30.05.2022

Taomlanish odobi

 

Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo’lsin.
Payg’ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo’lsin.

Islom  dinida insonning faqat ruhiga emas, balki, jismiga ham ehtirom berilgan. Tirik jon borki taomga ehtiyoji bor. Shu jumladan insonning ham. Insonni ruhiyati iymon, amal, ilm va kitobxonlik bilan oziqlansa, uning jismi taom va halol ichimliklar bilan oziqlanadi. Faqat inson taomlanishda Islom dini ko’rsatmasiga binoan isrofga yo’l qo’ymasligi kerak. Barcha narsalarda jumladan, eb-ichishda ham Islom mo’’tadillikni tavsiya etadi. Faqat, Alloh taolo halol qilgan taom va sharoblarni, albatta. Mo’min musulmonlar halolu poklikka, ayniqsa, taomiga e’tibor berishi kerak. Taom tanovul qilishdan oldin ikki qo’l yuviladi.Islomda taomdan oldin ikki qo’lni yuvish diniy ta’limotlar orasiga qo’shilgan va u «baraka» deb atalgan.

Salmon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

«Taomning barakasi undan oldin (ikki qo’lni) yuvishdir va undan keyin (ikki qo’lni) yuvishdir», dedilar».Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilganlar.

Olim va katta yoshdagi kishilar taom tanovul qilishni boshlamagunlaricha, boshqalarning kutib turishi yuksak odob namunalaridandir.Bu odobni boshqa odoblar qatori, bolalarga ham yoshliklaridan o’rgatib borish kerak. Ba’zi xalqlarda ushbu odob allaqachon unutilib qolgan. Bizda unga amal qilish hozir yaxshi darajada, deya olamiz. Faqat bu odobga amal qilishda bardavom bo’lish kerak.

Huzayfa roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:«Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan taomga hozir bo’lsak, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam boshlamagunlaricha, qo’llarimizni uzatmas edik».Muslim rivoyat qilgan.

Taom tanovul qilishni boshlashda «bismillah» aytiladi.Dinimizda barcha yaxshi amallar tasmiya («bismillah») bilan boshlangani kabi taom iste’mol qilish ham Allohning nomi ila boshlanadi.

Taom o’ng qo’l bilan eyiladi.Payg’ambarimiz Muhammad alayhissalom barcha ishlarni o’ngdan boshlashni yaxshi ko’rar, jumladan, taomni ham o’ng qo’llari bilan er edilar.

Har kim o’z oldidan taomni eydi.Taom lagan kabi idishda keltirilsa, har kim o’z oldidan eydi, birovning oldidagi taomga qo’l uzatmaydi. Chunki birovning oldidagi taomga qo’l uzatish g’irt beodoblikdir.

Umar ibn Abu Salama roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qaramog’idagi bola edim. Qo’lim tovoqda borib-kelar edi. Shunda u zot menga: «Ey g’ulom! «Bismillah», degin, o’ng qo’ling bilan egin, o’z oldingdan egin!» dedilar. Shundan so’ng eyishim shunday bo’ldi».Buxoriy, Muslim, Abu Dovud, Termiziy rivoyat qilganlar.

Qo’l bilan eganda, taom uchta barmoq bilan olinadi. Bundan ko’p barmog’ini ishga solish ochko’zlikdir.

Ka’b ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:«Nabiy sollallohu alayhi vasallam uchta bormoqlari bilan er edilar va qo’llarini artishdan oldin ularni yalar edilar».Muslim, Abu Dovud, Termiziy va Nasaiy rivoyat qilganlar.

Taom suyanib, yonboshlagan holda eyilmaydi. Avvalo, bu ish beodoblik, madaniyatsizlikdir. Qolaversa, yonboshlab yotgan odamning taom yuradigan a’zolari – ichaklari, qorni, oshqozoni noqulay holga kelib, faoliyati sustlashadi. Binobarin, u egan taomning oshqozonda qayta ishlanishi, hazm bo’lishi qiyinlashadi. Oqibatda inson sog’lig’iga zarar etadi.

