30.12.2021

Nasafiy kunyasi bilan mashhur ulamolar haqida

        IX-XII asrlarda Nasaf  ilm va madaniyat taraqqiyoti bobida Samarqand va Buxoro bilan raqobatlashadigan darajaga ko’tarilgan. Ofuron (Obron), Kojar, Balad (Po’lati), Fudina singari yirik manzillardan taniqli olimlar, hadisshunos va fiqhshunoslar yetishib chiqqanlar.

         Nasaf shahri IX-XII asrlarda ilm-ma’rifat jihatidan Movarounnahrdagi eng yirik ilmiy-madaniy markazlar - Samarqand va Buxorodan keyin turib, ko’plab olimu muhaddislar samarali faoliyat ko’rsatishgan. Sharqshunos olim D. Rahimjonovning ma’lumotiga ko’ra VIII-XII asrlarda Movarounnahrda 3000 dan ortiq muhaddislar faoliyat ko’rsatgan. Ulardan 1000 dan ortig’i Samarqandda, 600 dan ziyodi Buxoroda, 400 dan oshig’i Nasafda, 70 dan ortig’i Shoshda, 60 dan ziyodi Farg’onada, yana shunchasi Keshda, 50 dan ortig’i Termizda, 40 dan ziyodi Xorazmda, shuningdek qolgan qismi esa Ustrushona, Dobusiya, Kushoniya va boshqa mintaqalarda faoliyat yuritishgan. Bu raqamlar Nasaf shahrining Movarounnahrdagi nechog’li ilmliy-madaniy salohiyatini yuksakligini yaqqol isbotlaydi”[1].

           Nasaflik 400 dan ziyod ulamolarning aksariyati Nasaf vohasidagi shaharlarga (Pazda, Kasbi va Kesh shaharlariga) mansub bo’lganlar. Nasaflik ko’plab ulamolar ilmiy faoliyatini Samarqand va Buxoro shaharlarida ham olib borishgan.

Nasafda boshqa ilmlar kabi hadis ilmi ham taraqqiy etgan. Buyuk muhaddis olim Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy (810-870) bir muddat Nasaf shahridagi Boyon mahallasida istiqomat qilib, o’zining “Al Jome’  as-sahih” kitobi uchun zarur ma’ lumotlarni to'plagan va bu yerdagi hadis ilmi rivojiga ham munosib hissa qo’shgan. Alloma bu shaharda shogirdlariga ham saboq berib, Abu Zayd Tufayl Ibn Zayd (vafoti 892 y.), Abu Is’hoq Ibrohim ibn Ma’qil Ibn Nasafiy as-Sanjoniy (IX asr) kabi bir qancha taniqli muhaddislar undan saboq olishgan.

Allomaning eng yaqin yordamchilaridan biri Ofuron qishlog’idan bo’lgan Jabroil ibn Ovan al-Ofuroniy hisoblanib, u kishining o’zi ham zamonasining yetuk olimi va hadisshunoslik ilmining peshvolaridan biri sanalgan. Nasaf fozil-u ulamolari Ismoil al-Buxoriyni iliq va yuksak ehtirom bilan kutib olishgan. Nasafliklar allomani o’z xonadonlarida mehmon bo’lishini, o’zlarini allomaning xizmatida bo’lishlarini sharaf deb bilganlar[2].

            Shuningdek, Nasafda tavallud topib Samarqandda ilm-u fan bilan shug’ullangan Abu Hafs an-Nasafiy (vafoti 1142) 100 dan ziyod asarlar yaratib, unga “al-Hofiz” nisbasi berilgan edi. Ma’lumki hofiz darajasiga erishish uchun 20 mingdan ziyod hadislarni matn-u sharhlari bilan birgalikda to'liq yod olish shart bo’lgan. Abu Hafs Ismoil al-Buxoriyning “Al-Jome’ as-sahih” asarini sharhlab, maxsus asar ham yozgan.

VIII-XII asrlarda Nasaf Movarounnahrdagi hadis ilmi markazlaridan biri sifatida tan olingan. Nasaf shahrida butun viloyat ilm toliblari uchun markaziy maktablar mavjudligi sababli, bu shaharga Pazda (Bazda) Kasbi, Koson, Varsin, Yagna, Novqat, Quraysh, Ofuron, Zodak, Qalosiy, Muda, Sanjan, Fijkat, Maymurg’ kabi shahar va yirik qishloqlardan olimlar ilm olish uchun tashrif buyurishgan. Shuningdek, Nasaf vohasida muhaddis olimlar al-Kasbaviy, al Kosoniy, al-G'ubdinliy, al-Ibsoniy, al-Pazdaviy, al-Maymurg'iy nisbatlari bilan ham samarali ilmiy faoliyat yuritishgan.

