
Movarounnahr allomalarining islom sivilizatsiyasiga qo’shgan hissasi
Movarounnahr allomalarining islom sivilizatsiyasiga qo’shgan hissasi
Annotatsiya. Maqolada Мovorounnahr aholisining islomga kirishi ularning ko’plab qobiliyatlarini ochganligi, bu diyor aholisi hayotning ko’plab jabhalarida o’zlarining peshqadamliklarini ko’rsatib kelganligi, Movarounnahrdan islomning turli soha va ilimlari bo’yicha Movorounnaharlik namoyondalar yetishib chiqganligi haqida batafsil ma’lumotlar berilgan.
Alloh subhanahu va taolo birinchi hijriy asrda Movarounnahr diyorini O‘zining oxirgi va mukammal dini Islom nuri bilan munavvar qildi. Bu diyor ahlining ko‘pchiligi Islomni ochiq qalb bilan qabul qildi. Ularning Islomi go‘zal bo‘ldi. Zotan Alloh taoloning O‘zi bu diyor odamlarini ularga bergan ajoyib tabiat va qobiliyatlarga mos va ularning rivojiga omil bo‘luvchi qiyomatgacha boqiy qoluvchi dini Islomga hidoyat qilgan edi. Movarounnahr aholisining Islom diniga kirishi ularning ko‘plab qobiliyatlarining ochilishiga, hayotning ko‘plab jabhalarida o‘zlarining peshqadamliklarini isbot qilishga olib keldi. Tez orada Islomning turli soha va ilmlari bo‘yicha Movarounnahrlik nomoyandalar yetishib chiqa boshladilar. Bu harakat tezlik bilan rivoj topdi va turli ilmlarda umumdunyo miqyosidagi buyuk allomalar yetishib chiqa boshladi. Shu tariqa Movarounnahrda Islom dini va Islomiy ilmlar rivoji boshlandi. Tez orada Buxoro, Samarqand, Termiz, Nasaf kabi shaharlarning nomi islomiy shaharlar sifatida butun dunyoga tanildi.
Movarounnahrdan o‘sha vaqtda mavjud bo‘lgan barcha ilmlar bo‘yicha yetuk allomalar chiqibgina qolmasdan, balki bir qancha yangi ilmlarga asos solgan ulug‘ zotlar ham yetishib chiqdilar. Ushbu holatning o‘zi Movarounnahr aholisining insoniyat tarixiga, ilm, fan, madaniyat rivoji tarixiga kirishiga Allohning qiyomatgacha boqiy dini Islom sabab bo‘lganining yorqin dalilidir.
Islom yurtimizning boshqa burchaklarida ham tarqalib, yerli aholi Islomni yaxshi o‘zlashtirib oldi. Alloh taoloning oxirgi va mukammal dini bo‘lmish Islomda kishilarni irqi, millati, yashash joyi, tiliga qarab ajratish yo‘q edi. Hamma ixlosiga, e’tiqodiga, qilgan mehnatiga yarasha qadr topar edi.
Shuning uchun ham aslida qobiliyatli bo‘lgan Movarounnahr diyori aholisi Islomda o‘zining murodi-maqsadi va halovatini topdi. Islom tufayli hayotning barcha sohalarida ulkan muvaffaqiyatlarga erishdi. Islom soyasi ostida bu diyor gullab-yashnadi. Xalq esa o‘sha vaqtdagi dunyoning peshqadam xalqlaridan biriga aylandi.
Agar tarixga diqqat bilan nazar soladigan bo‘lsak, hayotning barcha sohalarida ko‘zga ko‘ringan arboblar, dunyoga dong‘i ketgan buyuk shaxslar ayni Islom davrida, islomiy hayot soyasida voyaga yetganlar. Butun olamga fan, madaniyat, hazorat (sivilizatsiya) markazlari sifatida tanilgan shaharlarimiz ham o‘sha vaqtda tilga tushgan. Dunyo tarixidagi oddiy haqiqatlarning biri shulki, ilmu-fansiz hech bir yurt, hech bir xalq, hech qanday jamiyat taraqiyotga erisha olmaydi.
Islom madaniyatining gullab-yashnashi, musulmon o‘lkalarining jahon tarixi ko‘rmagan taraqqiyotga erishishi, yurtlarning obod, xalqlarining peshqadam bo‘lishi ham Islom dinining ilm-fanga bo‘lgan o‘ta yaxshi munosabatidan edi. Dunyoda hech bir din, tuzim, falsafa yoki harakat ilm talab qilishni ibodat darajasiga ko‘targan emas. Talabi ilmni har bir erkak va ayol uchun beshikdan lahadgacha farz qilgan emas. Ulamolarning siyohini shahidlar qoniga tengalashtirgan emas. Islom esa aynan shu ishlarni qildi.
