Telefon orqali nikohlanish
Nikoh muqaddas rishta bo'lib uning bog'lanishi ham ahamiyatli aqddir. Uning rukni ijob va qabuldir. Ya'ni bir tomonning o'tagn zamonda "uylandim, nikohimga oldim, tan mahramlikka oldim" kabi so'zi va ikkinchi tomonning "turmushga chiqdim, o'zimni tan mahramlikkka bag'ishladim" degan so'zi ila bog'lanadi.
Bunda quyidagi shartlar lozim bo'ladi:
1. Ikki nikohlanuvchi yoki kuyov va qiz tomondan bo'lgan valiy bir joyda hozir bo'lishlari
2. Bir-birlarining so'zlarini eshitishlari
3. O'sha yerda musulmon, balog'atga yetgan, aqli joyida ya'niki, jinni bo'lmagan ikki erkak yoki bir erkak va ikki ayolning guvoh
4. Guvohlar ikki tomonning so'zlarini bir vaqtning o'zida eshitishlari
5. Guvohlar ikki tomonning so'zlarini tushunishlari
Telefonda nikoh qilinganda esa bunday shartlar topilmaydi. Shuning uchun telefon orqali bog'langan nikoh to'g'ri bo'lmaydi. Agar yigit va qiz bir shaharda bo'lmasalar va ularning bir joyda hozir bo'lib nikohlanishlarining imkoni bo'lmasa buning yechimi quyidagichadir:
Qiz yigit bo'gan shahardagi musulmon, mukallaf bir insonni o'ziga vakil qiladi. "Men sizni meni falonchiga nikohlashingiz uchun vakil qildim" deydi. Buni telefonda ham amalga oshirish mumkin. Keyin o'sha odam qizning o'rnida ikkinchi tomon vazifasini o'taydi. Nikoh aqdi paytida "falonchi qizi falonchini sizga turmushga berdim" deb o'tgan zamon lafzida aytadi. Qizning valiysi (otasi yoki aka-ukasi) bu nikohga rozi bo'lishlari nikohning shartlariga kirmasa ham ularning roziligi olinishi kelajakda qurilajak oilaning farovon va tinch bo'lishiga xizmat qiladi. Chunki otalarning roziligisiz qurilgan qanchalab oilalar buzilib, mojarolarga sabab bo'lishyapti.
Диниерова Хонзодабегим,фиқх фани ўқитувчиси
Izoh qoldirish