JAHOLATGA QARSHI MA’RIFAT
“Jo’ybori kalon” o’rta maxsus
islom ta’lim muassasasi o’qituvchisi
Dilovar Sultonova
Hozirgi kunimizda ilm ma’rifatga bo’lgan ehtiyojimiz tobora ortmoqda. Tarbiyada, odobda, o’qishda, ishda, turmushda barcha barcha ishlarimizda suv va havodek zarur.Yurtboshimiz shuni inobatga olgan holda bu yilni “yoshlarni qo’llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili ” deb nomlashlari bejiz emas. Yoshlarning ichidan ham ayol-qizlarga e’tiborni kuchaytirdilar. Buning zamirida ayol millatni tarbiyalashi yotadi. Chunki ayol ilm-ma’rifatli bo’lsa farzandi ham aqlli bo’ladi. Ayol bilimli bo’lsa olim, o’z sohasining mutaxasislarini jamiyatga tayyorlab beradi.
So’zimizning dalili sifatida Alisher Navoiyni yoshliklarini xotirlab aytgan gaplarini eslasak kifoya. Shoir aytadilarki: kichkinalik vaqtimda onam ayollar bilan birga bahru bayt aytishar edi, biz bolalar ularni eshitib, she’r aytishga qiziqib taqlid qilardik. She’rga bo’lgan muhabbatim shu davrlarda uyg’ongan. O’zbek tarixiga nazar solsak onalar farzandlariga boshlang’ich ta’limni o’zlari berganlariga guvoh bo’lamiz. Biz boshlang’ich ta’lim deb aytayotganimiz hozirgi kunimizdagi maktab o’quvchisining barcha darsliklarini o’z ichiga oladi. Statistika ma’lumotlariga murojaat qiladigan bo’lsak ko’p davlatlarda qizlarning ta’lim maskanlari soni o’g’il bolalarnikidan ko’pligiga guvoh bo’lamiz. Buning sababi sifatida ularning javobi ayol o’qib olim bo’lmasa ham bizga olimlarni yetishtirib berishda katta xizmat qiladi deydilar. Yaponiya va Koreyaning hozirgi kundagi eng rivojlangan davlatlar bo’lishi ularning ta’limga e’tiborni qaratgan kunlaridan boshlangan.
Ta’lim shunday kuchki, dunyodagi eng kuchli qurol-yaroqlarni ham o’ziga bo’ysundiradi. Endi ma’rifatning ziddi bo’lgan jaholat haqida tasavvur qilib ko’ring-a? Oilada ota ma’rifatsiz bo’lsa, ona bilimsiz bo’lsa bola o’z-o’zidan saviyasiz, maqsadsiz bo’lib voyaga yetadi.
Bunday insonlarda oilaga sadoqat, mehr-shavqat, do’stlik rishtalari shakllanmaydi. Natijada bu insonga nima taklif qilinsa qilaveradi. Qaysi tomonga sudrasa ketaveradi. Hatto o’z oilasiga qarindosh-urug’lariga ham qarshi ishlarga rozi bo’laveradi. Oila jamiyatning bir bo’lagi endi oilalar shunday johilligini inobatga olsak, jamiyatning, yurtning, millatning ahvolini tasavvur qilavering. Yurtimizda shu jihatlarni e’tiborsiz qoldirmaslik maqsadida barcha maktablar bepul qilingan. Toki har bir inson ilm-ma’rifatli, saviyali bo’lsin.
So’zimizning isboti sifatida bir hikoyani keltiramiz. Hikoyamizda ilmli va ilmsiz bola qiyoslanadi, qay biri hayotda foydaga erishadiyu, qay biri zararga? Bir bola yo’lda ketayotib katta anhorga yo’liqadi. Anhorda ko’prik bo’lib unga “bu ko’prik ishlamydi, undan o’tmang” deb yozib qo’yilgandi. Bola yozuvni o’qigach, orqasiga qaytdi va manziliga eson-omon yetib oldi. Ikkinchi bola ham anhorga yetib keldi va undagi yozuvni ko’rdi. O’qishni bilmagani uchun yozuvni tushunmasdan ko’prikka yurdi va anhorga yiqilib tushdi. Manziliga ham yetib bora olmadi. Mana bilimsizlik hatto inson hayotiga ham xavf solarkan.
Tarixga murojaat qilsak buyuk bobokalonimiz Amir Temurning harbiy yurishlaridagi oqilona tadbirlariga uning ilmi asos ekanini guvohi bo’lamiz.Amir Temurning ayollari ham kuchli aqlu-zakovat egasi bo’lishgan. Hatto bobomiz o’z ishlarida ular bilan maslahat qilganlar. Temuriylarga qattiq qurg’oqchilik kelganda buyuk sarkarda nima qilishini bilmay o’ylanib qoladilar. Shunda ayollariga maktub yozib maslahat soladilar. Ayollari sizning mulkingiz tugagan bo’lsa siyosatingiz tugamadiku deb javob yozadi. Amir Temur maktubni olgach hayvonlarning suyaklariga ishlov berdirib yangi pul zarb qildiradilar va bu og’ir vaziyatdan xalos bo’ladilar. So’zimizni muborak hadisi sharif bilan yakunlaymiz. Abu Dardo roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi.”U kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning:”Kim ilm talab qilish yo’liga yursa, Alloh unga jannat yo’lini oson qilib qo’yadi”,deganlarini eshitdim” deganlar. Abu Dovud va Termiziy rivoyat qilganlar.
Izoh qoldirish