KIYINISH ODOBLARI
Alloh taolo o’z bandalariga ularning tashqi ko’rinishlarini chiroyli qilib turadigan ne’matlarni berib qo’yganini minnat qilib Qur’oni karimda bunday deydi:
يَا بَنِي آدَمَ قَدْ أَنْزَلْنَا عَلَيْكُمْ لِبَاسًا يُوَارِي سَوْآتِكُمْ وَرِيشًا وَلِبَاسُ التَّقْوَى ذَلِكَ خَيْرٌ ذَلِكَ مِنْ آيَاتِ اللَّهِ لَعَلَّهُمْ يَذَّكَّرُونَ
Ma’nosi: Ey odam bolalari, batahqiq sizlarga avratingizni to’sadigan libos va ziynat libosini nozil qildik. Taqvo libosi, ana o’sha yaxshidir. Ana o’shalar Allohning oyat belgilaridandir[1].
Boshqa bir oyatda esa, Alloh o’zi halol qilib qo’ygan ziynatlarni harom deb aytganlarni inkor qilib bunday deydi:
قُلْ مَنْ حَرَّمَ زِينَةَ اللَّهِ الَّتِي أَخْرَجَ لِعِبَادِهِ وَالطَّيِّبَاتِ مِنَ الرِّزْقِ قُلْ هِيَ لِلَّذِينَ آمَنُوا فِي الْحَيَاةِ الدُّنْيَا خَالِصَةً يَوْمَ الْقِيَامَةِ كَذَلِكَ نُفَصِّلُ الآيَاتِ لِقَوْمٍ يَعْلَمُونَ
Ma’nosi: Sen: “Alloh o’z bandalariga chiqargan ziynatlarni va pokiza ziynatlarni kim harom qildi?!” deb ayt. Ular hayoti dunyoda iymon keltirganlarga, qiyomat kunida esa, faqat o’zlariga xosdir” deb ayt. Biladigan qavmlar uchun oyatlarni mana shunday mufassal bayon qilamiz[2].
Bu yerda ham Alloh taolo ziynat buyumlari va pokiza narsalar mo’minlar foydalanishi uchun berilgan ne’mat ekanini eslatib o’tmoqda. Oyatda mo’minlar zikr qilingan bo’lsada, uning tarkibiga mo’minalar ham kiradi. Chunki qaysiki oyatda Alloh mo’minlar so’zi zikr qilgan bo’lsa, undan ham mo’minlar, ham mo’minalar e’tiborga olingani mufassirlar tomonidan bayon qilingan.
Payg’ambar (s.a.v.)ning sunnatlari ham musulmonlarni xoh u erkak bo’lsin, xoh ayol tashqi ko’rinishlarini go’zal bo’lishga targ’ib qilgan. Ana shulardan biri u zotning quyidagi so’zlaridir:
من كان له شعر فليكرمه[3]
Ma’nosi: Kimning sochi bo’lsa, uni ikrom qilsin (parvarish qilsin).
Nabiy (s.a.v.) tashqi ko’rinishni chiroyli qilishning bir qismi bo’lgani uchun sochni parvarish qilishga buyuryaptilar. Bu so’z ham erkag-u ayolga tegishlidir. Chunki hadisda qayd etilgan من [man] so’zi muzakkar (erkak) va muannas (ayol)[4]ni o’z ichiga oladigan umum so’zlardandir.
إن الله جميل يحب الجمال[5]
Ma’nosi: Albatta, Alloh go’zaldir, go’zallikni yaxshi ko’radi.
Bu hadisda ham u zot (s.a.v.) Alloh taolo go’zallikni yaxshi ko’rishini ta’kidlamoqdalar. Bu esa, muslim va muslimalarni tashqi ko’rinishlarini chiroyli qilishga e’tibor qaratishlariga bo’lgan undovdir. Qimmatbaho toshlar esa, ana shu ishni amalga oshirish vositalaridan biridir.
Zero, yana bir hadisi sharifda: “Agar Alloh bandasiga bir ne’matni bersa, uning asoratini ko’rinib turishini hush ko’radi”[6], deyilgan. Shunga ko’ra musulmon kishi isrofga yo’l qo’ymagan holda Allohning in’omlarini asoratini o’zida ko’rsatishi kerak bo’ladi.
