31.07.2021

Yoshlarning ta’lim tarbiyasi hayotiy dolzarb vazifa.

“Tarbiya” so‘zining ma’nolari ko‘p bo‘lsa-da, milliy an’analardan kelib chiqsak, tasavvurda avvalo uning “axloqiy” sifati uyg‘onadi. Boisi, ota-bobolarimiz bola axloq-odobini tarbiyaning boshqa turlariga nisbatan ustun qo‘yishgan. O‘zbek tilining izohli lug‘atida tarbiya so‘zi arabcha so‘z bo‘lib, “rivojlantirish, parvarish qilish, o‘stirish; o‘rgatish; ilm berish” singari bir qator ma’nolarni angla­tishi yozilgan. Izohli lug‘atni sinchiklab o‘rganganimizda “ta’lim” so‘zidan ko‘ra “tahsil” so‘zi ham kengroq ma’noni ifodalaydi. Milliy tarbiya tarixining atoqli namoyandalari Fitrat va Abdulla Avloniy qarashlarida “tarbiya” so‘zining ma’no qamrovi “ta’lim”ga qara­ganda birmuncha kengdir, hatto “ta’lim” mazmun-mohiyati jihatidan “fikr tarbiyasi” yoki “aql tarbiyasi” sifatida tarbiyaning tarkibiy qismi sanaladi. Umuman, tarbiya so‘zida yoshlarni (ham jismonan, ham axloqan, ham aqlan) barkamol avlod sifatida tarbiyalash tushuniladi. Ya’ni sodda qilib aytganda, “tarbiyali bola” barkamol avlod demakdir.

  Yoshlar tarbiyasi har bir davrning oʻta dolzarb masalasi boʻlib kelgani ayni haqiqat. Muarrixlarning yozishicha, Gerodot Sharqqa qilgan safarlari chogʻida Misr ehromlaridagi bir bitikka ajablangan: «Yoshlarning tarbiyasi buzilib ketyapti. Nima qilish kerak?!” Muarrix bu yozuvni oʻqiganiga ham ikki ming yildan oshib ketdi. Yozuvning bitilganiga esa, kim bilsin qancha vaqt boʻlgan? Demak, yoshlar masalasi hamisha oʻz dolzarbligini yoʻqotmagan, bunga hamma davrlarda ham turli darajada munosabat bildirilgan ekan-da.

 Islom taʼlimotida yoshlar tarbiyasi juda muhim oʻrin tutadi. Islomning dastlabki oʻn uch yilida, yaʼni Makka davrida Muhammad sollallohu alayhi va sallam insonlarning ongu shuuriga Allohning yakkayu yagonaligini singdirish barobarida ularga odob-axloq masalalarini oʻrgatishga alohida eʼtibor qaratganlar. Bu borada oʻz yonlariga 8–16 yoshli (Ali, Talha, Zubayr) kabi koʻplab yoshlarni olib, avvalo, ularning taʼlim-tarbiyasiga alohida ahamiyat berganlar.

 Hadisi sharifda: “Bolalaringizga odob beringlar va odoblarini chiroyli qilinglar”, deyilgan (Imom Muslim rivoyati). Tarbiya haqida Imom Gʻazzoliyning «Ihyou ulumud din» kitobida bunday deyiladi: “Bola – ota-ona qoʻlidagi omonat. Uning qalbi turli naqsh va rasmlardan xoli. Qanday naqsh solinsa, qabul qiladi, nimaga moyil qilinsa, moyil boʻlaveradi. Agar yaxshilikka undalsa va oʻrgatilsa, saodatli boʻladi. Ota-onasi hamda odob, taʼlim-tarbiya bergan ustozlar uning savobiga sherik boʻldi. Agar yomonlikka undalsa, halok boʻladi”.  Buyuk vatandoshimiz shayxurrais Abu Ali ibn Sino yosh avlod tarbiyasining ibtidosi qanday va nimalar bilan boʻlishi haqida quyidagilarni aytgan edi: “Yosh bola boshlangʻich taʼlim va tilga doir qoidalarni yod olganidan keyin u mashgʻul boʻlishi mumkin boʻlgan kasb-hunar va sanʼatga moyilligiga qarab, uni shunga yoʻllaymiz. Agar u kotiblikni xohlasa, til, xat yozish, nutq soʻzlash va odamlar bilan muomala qilish kabilarga dalolat qilamiz. Albatta, bu oʻrinda, bolaning mayli ahamiyatga ega” (“Islomiy tarbiya va uning falsafasi”. Muhammad Atiya, 197-bet).

 Bundan roppa-rosa bir asr oldin maʼrifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy tarbiya haqida kuyinib bunday degan: «Tarbiyani kimlar qilur? Qayda qilinur? degan savol keladur. Bu savolga javoban: birinchi – uy tarbiyasidur. Bu Onalarning vazifasidur. Ikkinchi – maktab va madrasa tarbiyasidur. Bu Otalar, muallim, mudarris va hukumat vazifasidur. Menga savol berurlar: Qaysi onalarni aytursiz? Bilimsiz, boshi paxmoq, qoʻli toʻqmoq onalarnimu? Oʻzlarida boʻlmagan tarbiyani qanday berurlar? Qaysi ota? Toʻychi, uloqchi, bazmchi, doʻmbirachi, karnaychi, surnaychi, ilm qadrini bilmagan, ilm uchun bir pulni koʻzi qiymagan, zamondan xabarsiz otalarnimi aytursiz? Avval ularni oʻzlarini oʻqutmaklik kerakdur. Bu  soʻzlar kishini yuragini ezar, bagʻrini yondirur...». Abdulla Avloniyning quyidagi sozlari barchamizga tanish va o’zining yuksak tushunchaga ega ekanligi uchun ham har bir ta’lim tarbiya maskanining peshtoqiga ilib qo’yilgan: “Tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir”.  Yoshlar tarbiyasini – hayot-mamot masalasi, deb taʼriflagan mutafakkir naqadar haq ekanini barchamiz yaxshi bilamiz. Chunki tarbiyasi moʻrt yoshlardan jamiyat, mahalla yoki oila uchun hech qanday naf yoʻq. Yoshlarning hayotda adashishi, tuzatib boʻlmas xatolari tarbiyada yoʻl qoʻyilgan xato yoki befarqlikning achchiq inʼikosidir.

    Bu borada olib borilgan izlanishlarning aksari shuni koʻrsatmoqdaki, tarbiyada, avvalo, ota-onaning hissasi katta. Bejiz Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi va sallam: “Hech bir ota-ona farzandiga goʻzal tarbiyadan koʻra qimmatliroq meros qoldira olmaydi”, demaganlar. 

Biz farzandlarimizga tarbiya ta’lim bermoqchi ekanmiz, avvalo, ularga dinimizni yaxshi tushuntirishimiz, vatanni sevishni o’rgatishimiz, xalqga xizmat qilish ruhida tarbiyalashimiz lozim. Inson avvalo dinini yaxshi tushunib, uni sevsa,  dinni ko’rsatmalariga rioya qilsa u insondan hech qanday yomonlik chiqmaydi. Vatanga nisbatan bo’lgan mehri esa uni xalqga yetadigan ziyonidan saqlab, ko’proq uning foydasiga xizmat qilishga undab turadi.

И. Уста-Алимова

Izoh qoldirish