Abu Juhayfa roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:«Men suyangan holimda emayman», dedilar».Buxoriy, Abu Dovud, Termiziy, Nasaiy rivoyat qilganlar.

Qo’ldan tushgan va dasturxonga to’kilgan taom olib eyiladi. Qo’lda va idishlarda qolgan taom yuqlarining isrof bo’lishiga ham yo’l qo’yilmaydi.

Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

«Albatta, shayton sizlarning har biringizning har bir ishida hozir bo’ladi; taomiga ham hozir bo’ladi. Qachon birortangizdan luqma tushsa, undagi nopoklikni ketkazib, keyin esin. Uni shaytonga qoldirmasin. Forig’ bo’lgach, barmoqlarini yalasin. Chunki u taomining qaerida baraka bo’lishini bilmas», dedilar».Muslim, Abu Dovud, Termiziy va Nasaiy rivoyat qilganlar.

Taom eb bo’linganidan so’ng Alloh taologa hamd aytib, duo qilinadi.

Eb-ichgandan keyin shukr qilib, hamd aytishda Alloh taoloning yolg’iz O’zi rizq beruvchi Zot ekanini e’tirof qilish bor. Shu bilan birga, bu ishda Alloh taologa shukrni doimiy yangilab turish ma’nosi ham bor. Shukr qilgan bandaga esa Allohning O’zi ne’matlarini ziyoda qilib berishni va’da qilgan.

Diyorimizda ovqatlanishdan keyin qilinadigan duolardan «Alhamdulillahillaziy at’amanaa va saqonaa va ja’alanaa minal muslimiyn» («Bizni edirgan, ichirgan va musulmonlardan qilgan Allohga hamd bo’lsin») degan duo keng tarqalgan.

«Sunan» sohiblarining rivoyatida:«Nabiy sollallohu alayhi vasallam qachon taomlanishdan forig’ bo’lsalar: «Bizni edirgan, ichirgan va musulmonlardan qilgan Allohga hamd bo’lsin», der edilar», deyilgan.

Taomdan keyin ikki qo’l yuviladi.Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday qilganlar. Taomdan qolgan yuqlarini yuvib, ketkazish yuksak odob namunasidir.Taomdan keyin avval tish tozalagich ila tish tozalanib, chiqqan ovqat qoldiqlari tuflab tashlanadi.So’ngra og’iz chayiladi. Agar tish furshasi ila yuvilsa, yana ham yaxshi bo’ladi.

«Suvayd ibn Nu’mon roziyallohu anhu dedi:«Nabiy sollallohu alayhi vasallam bilan Xaybarga chiqdik. Sahboga etganimizda, u zot taom opkeltirdilar. Tolqondan boshqa hech narsa keltirilmadi. (O’shani) edik. So’ng u zot namozga turayotib, og’izlarini yaxshilab chaydilar. Biz ham chaydik». Buxoriy rivoyat qilgan.

Ovqatlanishning islomiy madaniyatiga ko’ra har bir musulmondan taomdan keyin og’zini yaxshilab chayishi talab qilinadi. Bu ishni Nabiy sollallohu alayhi vasallam qilganlari haqida rivoyatlar ko’p. Musulmonlar og’izning toza-pok bo’lishiga doimo katta e’tibor berganlar. Og’iz bilan Qur’oni karim, ibodat duolari o’qiladi, Alloh taoloning zikri qilinadi, shuning uchun u doimo pok bo’lishi, turli noxush hidlar chiqmasligi kerak.

Abu Hurayra roziyallohu anhu dedi:«Nabiy sollallohu alayhi vasallam hech qachon biror taomni ayblamasdilar. Agar ishtahalari tortsa, erdilar. Ko’ngillari tusamasa, tark qilar edilar».Buxoriy, Muslim, Abu Dovud rivoyat qilganlar.

