01.10.2025

Ustoz - millat kelajagi!

بسم الله الرحمن الرحيم.

Ustoz - millat kelajagi!

Har bir millatning hayoti daraxtga o'xshaydi, uning ildizi tarbiya, tanasi ilm, mevalari ezgu avloddir. Agar ildiz sog'lom bo'lsa daraxt meva beradi, agar tarbiya pok boʼlsa millat yuksaladi. Bu ildizni sugʻoruvchi, uni ma'rifatga eltuvchi va sham kabi yo'llarni zulmatdan yorugʻlikka olib chiquvchi insonlar bor. Albatta, Allohning huzuriga olib boradigan uzundan- uzun oxirat yoʻlida har bir kishi uchun bu yoʻlni bosib o'tgan, uning nozik sir - asrorlaridan boxabar boʻlgan komil ustoz va mohir murabbiy zarur.

Baʼzan hayotda bir inson uchratasanki, u senga dunyoga boshqacha nigoh bilan qarashni o'rgatadi va sendagi g'aflat pardasini yirtib, qalbingga nur sochadi. Bunday insonlar yo'l ko'rsatuvchi mashʼala, ularsiz hayot maʼnosiz sahro. Har bir buyuk zot orqasida yoʻlni koʻrsatgan va yoritgan bir yo'lchi bor. 

Buyuk muhaddislardan boʻlmish  Imom Buxoriyni hayotlariga nazar tashlaydigan boʻlsak, Muhammad ibn Ismoil har safar Buxoroga kelganlarida eng oldin ustozlar ziyoratiga oshiqadi, marhumlarining haqlarida duoda bo'lib, Allohdan rahmat- magʻfirat tilaydi. So'ng bozorga birrov bosh suqadi. Hamrohlik qilayotgan shogirdiga Buxoroning mashhur obinonidan bir nechasini xarid qilishni buyuradi. Ularni bir gaz - bir gazdan yirtilgan oq surpga ikkitadan qilib o'ratadi. Non orasiga bir ulushdan halvo, parvarda, mayiz, turshak solib chiqadi. Keyin bu tugunlarni shogird yelkasidagi xurjunga joylab, ustozlarning huzuriga yo'l oladi.

Uning bu oʻzgarmas odatiga taajjub ko'rsatganlarga Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhuning ushbu soʻzlarini keltiradi: "Menga bir dona harf o'rgatgan kishining quliman, xohlasa sotsin, xohlasa qullikdan ozod qilsin, xohlasa qul qilib ishlatsin" Haqiqatdan aqli raso inson uchun bunday ehtirom qilinishga eng haqdor va loyiq zot muallim, ustozdir. Kishi iymonining belgisi shubhasiz ustoz hurmatiga va duoi  xayriga sazovor bo'lishdir. Imom Buxoriy bu odatini sira kanda qilmadi. Ustozlaridan ikrom, ehtirom, muhabbatini aslo darigʻ tutmadi, bunday izzat- ardoq, keyinchalik shogirdlaridan unga bir necha barobar bo'lib qaytdi ham" deb keltiriladi "Sohilsiz dengiz" kitobida.

Imom Buxoriyning ustozlariga bo‘lgan hurmati nafaqat so‘zda, balki har bir harakatida namoyon bo‘lardi. Bir kuni u mashhur ustozlaridan biri bilan suhbatlashayotganda, ustozning yonida kichik bir xat qolgan edi. Buxoriy darhol uni ko‘tarib, ustoziga uzatdi va yuzini jilmaytirib:

 “Allohning ilmiga xizmat qiluvchi har bir narsani ehtirom bilan tutishimiz zarur,” - dedi.

Shunday oddiy, ammo samimiy harakat orqali ular ustozga bo‘lgan hurmat, ixlosini namoyish etdilar. Shu o‘rinda, shogirdlariga ham hayot sabog‘i bo‘ldi, ilmni faqat o‘qish bilan emas, adab va ehtirom bilan ham amalda o‘rganilishi zarur ekanligini taʼkidlab oʻtdilar.

Bunga qoʻshimcha tarzda, Muhammad Munir Samnudiy "Tuhfatus solikin" da shunday yozadi: "Tolib ulug' maqom va darajaga faqatgina shayxlar suhbati, ularning soʻzlarini tinglab, mulohaza qilish va odoblarini o'rganish, shu bilan birga ularga doimiy xizmati bilangina yetadi. Kim ularga ehtirom bilan xizmat qilmasa, ular foydasidan mahrum qoladi, va marhamat nazarlariga erisha olmaydi"

Demak, yuksak maqom va martabaga yetishni istagan tolib sohibdil zotlar koʻnglidan joy olsin ekan. Bu yerdagi yuksak maqom va martabadan murod haqiqiy bandalik va chin odamiylik yoʻli boʻlsa, koʼngil ahlidan murod esa qalbi Allohning zikri-yodi bilan tirik boʻlgan zotlardir.

Imom Abu Hanifa rohmatullohi alayh ustozlariga bo‘lgan hurmatda tengsiz edilar. U zot har bir darsdan so‘ng ustozlari - Hammod ibn Abu Sulaymon haqida duoda bo‘lar, hatto uylariga borib xizmat qilganlar. Bir kuni shogirdlaridan biri:

- Ustoz, siz buyuk faqihsiz, nega haligacha ustozingizni eslab duo qilasiz? — deb so‘radi.

Abu Hanifa rahimahulloh jilmayib:

“Men bugun xalqni ilm bilan yoritayotgan bo‘lsam, bu nur Hammodning yuragidan chiqqan,” - dedilar.Imom Shofe’iy rahmatullohi alayh esa o‘z ustozlari Imom Molikning huzurida dars olganda, u zotning darsini tinglash uchun sahifalarni shivirlatib ham varaqlamas edilar. Chunki ustoz huzurida eng kichik ehtiromsizlikni ham gunoh deb bilganlar. Shuning uchun Alloh taolo ularni “ilm dengizi” deb atalmish maqomga yetkazdi.

Shuningdek, Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning muborak so‘zlarini yodga olsak:

"Olimlar payg‘ambarlarning vorislaridir.” (Buxoriy rivoyati

Ustoz -payg‘ambarlar merosini ko‘taruvchi, millatni yuksaltiruvchi, jamiyatni uyg‘otuvchi zotdir.

Ustozni qadrlash - Alloh bergan eng katta ne’matni qadrlashdir.

Ularning qadri -ulamolar uchun nafaqat dunyoviy, balki ma’naviy ustunlikning belgisi edi. Shogird ustozini faqat o‘qituvchi deb emas, qalbining tarbiyachisi, ruhining ko‘zgusi deb bilgan.

Alloh taolo bizni ustozlarimizning ilmiga ixlos bilan amal qiluvchi, ularning izzatini saqlovchi va ularga duoi xayr aytishga qodir qilgan avlod qilsin. Ustozlarimizning qalblari nur bilan toʻlsin. Ikki dunyoda yuksak maqomlarda boʻlsinlar. Amiyn.

 

Tayyorladi : 1-kurs talabasi Madina Yahyoyeva

Maʼsul ustoz: Taʼlim muassasasi tarbiyachisi G.Tilloyeva.

 

Izoh qoldirish