Demak, islomda erkaklar ham ,ayollar ham bir qatorda tashqi ko’rinishini chiroyli qilishi lozim ekan. Ammo islom shariatida bu ziynatning erkag-u ayolga qo’ygan chegaralari bo’lib, ana shunga rioya qilishi kerak bo’ladi. Zero, erkaklar tashqi ko’rinishlarini chiroyli go’zal qilish bilan bir qatorda ,o’zlarining erkaklik viqorlarini yo’qotib qo’ymaslikka ham buyurilgandir. Tashqi ko’rinishni turli ko’rinish bilan ziynatlash mumkin bo’ladi. Chiroyli kiyim kiyish, qimmatbaho taqinchoqlar taqish ila Alloh bergan xilqatni tashqaridagilarga chiroyli tarzda ko’rsata bilish shular jumlasidandir. Qimmatbaho taqinchoqlar bilan bezanish ayollarga xos bo’lgani va erkaklarning erkaklik viqor va salobatlarini yo’qotib qo’ygani uchun ularga bunday qimmatbaho taqinchoqlar bilan o’zlarini ziynatli qilishga ruxsat bermagan. Ruxsat berilgan bo’lsa ham, undan ziynatlanish maqsad qilinmagan, ziynatdan boshqa narsalarda foydalanish istisno qilingan xolos. Shuning uchun, asosan, qimmatbaho taqinchoqlardan ziynat sifatida foydanishda ayollar nazarda tutiladi. Chunki ziynat, muloyimlik, noziklik ularning tabiati, xilqatiga mosdir. Ammo ular uchun ham qaysi o’rinlarda, qanday taqinchoqlardan foydalanish mumkin ekanini islom shariati belgilab qo’ygan.
Ushbu maqolada asosan erkaklar uchun tillo taqinchoqlardan foydalanish shar’an mumkin emasligi maqsa qilingan bo’lib, quyida shu haqida to’xtalamiz.
Erkaklarning tillo taqinchoq taqishlari
Erkak kishining tillo taiqinchoq taqishlari borasida aslida faqihlar ikki mazhabga bo’linganlar:
Birinchi mazhab: Jumhur faqihlar, jumladan to’rt mazhab sohiblari erkak kishiga har qanaqa shakldagi tillo taqinchoqdan foydalanish harom ekanini aytganlar[7]. Bunga dalil sifatida quyidagi hadislarni keltirganlar:
Abu Hurayra (r.a.)dan rivoyat qilinadi: “Nabiy (s.a.v.) tillo uzuk taqishdan qaytardilar”[8].
Baro ibn Ozib (r.a.)dan rivoyat qilinadi: “Nabiy (s.a.v.) bizni yettita narsadan qaytardilar. (Ana shulardan biri) tilllo uzuk yoki halqasimon tillo taqinchoq taqish edi”[9].
Hadisda kelgan “qaytardilar” degan so’z modomiki boshqa hukmga qarina (belgi, ishora) bo’lmas ekan haromlikni ifoda etadi. Tilloning haromligi faqat uzukkagina xos emas. Hadisning umumiy ekanini bundan keyingi hadisdan ham bilib olish mumkin.
Abu Muso Ash’ariy (r.a.)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (s.a.v.): “Ipak va tillo buyumlar ummatimning erkaklariga harom qilindi. Ayollariga esa, haloldir”, dedilar”[10].
Hadisdagi buyumlar degan so’z umumiy bo’lib, o’z ichiga uzuk, braslet, bilaguzuk, tumor va boshqa taqinchoqlarni ham oladi.
Abdulloh ibn Abbos (r.a.)dan rivoyat qilinadi: “Nabiy (s.a.v.) bir kishining qo’lida tillodan bo’lgan uzukni ko’rib qoldilar. Shunda uning qo’lidagi uzukni yechib oldilarda, tashlab yuborib, sahobalarga qarata: “Sizlardan biringiz olovdan bo’lgan cho’g’ni qasd qilib, uni qo’liga taqib olibdi”, dedilar. Rasululloh (s.a.v.) ketganlaridan keyin haligi sahobaga sheriklari uzugingni (yerdan) ol, uni boshqa narsaga ishlatasan deyishdi. Shunda u: “Yo’q Allohga qasam, men Rasululloh (s.a.v.) tashlab yuborgan narsani (yerdan) olmayman”, dedi[11].