Eng muhimi, Islomda bular quruq gap va tashviqot uchun ko‘tarilgan shior bo‘lmadi. Odamlarni aldash uchun e’lon qilingan dastur ham bo‘lmadi. Aksincha haqiqiy amaliy haqiqat bo‘ldi. Bu sohada ham islomiy bag‘ri kenglik ko‘rsatildi. Kim bo‘lishidan qat’iy nazar, har kim mehnatiga yarasha qadrlandi. Shuning uchun ham aslida o‘troq, qobiliyatli bo‘lgan yurtimiz aholisi ichidan buyuk allomalar chiqdi. Ilmning turli sohalarida dunyoga dong‘i ketgan allomalarimiz ayni Islom madaniyati gullab-yashnagan paytda yashab-ijod qilganlar.
Islom inson hayotini diniy va dunyoviy hayotga bo‘lmay bir butun narsa deb qaraganidek, ilmga ham bir butun haqiqat deb qaragan. Diniy ilmlar yoki dunyoviy ilmlar, degan ayirmachilik bo‘lmagan. Ilm dargohlarida turli darslar o‘qitilgan. Ulamolar har bir ilmdan imkoniyat boricha xabardor bo‘lishga harakat qilganlar. Ularning ma’lum bir sohada mashhur va peshqadam bo‘lishlariga turli ilmlarning birida qilgan kashfiyoti yoki yozgan kitobining nodirligi sabab bo‘lgan xolos. Agar mashhur allomalarning tarjimai hollari bilan yaxshiroq tanishib chiqilsa bu haqiqat aniq namoyon bo‘ladi.
Birgina misolni olaylik: Abu Ali ibn Sino asli faylasuf bo‘lgan, Ilmi Kalom bilan mashg‘ul bo‘lgan. Qur’onning ba’zi juzlariga tafsir yozgan. U kishi qoldirgan asarlar ro‘yxatiga bir nazar solgan odam buni darhol sezadi. Lekin, falsafiy bahslardan dam olish vaqtlarida tib bilan ham shug‘ullangan.
Shundan ko‘rinib turibdiki, nazariy ilmlar amaliy-tajribiy ilmlarga qaraganda yetakchilik qilgan. Islomda nazariy ilmlar boshida Allohning kalomiga, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning sunnatiga tegishli ilmlar turadi. Qur’oni Karim va hadisi sharifni o‘rganish boshqa ilmlarning rivoj topishiga ham turtki bo‘ladi. Bu haqiqatni yurtimiz tarixida ham ko‘rish mumkin. O‘sha taraqqiyot davrida Qur’on va Sunnat ilmlari kuchli rivojlangan, ularga amal qilishga e’tibor katta bo‘lgan. Shuning uchun keskin taraqqiyotga erishilgan. Ayni o‘sha paytda islomiy ilmlar bo‘yicha buyuk imomlar yetishib chiqqanlar va o‘zlarining beqiyos asarlarini bitganlar.
Ushbu ma’ruzada Movarounnahr farzandlari bo‘lmish buyuk musulmon olimlarning ilmiy merosi haqida juda ham qisqa ma’lumotlarni taqdim qilish niyatidamiz.
Albatta, bu urinish ba’zi sarlavhalardan iborat bo‘ladi, xolos. Chunki Movarounnahr diyoridan yetishib chiqqan buyuk olimlarning ilmiy merosi haqida ko‘p jildlik kitoblar yozilganda ham kamlik qilishini hammamiz yaxshi bilamiz.
Tasavvur qilish uchun birgina misol ketirishimiz mumkin. Ulug‘ vatandoshlarimizdan biri Najmuddiyn Umar ibn Muhammad ibn Ahmad Nasafiyning “Al-Qand fii zikri ulamai Samarqand” nomli kitobida Samarqandga tegishli bir ming o‘nta olimning tarjimai holi keltirilgan. Albatta, mazkur kitobda uning muallifiga ma’lum bo‘lgan va undan oldin yashab o‘tgan ulamolar haqida ma’lumot berilgan, xolos. Ammo u bilmagan va undan keyin Samarqandda o‘tgan ulamolarning sonini Alloh taoloning O‘zigina biladi. Movarounnahrning boshqa shaharlari haqida ham xuddi shu gaplarni takrorlashimiz mumkin. Biz quyidagi satrlarda ba’zi ilmlar bo‘yicha Movarounnahr ulamolari qoldirgan ilmiy merosdan namunalar zikr qilishga harakat qilamiz.