Musulmonlik odobi har qanday taom tanovul qilganda uni maqtashni, ayblamaslikni va taom tayyorlagan shaxsga tashakkur izhor qilishni taqozo qiladi. Taom tayyorlagan shaxs taom tanovul qilgan kishiga yaxshilik qilgan shaxsdir. Yaxshilik qilgan kishiga esa tashakkur aytish lozim. Zotan, umumiy qoida shuki: «Odamlarga tashakkur qilmagan Alloh taologa ham shukr qilmaydi».

Taomni dasturxonda tartib bilan tanovul qilish yuksak odobdir.Rasululloh sollallohu alayhi vasallam doimo shunday qilganlar. Sahobalarni, siz bilan biz ummatlarini ham shunday qilishga undaganlar.Taomlanishdan Alloh taoloning ibodatiga, taqvosiga tayyorlanish niyat qilinadi. Ovqat eyish lazzatlanish va faxrlanish uchun bo’lmasligi zarur. Shundagina inson qilgan niyati tufayli ovqatlanganiga ham savob oladi. Dasturxon ustida kamtarlik ila o’tiriladi. Kibr va manmanlik barcha joylarda ham musulmon insonga to’g’ri kelmaganidek, dasturxon ustida ham to’g’ri kelmaydi. Taom tanovul qilishda shoshilmaslik kerak. Taom asta, yaxshilab chaynaladi, bunda beo’xshov ovozlar chiqishiga yo’l qo’yilmaydi. Shoshilib ovqatlanish beodoblik va ochko’zlik alomati bo’lishi bilan birga, sog’liqqa zarar ham keltiradi. Taomni keragidan ortiqcha emaslik zarur. Chunki bu narsa eng avvalo isrofdir, qolaversa, ko’p taom egan kishi lanj, loqayd, ibodatlarga befarq bo’lib qoladi, yana ko’p taom eyish oqibatida odam semirib, turli kasalliklarga chalinishi ham mumkin.

Miqdom ibn Ma’diykarib roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Odam bolasi to’ldiradigan idishlarning eng yomoni qorindir. Odam bolasiga qaddini tutadigan emaklar kifoyadir. Agar juda lozim bo’lsa, taomi uchun uchdan bir, sharobi uchun uchdan bir va nafasi uchun uchdan bir», dedilar». Termiziy, Ahmad va Hokim rivoyat qilganlar. 

Taomning boriga shukr va qanoat qilish, yaxshisini axtarib, o’zini ovora qilmaslik musulmonning yuksak odobidandir.

Musulmon kishi turmushini yaxshi ta’min qilish uchun imkoniyatidagi barcha halol vositalarni ishga solib, harakat qilaveradi. Ammo rizq berish Allohdan ekanini hech qachon unutmaydi. Shuning uchun o’ziga berilgan rizq-nasiba Allohning irodasi ila bo’lgan, deb biladi. Oz bo’lsa, norozi bo’lmaydi, ko’p bo’lsa, hovliqib ketmaydi. Chunki Allohning irodasiga qarshi chiqish musulmon odam uchun to’g’ri kelmaydi.

Taomni yakka-yakka emay, jamlanib emoqda baraka borligini unutmaslik zarur.

«Ustida ko’p qo’l bo’lgan ovqat Alloh huzurida ovqatlarning sevimlisidir», deganlar Payg’ambar alayhissalom.

«Bir jamoa odamlar:«Ey Allohning Rasuli, biz eymiz, lekin to’ymaymiz», deyishdi. «Ehtimol, tarqoqdirsizlar?» dedilar u zot. «Ha», deyishdi.

«Taomingizga to’planinglar va Allohning ismini zikr qilinglar. (Shunda) sizlarga unda baraka berilur», dedilar». Abu Dovud rivoyat qilgan.

Taom issiq bo’lsa, uning sovushini kutib turish ham taomlanish odoblaridandir. Taom issiq yoki juda sovuq holda eyilmaydi, unga puflanmaydi, hidlab ko’rilmaydi, xo’rillatib yoki chapillatib iste’mol qilinmaydi.