Payg’ambar (s.a.v.) bu yerda sahobalardan birining nojo’ya ishini ko’rib uni qo’llari bilan qaytardilar. Bu ishni qilgan sahobani uning boshqa sheriklarini oldida koyib berdilar. Toki bu ishni mumkin emasligidan u va uning sheriklari ta’sirlansin.
Abdulloh ibn Umar (r.a.)dan rivoyat qilinadi: Rasululloh (s.a.v.) tillodan yasalgan uzukni taqib oldilar. Uzukning ko’zini kafti tomonga qaratib oldilar. Insonlar ham (u zotga ergashib tillo uzuk) taqa boshladi. Shundan keyin qo’lidagi uzukni tashlab yuborib, o’rniga kumush uzuk taqib oldilar”[12].
Bu hadisda tillo uzuk taqishga avval ruxsat bo’lgani, keyinroq esa, nasx (bekor) qilinganiga dalil bor.
Ikkinchi mazhab: Ibn Hazm Zohiriy bo’lib, u erkaklar tillo buyumlarni taqishi muboh degan. Bu kishi o’z mazhabining dalilini Sa’d ibn Abu Vaqqos, Suhayb va Baro (r.a.) lar kabi sahobalar tillo uzuk taqib yurganligi bilan quvvatlaydi[13].
Mus’ab ibn Sa’d[14] otasi Sa’d haqida “U tillo uzuk taqar edi”, degan[15].
Muhammad ibn Molik[16] aytadi: “Baro (r.a.)ning qo’lida tillo uzuk taqib yurganini ko’rdim. Insonlar: “Baro tillo uzuk taqib olibdi. Vaholanki Nabiy (s.a.v.) bundan qaytarganlar”, - desalar u bunday javob qilardi: “Biz Rasululloh (s.a.v.) bilan birga edik. U kishi asir tushganlar va ro’zg’or buyumlari kabi g’anima (o’lja)larni taqsimlayotgan edi. Taqsimlab bo’ldilar. Oxiri qo’llarida bitta uzukkina qoldi. Ko’zlarini yuqoriga qaratib sahobalarga qaradilar. So’ngra yana quyi qarab qoldilar. So’ngra yana ko’zlarini yuqoriga ko’tarib sahobalariga qaradilar. So’ng yana boshlarini quyi tushirdilar. So’ngra yana bir bor ko’zlarini yuqoriga qaratib, “Ey, Baro”, - deb chaqirdilar. Men u kishining oldilariga kelib oldilariga o’tirdim. Uzukni oldilarda, bilagimdan tutib: “Alloh va Rasuli senga bergan narsani ol”, dedilar. Baro yonidagi odamlarga qarata: “Sizlar qanday qilib Alloh va Rasuli menga taqdim qilgan narsani tashlashimni buyuryapsizlar”, - dedi”[17].
Agar tillo taqish erkaklarga harom bo’lganida Nabiy (s.a.v.) Baroning qo’liga uni taqib qo’ymagan bo’lar edi.
Jamil ibn Abdulloh (r.a.)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (s.a.v.)ni sahobalaridan besh nafarini ko’rdim. Ularning qo’llarida tillo uzuk bor edi. Ular Zayd ibn Horisa, Zayd ibn Arqam, Baro ibn Ozib, Anas ibn Molik va Abdulloh ibn Yazidlar edi”[18].
Bu masalaga doir yana bir qancha rivoyatlar bo’lib, sahobalarning tillo uzuk taqqaniga dalolat qiladi. Ushbu hadislarni hammasini Ibn Abu Shayba (159-235 h) o’zining “Musannaf” kitobida keltirgan[19].