            IX asr oxirida Nasaf vohasidan yetishib chiqqan uch buyuk allomalarning birgalikda olib borgan ilmiy faoliyatlari Samarqand shahri uchun o’zining samarali ta’sirini ko’rsatdi. Sadrul Islom Abul Yusr Muhammad Ibn Muhammad al-Pazdaviy an-Nasafiy (vafoti 1100 y. Buxoroda), uning akasi Faxrul-Islom Abul-Hasan Ali Ibn Abdulkarim al-Pazdaviy an-Nasafiy (vafoti Keshda 1089y.) va Abul Mu’in an-Nasafiy (1046-1114 yy.) kabi mashhur olimlarning Samarqandga ko’chib o’tishlari hanafiy ta’limotining rivojlanish yo’nalishlarini sezilarli darajada ijobiy tarafga o’zgartirdi. Ushbu ulamolar Buxoroda ham ilm-fan ravnaqiga o’z hissalarini qo’shganlar[3].

          IX asrda Nasafda Qur’onni tafsir qilishni keng yo’lga qo’ygan Ibrohim ibn Ma’qal as-Sanjoniy an-Nasafiy, Muhammad ibn Nasr al Kallasiyan an Nasafiylar umrguzaronlik qilishgan.

          IX-X asrlarda Nasafda yozma adabiyot namunalari vujudga kela boshlagan. Bu davrda yashab ijod etgan Abu al Mute’ an-Nasafiy arab tilida axloqiy- nasihatomuz ruhdagi asar yaratgan. Shahobiddin Nasafiy (Shahobiy) (X asr) Saljuqiylar saltanatining shuhratli shoirlari qatoridan joy olgan. Bu davr an’anasiga ko’ra Nasaf allomalari arab tilida, XI asr oxiri XII asr boshlarida esa fors tilida ijod qilishgan. XIV asrdan e’tiboran, ayniqsa Sohibqiron Amir Temur saltanatidan boshlab esa turkiy tilda yozish urf bo’lgan. Yevropalik o’rta asr sayyohi Tavernyening yozishicha barcha Sharq mamlakatlarida arab tili – Qur’on va ilm tili, fors tili she'riyat va nafosat tili, turkly til esa siyosat va harb tili sifatida mashhur bo'lgan"[4].

VIII asr oxiri - IX asr boshlarida Nasafdagi hadisshunoslik va fiqhshunoslik maktablarida Islom olamining turli mamlakatlaridan kelgan talabalar saboq olishgan.

Buxorolik mashhur muarrix olim Narshaxiy X-XII asrlarda Nasafda fan va madaniyat gullab yashnaganligini bayon etib, olimlardan Najmiddin Abu Hafs Umar an-Nasafiyni tilga olgan. XII asrning o’rtalarida Nasafda yashagan qomusiy olim Najmiddin an-Nasafiy (1068-1142 yy.) nomi manbalarda ko’p tilga olinadi. Unga “Moturidiy” nisbasi ham berilgan, Alloma 1ug’atshunoslik, tarix, fiqh ishlariga bag’ishlab 100 dan ziyod asarlar yozgan, shundan 10 tasi bizgacha yetib kelgan. Uning “Aqidatun Nasafiy” asari hozirgacha ham madrasalarda o’qitiladi.

           Nasaflik olim Abul-Abbos Ja’far ibn Muhammad al-Mustag’firiy an- Nasafiy (961-1041) o’z davrining mashhur ulamolaridan sanalib “Nasaf va Kesh tarixi” asarini yozgan. Olimning ushbu asaridan Sam’oniy o’zining “al-Ansob” nomli asarida samarali foydalanib, bu ikki shahar odamlarini 80 toifaga bo’lib naql qilgan. Nasaf va Keshda X-XI asrlarda yashagan 43 olim, shoir va din arboblari haqida hikoya qilgan. Mazkur asarda muallifning 4 ta ustozi va 2 ta shogirdi haqida ham ma’lumotlar berilgan.

           Alloma Abul Mu’in an-Nasafiy (1046-1114) “Al-Moturidiya kalom maktabining himoya qilib turuvchi buyuk shaxs” deb ta’riflangan. Alloma dastlab ta’limni ona shahri Nasafda olib, Samarqandga, so’ngra Buxoroga ko’chgan. Damashq shahrida ham safarda bo’lgan. U “Tabsirotul adilla fil usulud-din al-tariqati imon Abu Mansur al-Moturidiy” (Abu Mansur al Moturidiy ta’riqatiga binoan din ulomalarini aniq dalillar bilan sharhlash”),  “Bahrul kalom” (“Kalom ilmi ulomasi). At-tamhid li-qavoit tavhid (“Tavhid qoidalariga muqaddima”) kabi asarlarini yozgan.

