Namozda hushu
Bandalariga namoz o‘qishni buyurgan va unda hushu va huzu bilan o‘ziga yuzlanishga undagan Alloh subhanahu va taologa marhamatining cheksizligicha hamdu sanolar bo‘lsin. Ummatlariga namoz o‘qishda o‘rnak bo‘lgan va Robbi: " Va albatta, Sen buyuk hulqdasan", deya madx qilgan ikki olam Sarvari Muhammad sollallohu alayhi vasallamga bitmas-tuganmas salovotu salomlar bo‘lsin. "Hushu"- qo‘rquv bilan sukunatning birga qo‘shilganidir. Haqiqiy mo‘min banda namoz o‘qiganida butun vujudi, qalbi, harakati ila Alloh taoloning buyuk maqomi huzurida qo‘rqinch va sokinlikda, ya‘ni hushuda bo‘ladi. Chunki, namozdagi hushu mo‘min bandaning alomatidir. Alloh taolo Mo‘minun surasida marhamat qiladi: "Batahqiq, mo‘minlar zafar toptilar. Ular namozlarida hushu qiluvchilardir". (1-2- oyatlar) Alloh taolo ushbu oyatlari ila mo‘min kishilarning zafar topishlarini ochiq-oydin va‘dasini bermoqda. Uboda ibn Somit roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Guvohlik beramanki, men Rosululloh sollallohu alayhi vasallamning shunday deganlarini eshitdim "Alloh azza va jalla besh vaqt namozni farz qildi. Kim taxoratni yaxshilab olsa va ularni o‘z vaqtida o‘qisa, ruku va hushuni batamom qilsa, Allohning zimmasida uni mag‘firat qilish ahdi bo‘lur. Kim (bunday) qilmasa, unga Allohning zimmasida ahd bo‘lmaydi. Xohlasa mag‘firat qiladi, xohlasa azoblaydi." Abu Dovud va Nasoiy rivoyat qilishgan. Rasuli akram alayhissalom namoz o‘qishda butun ummatga o‘rnak bo‘ganlar . Ul Zot namoz o‘qiganlarida Allohdan qo‘rqib yeg‘lar edilar, ko‘kslaridan esa tegirmonning yoki qozonning qaynashiga o‘xshagan ovoz eshitilib turardi. Albatta bu, namozdagi hushudandir. Ul Zotning ummatlaridan ham hushuni o‘rniga qo‘yadigan mo‘min kishilar ko‘p bo‘lgan. Misol uchun: Urva ibn Zubayr roziyallohu anhuning oyog‘iga qorason kasali tushadi. Tabiblar oyog‘ini sonidan kesib tashlash qaroriga kelishadi. O‘sha davrning tabobatiga ko‘ra oyog‘ni kesishdan oldin bemor banj iste'mol qilishi kerak bo‘lgan. Ammo, Urva ibn Zubayr roziyallohu anhu harom hisoblangan banjni iste'mol qilishdan bosh tortadi. Va tabiblarga oyog‘ini kesishni u namozni boshlab, bir maromga yetib, badani titray boshlaganida amalga oshirishni aytadi. So‘ng, namozni boshlaydi. Badani titray boshlaganida tabiblar uning oyog‘ini sonidan kesishadi va qonni to‘xtatish uchun qaynab turgan yog‘ga botirishadi. Urva ibn Zubayr roziyallohu anhu namozdagi hushu sababli oyog‘ini kesilganini ham, yog‘ga botirilganini ham sezmaydi. So‘ng, namozini tugatib hushidan ketadi.
Biz ham e'tibor beraylik, Payg‘ambarimizga mos ummat bo‘lyapmizmi?, namozimizda hushuda bo‘lyapmizmi? Agar hushuda bo‘lmayotgan bo‘lsak harakat qilaylikki toki mo‘min bandalar qatorida bo‘lib, Alloh taolo va'da qilgan zafarga erishaylik. Alloh taolo barchalarimizni mo‘min bandalaridan va taqvoda peshqadamlardan qilsin. Amin.
Жўйбори Калон аёл қизлар ўрта махсус ислом таълим муассасаси 2 курс талабаси
Жабборова Муслима
Izoh qoldirish