Ikki mazhabning dalillarini o’rganib chiqqandan so’ng, jumhur fuqaholarning keltirgan dalillari sahih ekanini ko’rish mumkindir. Balki sahihning ham eng oliy pog’onasidagi sahihlardan deyilsa, mubolag’a bo’lmaydi. Erkaklarga tillo taqinchoq muboh bo’ladi, deganlarning dalili esa, muhaddislar tomonidan bildirilgan ta’na va e’tirozlardan xoli emas. Agar ularni sahih hadislar deyilgan taqdirda ham uning darajasi muharrim (harom qiluvchi) hadislarning darajasidan pastroqdir. Hadislar o’zaro taoruz (bir-biriga qarama-qarshi, zid) bo’lgan vaqtda sahihrog’i, kuchlirog’i olinadi.
Ibn Abu Shayba Anas (r.a.)ning tillo uzukni yomon ko’rishini rivoyat qilgan[20]. Avvalgi rivoyatlarda esa, Anas (r.a.)ning tillo uzuk taqqanligi aytilmoqda. Sahobaning bu ishi tilloni taqishdan bo’lgan qaytariqlar haromlikni emas, balki, makruhlikni ifodalagani uchun bo’lishi mumkin. Agar shunday bo’lsa, boshqa sahobalar ham aynan shu ma’noda tillo taqinchoqni taqib yurgan bo’lishlari mumkin[21].
Yoki bo’lmasa bu sahobalarga mubohlik hadislarining yuqorida zikri kelgan Ibn Umar (r.a.)ning hadislariga o’xshash hadislar bilan nasx qilingani yetib bormagan bo’lish ehtimoli bor.
Baro ibn Ozib (r.a.)ning tillo taqishlariga kelsak, (bu rivoyatni sahihi deb faraz qilingan holda) u kishi qaytariq hadislarini ham rivoyat qilgandir. Buning ham ikki ehtimoli bor. Yo u kishi qaytariq hadislarni makruhi tanzihiylikka yo’ygan. Yoki Nabiy (s.a.v.)ning “Alloh va Rasuli senga berganini taqqin”, - degan so’zlarini o’ziga xos deb bilib, tilloni faqat men taqishim mumkin degan o’yga borgan bo’lishi mumkin.
Usul ulamolari aytishicha sahobaning qilgan ishi o’zining ra’yi, ijtihodi bilan sodir bo’lsa va u ijtihod sahobalarning gaplariga muvofiq kelmasa, hujjat bo’lmaydi[22].
Xulosa o’rnida shuni aytish mumkinki hozirgi kunda bizning yurtimiz yoshlari orasida dinimiz milliyligimizga zid bo’lgan odatlar avj olmoqda. Misol uchun yosh yigitlarni bo’yinlariga, quloqlariga, bilaklariga hatto burunlariga ham qandaydir taqinchoqlarni taqib olishlari va buni zamon modasi deb qarashlari bor gap. Hatto ba’zi yoshlar bu taqib yurgan taqinchoqlari ularga qandaydir kuch berishi, omad keltirishi haqida gapirayotganlariga guvohmiz. Biz yuqorida keltirgan oyat va hadislar ko’rsatyaptiki bunday taqinchoqlar shar’an yigit kishi uchun taqiqlangan, mumkin emas. Albatta shariat qaytargan narsalarni qilishda insonning zarari ham bo’ladi. Shunday ekan, avvalo bunday ta’qiqlangan ishlarni qilishdan o’zimizni tiyishimiz so’ng o’spirin yoshlarni bundan ogohlantirishimiz kerak bo’ladi.
[1] Qur’on. 7\26. – B. 153.
[2]Qur’on. 7\32. – B. 154
[3]Sulaymon ibn Ash’as. Sunani Abu Dovud. – Bayrut: “Dorul fikr”, 2009. Soch tarash kitobi. Sochlarni parvarish qilish bobi. 4\76.
[4] Arab tilida xuddi rus tilidagi kabi erkak va ayolni rotlarga ajratiladi. Muzakkar мужской (mujskoy), muannas esa, женский (jenskiy) rotdir
[5]Bu hadis Imom Muslim rivoyat qilgan hadisning bir qismidir. Yahyo ibn Sharof Navaviy.Sahihu Muslim bi sharhin Navaviy. – Bayrut: “Dorul fikr”, 2011. Iymon kitobi. Kibrning harom qilingani haqidagi bob. 2\89.