Alloma o’z davrining mashhur mutakallim olimi bo’lgan va Samarqanddagi hanafiy kalom maktabining yirik vakili bo’lgan. U nafaqat kalom ilmining allomasi, balki o’z davrining faqihi va usulchi olimi sifatida ham nom qozongan ulug’ siymolardan biri hisoblangan. Turkiyalik olim H.Otay yozganidek; “Moturidiya ta’limotining eng mashhur mutakallim olimi Abul Mu’in an-Nasafiydan keyin uning yo’lida va tizimida u kabi shaxs hali yetishib chiqmagan.

          Bu zotni Najmiddin Umar Ibn Muhammad an-Nasafiy o’zining “Al-Qand fi-zikri ulamoi Samarqand” (“Samarqand olimlari zikrida qanddek (shirin) kitob)” nomli asarida shunday ta’riflagan: “Sharqu G’arbning olim-u ulamolari Abul Mu’in an-Nasafiy ilmining dengizidan bahra topib, ul taratgan ziyo nurlarini ko’zlariga to’tiyo qilib surtganlar[5].

            Allomaning Najmiddin Umar an-Nasafiy, Alouddin as-Samarqandiy, Abu Bakr al-Kosoniy, Abul Muzaffar alal-Talaqoniy, Ahmad al-Pazdaviy (Buxoro), Abul Hasan al-Balxiy, Abul Fath al-Hilmiy. Abdurashid al Valvolijiy, Mahmud as-Sog’orjiy, Ali ibn al-Husayn as-Sakalkandiy kabi shogirdlari samarali ijodiy faoliyat yuritishgan. 

          Moturidiya kalom maktabining mashhur vakili va targ’ibotchisi Najmiddin an-Nasafiy (1069-1142-43 yy.) yoshligida Abul Yusr Muhammad al-Bazdaviy, al-Hasan ibn Ayda al-Malik an-Nasafiy, Ismoil ibn Muhammad an-Nuhiy an-Nasafiy kabi yirik olimlardan saboq olib, Burhoniddin al Marg’inoniyga ustozlik qilgan. Unga al-Moturidiy nisbasi qo’shib aytilgan.    

Al-Moturidiyning islom olamidagi eng mashhur shogirdlaridan biri Abd om olamidagi al-Karim al-Pazdaviy (vafort 999 yil) hisoblangan"[6].

Shayx Aziziddin Nasafiy (1240-1300 yy.) komil inson ilmining nazariyotchisi hisoblangan[7]. Bahouddin Naqshbandga Pudinalik Qusam Shayx va Muboraklik Bahouddin Qishloqiylar ustozlik qilishgan.

O’rta Osiyo madrasalarida “Aqoidi Nasafiy” darslik sifatida foydalanilgan. Shuningdek, madrasalarda “Ar-risola ash-shamsiya fi qavoid al-mantiq” ya’ni mantiq fani darsligi muallifi Nosiriddin at-Tusiyning Dabiron taxallusli taniqli shogirdi Najmiddin Ali ibn Umar al-Qazviniy al-Kotibi an-Nasafiy tomonidan yozilgan “Hikmat al-ayn” risolasi ham madrasalarda darslik sifatida qo’llanilgan. Madrasalarda zaruriy darslik sifatida “Fiqhi Kaydoniy” darsligi o’quv dasturiga kiritilib, uning muallifi Abdulloh an-Nasafiy al-Fozil al-Kaydoniy hisoblangan. “Matlab as-Solih” kitobi asosida ham talabalar o’qitilgan[8].

 


 

[1] Rahimjonov D. IX-XII asrlarda Samarqandda hadis ilmi taraqqiyoti. (Abu Hafs an-Nasafiyning “Kitob al-qand fi ma’rifati ulamoi Samarqan” asari asosida) Nomz, diss. B.14.

[2] Rahimjonov D. Imom Buxoriy va Nasaf hadis maktabi. –Imom al-Buxoriy saboqlari. 2000yil. 2-son. B.92.

[3] Oqilov S. Abu-l-Mu'in an-Nasafiy ilmiy merosi va Moturidiyya ta'limoti. T., 2008. B.23,24.

[4] Nosir Muhammad. Nasaf va Kesh allomalari. T., 2001. B.4.

[5] Uvatov U. Abul Muin an-Nasafiy, T, 2003 B. 23, 27.; Oqilav S. Abul-Muin an-Nasafiy ilmiy merosi va Moturidiya ta'limoti. T. 2008. B. 231.

[6] Ziyodov Sh. Mutakallim Abu Mansur al-Muturidiy va uning kalom ta’limoti // “O’zbekiston tarixi”. B. 173.

[7] Komilov N. Tasavvuf. T., “Yozuvchi”, 1996.B.147.

[8] Solijonova G. O’rta asrlarda O’rta Osiyo madrasalarida o’quv dasturi haqida // “O’zbekiston tarixi”, 2000 yil 3-son. B.30,31,33.

 

 

 

Izoh qoldirish