iymon keltirganlar! Allohga itoat qiling, payg‘ambarga va o‘zingizdan bo‘lgan ishboshilarga itoat qiling” (Niso surasi, 59-oyat).

Ushu oyati karimada kelgan “o‘zingizdan bo‘lgan ishboshilar”ni ba'zi mufassirlar “ulamolar” deya tafsir qilishgan. Ibn Jarir Tabariy “ish boshilar”ning tafsirida mashhur sahoba Abu Hurayra raziyallohu anhuning: “ular sizlardan bo‘lgan amirlar”, – deb izoh berganini rivoyat qilgan (“Tafsiri Tabariy” 8-juz, 492-bet).

Yuqoridagi oyati karimalardan ma'lum bo‘ladiki, musulmon kishi avvalo Alloh taolo va Uning rasuliga to‘la taslim bo‘lib, ma'siyat bo‘lmaydigan o‘rinda rahbarlarga itoat etishi va bo‘yinsunishi lozim bo‘ladi. Shuningdek, Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning ko‘plab hadislari ham shu o’rinda ta’kidlanadi.

Imom Buxoriy Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qiladi:

قال رسول الله صلى الله عليه و سلم: إسمعوا و اطيعوا و إن أستعمل عليكم حبشي كأن رأسه زبيبة

«Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytdilar: quloq solinglar va bo‘ysuninglar! Garchi sizlarga boshi mayizdek habashiy hokim etib tayinlangan bo‘lsa ham» (Buxoriy. 694, 7142).

Odamlarning biror ishida rahbar, mutasaddi bo‘lgan kishi biror zarur yumush bilan murojaat qilgan kishilarning ishini bitirib berishdan o‘zini olib qochib, ularni qabuliga qo‘ymasa, ulardan yashirinib yursa, Alloh bunday kimsaning duolarini qabul etmas, ishini baroridan keltirmas, hojatlarini ravo qilmas ekan.

Islomga ko‘ra, rahbar shaxs xalq tarafidan xalqning ma'lum ishlarini bajarishi uchun saylangan kishidir. Islom shariatida qozini ham xalq saylaydi. Xalq o‘z ishiga mutasaddi etib tanlagan odami bilan bevosita muloqot qila olishga, o‘rni kelsa, undan hisobot olishga ham haqlidir. Umuman olganda, har bir mansabdor, mutasaddi shaxs xalqning umumiy mulkidan oylik maosh olib ishlaydigan omildir. Shu bois, inson qanday lavozimda ishlashidan qat'i nazar, o‘zini xalq xizmatidagi xodim, xalqning maosh olib ishlayotgan ishchisi ekanini unutmasligi kerak. Mana shu haqiqiy, to‘g‘ri va tabiiy qarashdir. Odamlarimizning tushunchasi ana shu saviyaga ko‘tarilgandagina tom ma'noda taraqqiyotga erishish mumkin.

Davlatning asl vazifasi xalqning talablarini tartibli ravishda bajarish va boshqa davlatlar bilan bo‘lgan munosabatda xalqning nomidan ish ko‘rishdan iborat. Davlat o‘zida xalqning irodasini ifoda etishi, buning uchun xalqning xohish-irodasiga ko‘ra ish olib borishi kerak. Xalq bilan davlat o‘rtasida jiddiy ziddiyat bo‘lishi mutlaqo mumkin emas. Ularning o‘rtasi nihoyatda shaffof bo‘lishi darkor. Davlatning yagona manbai xalq ekan, uning boshqaruv kuchi ham, qarashlari ham xalqdan olinishi lozim. Ana shunday xalqni, bunday davlatni hech kim hech qachon yenga olmaydi.

                                              

 

 

 

Jo’ybori Kalon ayol qizlar islom ta’lim

 muassasasi o’qituvchisi:         M.Bozorova

Абдуғаниева Зухрахон Абдубанноп қизи 3 курс талабаси

Izoh qoldirish