[6] Amad ibn Hanbal. Musnadu Imom Ahmad. – Bayrut: “Dorul fikr”, 1991. 15\129.
[7] Marg’inoniy. Hidoya. 4\82. Ayniy. Banoya. 9\282. Soviy. Bulg’atus solik. 1\25. Hoshiyatud Dasuqiy. 1\62. Majmuun Navaviy. 6\38. Mardoviy. Hoviy. 3\275. Ibn Qudoma. Mug’niy. 2\606. Abu Toyyib Siddiq ibn Hasan Qonujiy. Rovzotun nadiyya sharhu duraril bahiyya. – Bayrut: “Dorul ma’rifa”, 2015. 2\217.
[8] Ibn Hajar. Fathul boriy. Libos kitobi. Tillo uzuklar bobi. 10\315. Sahihi Muslim bisharhin Navaviy. Libos va ziynat kitobi. Erkaklarga tillo uzukning harom ekani bobi. 14\65.
[9] Ibn Hajar. Fathul boriy. Libos kitobi. Tillo uzuklar bobi. 10\315. Sahihi Muslim bisharhin Navaviy. Libos va ziynat kitobi. Erkaklarga tillo va ipakning harom, ayollarga esa, halol ekani bobi. 14\31.
[10] Muborakfuriy. Tuhfatul ahvaziy. 3\132.
[11] Sahihi Muslim bisharhin Navaviy. Libos va ziynat kitobi. Erkaklarga tillo uzukning harom ekani bobi. 14\65-66.
[12] Ibn Hajar. Fathul boriy. Libos kitobi. Tillo uzuklar bobi. 10\315. Sahihi Muslim bisharhin Navaviy. Libos va ziynat kitobi. Erkaklarga tillo uzukning harom ekani bobi. 14\66.
[13] Ibn Hazm. Muhalla. 6\77.
[14] Mus’ab ibn Sa’d: Sa’d ibn Abu Vaqqos (r.a.)ning o’g’illaridir. Otasi, Ali, Tolha, Ikrima (r.a.)lardan hadis rivoyat qilgan. Ibn Sa’d uni Madina ahlining ikkinchi tabaqasida zikr qilgan va siqa, ko’p hadis rivoyat qiluvchi edi, deya sifatlagan. Ibn Hibbon ham uni siqa insonlar qatorida sangan. 103-hijriyda vafot etgan. (Ibn Hajar. Tahzibut tahzib. 10\160)
[15] Musannafi ibn Abu Shayba. Libos va ziynat kitobi. 5\195.
[16] Muhammad ibn Molik : Baro (r.a.)ni mavlosi (ozood qilgan quli). U Barodan eshitmagan. Zaif roviylar qatoridadir. Ko’p xato qiladi. Shuning uchun uning bir o’z qilgan rivoyati maqbul emas. Ibn Hajar uni soduq, ko’p xato qilar edi, degan. (Ibn Hajar. Tahzibut tahzib. 9\422)
[17] Soatiy. Fathur Robbaniy. Libos va ziynat kitobi. Tillo uzuk bobi. 17\254. Haysamiy. Majmauz zavoid. Libos kitobi. Tillo uzuk bobi. 5\151.
[18] Haysamiy. Majmauz zavoid. Libos kitobi. Tillo uzuk bobi. 5\154.
[19] Musonnafi ibn Abu Shayba. Libos kitobi. Tilloga ruuxsat berilganlar bobi. 5\195.
[20] Musannafi bin Abu Shayba. Libos va ziynat kitobi. Tillo uzukni makruh deganlar bobi.
[21] Ibn Hajar. Fathul boriy. 10\317.
[22]Abdul Vahhob Xolaf. Ilmu usulil fiqh. – Misr: “ Dorul qolam”, 2008. – B. 236. – B. 95.
“Jo’ybori Kalon” ayol-qizlar o’rta maxsus ta’lim muassasasi
o’qituvchisi Ro’zimuhammad To’xtasinov
Izoh qoldirish