Asmo binti Abu Bakr roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «U kishiga sariyd (taom) keltirilsa, hovuri bosilguncha ustini yopib qo’yishga buyurar va:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning «Shunda katta baraka bor», deyayotganlarini eshitganman», der edi». Dorimiy rivoyat qilgan.

Taomni puflamaslik yuksak islomiy odobdandir. Taom ustida nafas olinmaydi, agar u issiq bo’lsa, puflab sovutilmaydi. Luqmani olib borayotganda og’iz katta ochilmaydi. Taom eyilayotgan qo’l kosa yoki tovoqqa, dasturxonga silkitilmaydi.

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam taom va sharobga puflashdan qaytardilar». Ahmad rivoyat qilgan.

Taomni chetidan eb borish odobdandir, o’rtasidan va ustidan eyish beodoblikdir. 

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Qachon biringiz taom esa, tovoqning ust tomonidan emasin. Balki past tomonidan esin. Chunki baraka uning ust tomonidan nozil bo’lur», dedilar».

Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilganlar va Termiziyning lafzida:

«Baraka taomning o’rtasidan nozil bo’ladi. Bas, uni atrofidan eng, o’rtasidan emang», deyilgan.

Taomni o’tirib eyish odobdandir, tik turib yoki yurgan holda eyish beodoblikdir.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam tik turib ichishdan qaytardilar. Shunda: «Eyish-chi?» deyildi. «U yana ham og’irroq», dedilar». Termiziy va Muslim rivoyat qilganlar. Muslimning lafzida:

«U yana ham yomonroq yoki chirkinroq», deyilgan.

Yaqinda turgan kishilarni, xodimlarni ham birga ovqatlanishga chorlash yuksak odob namunasidir.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:«Qachon birortangizning xodimi uning taomiga, (taomining) issig’i va tutuniga kifoya qilsa, qo’lidan ushlab, o’zi bilan birga o’tirg’izsin. Agar ko’nmasa, bir luqma olib, unga egizsin», dedilar». Buxoriy, Muslim, Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilganlar.

Dasturxon ustida gaplashib o’tirish mustahabdir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va sahobai kiromlar shunday qilganlar. Taomlanish oxiriga etganda, hamma birga duo qilib, o’rnidan turishi yuksak odobdir. Shunda hamma oxirigacha taomlanib, hech kim xijolat bo’lmay, barcha baravar turgan bo’ladi.

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam Sa’d ibn Ubodanikida non va yog’ edilar. Forig’ bo’lgan chog’larida: «Huzuringizda ro’zadorlar iftor qilsin. Taomingizni abrorlar esin. Farishtalar sizga istig’for aytsin», dedilar». Abu Dovud rivoyat qilgan.

Xulosa: Farzandlarimizni yaxshi ko’rishimiz ularni tarbiya qilishdan to’smasin. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Hasan va Husayn roziyallohu anhumolarni juda yaxshi ko’rganlar. Hatto namoz o’qayotgan vaqtlarida ham ular elkalariga minganlari borasida hadislar rivoyat qilingan. Hazrat Hasan og’izlariga sadaqa xurmosini solganlarida olib tashlashga buyurganlar. Demak, yaxshi ko’rgan farzandimiz ham tarbiyasizlik qilsa, uni yaxshi ko’rishimiz tanbeh berishimizdan to’smasin.  Agar bir inson farzandingni yaxshilikka buyursa yoki yomonlikdan qaytarsa, jahling chiqmasin. farzandimiz biron insonga aziyat bersa, gunohi bizga ham bo’ladi, chunki biz yaxshilikka buyurganimiz yo’q. Yomonlikdan ham qaytarganimiz yo’q. Balki boshqa bir insonni yaxshilikka chaqirib yomonlikdan qaytarishidan ham man qildik.

 

“Jo’ybori Kalon” ayol-qizlar o’rta maxsus ta’lim muassasasi 

3-kurs talabasi Sayyora Roziqova va “Tahfiz-ul Qur’on”

 fani o’qituvchisi Komila Ochilova 

 

 

 

 

 

 

Izoh qoldirish