Alloh taolo yurtimizni Islom nuri bilan munavvar qilganda, ba’zi sahobai kiromlarga Niso va Marv kabi shaharlarda istiqomat qilishlarini nasib etdi. Albatta, sahoba roziyallohu anhumlar bor joyda hadis darslari uyushtiriladi. Odamlar tevarak atrofdan ular bor joyga kela boshladilar.
Natijada yaxshigina hadis maktabi tashkil topdi. Keyinchalik, bu maktab Is’hoq ibn Rohavayh al-Marvaziy va Abdulloh ibn Muborak al-Marvaziy kabi yetuk allomalar, buyuk muhaddislarni tarbiyalab yetishtirdi. Nisodan esa eng mo‘tabr olti hadis kitobi (“Sihohi sitta”)ning birini tuzgan Imom Nasaiy yetishib chiqdilar. Marv va Nasodan keyin hadis ilmi boshqa o‘lkalarga ham tarqaladi. Turli joylardan buyuk muhaddislar yetishib chiqdilar. Ularni nomma-nom sanab chiqish mushkul, faqat eng mashhurlaridan ba’zilarini zikr qilish bilan kifoyalanamiz.
Yuqorida Is’hoq ibn Rohavayh al-Marvaziy, Abdulloh ibn Muborak al-Marvaziy va Imom Nasaiylarni aytib o‘tdik. Ular bilan bir qatorda Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Dorimiy Samarqandiylarni ham butun Islom olami hadis ilmining peshvolari deb tan olgan.
Umuman hadis ilmi bo‘yicha hech bir musulmon yurti bizning yurtimiz oldiga tusha olmaydi. Dunyo bo‘yicha eng mo‘tabar hadis kitoblari oltita bo‘lib, shundan beshtasiga hamma yakdil ittifoq qilgan. Bular Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Imom Termiziy va Imom Nasaiylarning kitoblari. Shulardan uchtasi–Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Nasaiylar yurtimiz farzandlaridir.
Oltinchi o‘rniga uchta kitob da’vogarlik qiladi. Ulardan birining egasi bo‘lmish Imom Dorimiy Samarqandiy ham yurtimizdan chiqqan.
Albatta, bundoq natijalarga erishish o‘z-o‘zidan bo‘lavermaydi. O‘sha vaqtdagi ilmiy muhit, turli hadis maktablari orasidagi o‘zaro musobaqa, ustoz va tolibi ilmlarning ko‘pligi taraqqiyotga o‘z hissasini qo‘shgan. Shunchalik buyuk imomlarning yetitshib chiqishi, o‘z-o‘zidan, ya’ni poydevorsiz, asossiz, kerakli omillarsiz bo‘lmaydi. Shunchalik mo‘tabar kitoblarning paydo bo‘lishi tasodifan emas.
Allohga hamdlarlar bo‘lsinkim, hozirda vatanimizdan chiqqan buyuk allomalarning hayoti va qoldirgan ilmiy meroslarini o‘rganish, xalq ommasiga yetkazish ishlari olib borilmoqda. Ushbu anjumanimiz ham bu boradagi muhim ishlardan biri hisoblanadi. Biz avval ham ta’kidlanganidek, faqat qisqa ishoralar bilan cheklandik. Ammo ulug‘ olimlarimizning shaxslari va ilmiy meroslari haqida katta-katta kitoblar bitilgan va yana bitiladi degan umiddamiz.
So‘zimning oxirida ushbu anjuman tashkilotchilariga o‘zimning samimiy tashakkurlarimini izhor qilaman va barchangizga faqat yaxshiliklar tilab qolaman.
Alloh o‘tgan ulug‘ allomalarimizning joylarini jannatdan qilsin!
Ilm-ma’rifat va fan-madaniyat yo‘lida qilgan amallarining savobini ko‘paytib bersin!
Bizlarni ham ulaga munosib avlodlar bo‘lishimizni nasib etsin!
Buxoro shahar“Jo’ybori Kalon” ayol – qizlar
o’rta maxsus islom ta’lim muassasasi o’qituvchisi
Mo’minova Mehriniso Habibjon qizi
Izoh qoldirish