25.08.2026

Mustaqillik — oliy ne’mat

Vatan tarkin bir nafas aylama, Yana ranji g’urbat havas aylama.

Alisher Navoiy

Mustaqillik — xalqimiz uchun eng ulug‘ ne’matlardan biridir. Mustaqillik tufayli O‘zbekiston o‘z taraqqiyot yo‘lini erkin belgilash, milliy qadriyatlari, boy ma’naviy merosi, ona tili va diniga bo‘lgan hurmatni tiklash imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bugungi tinch va osoyishta hayotimiz, farovon kelajakka intilishimiz ham mustaqillikning bebaho samarasidir.Ayniqsa, Yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar mustaqillik bergan imkoniyatlarning muhim namunasidir. Yurtimizda islom dinining asl insonparvarlik, bag‘rikenglik, ilm-ma’rifat va ezgulik kabi qadriyatlarini chuqur o‘rganish va targ‘ib qilishga katta e’tibor qaratilmoqda. Ajdodlarimizning ilmiy va ma’naviy merosini o‘rganish, ularning asarlarini tadqiq etish va keng jamoatchilikka yetkazish borasida muhim ishlar amalga oshirilmoqda.Yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlar alohida tahsinga loyiq. Madrasalarda yoshlarning diniy bilim bilan bir qatorda, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallashi uchun sharoitlar yaratilmoqda. Bu esa ilmli, ma’rifatli, Vatanga sadoqatli va jamiyat oldidagi mas’uliyatini chuqur anglaydigan mutaxassislarni tarbiyalashga xizmat qilmoqda.
       Shuningdek, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Abu Mansur Moturidiy, Bahouddin Naqshband va boshqa buyuk allomalarimizning ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganishga katta e’tibor berilayotgani xalqimizning bebaho tarixiy merosiga bo‘lgan hurmatning yorqin ifodasidir. Ayniqsa, Hakim Termiziy kabi buyuk ajdodlarimiz merosining keng o‘rganilishi yosh avlodni ilm, ma’rifat va ezgulikka chorlashda muhim ahamiyat kasb etadi.Diniy-ma’rifiy islohotlarning asosiy maqsadlaridan biri — yoshlarni jaholat, mutaassiblik va yot g‘oyalardan asrash, ularda sog‘lom dunyoqarash va ma’rifiy immunitetni shakllantirishdir. Chunki ilm va ma’rifat bor joyda jaholatga o‘rin qolmaydi. “Buyuk  vatandoshimiz, hadis va tasavvuf ilmining yetuk namoyandasi Hakim Termiziy tavalludining 1200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026 yil 24 iyuldagi PQ–275-son Qarori qabul qilindi.Qarorga ko‘ra, joriy yilda Hakim Termiziy tavalludining 1200 yilligi keng nishonlanadi.Termiz shahrida 2026 yil noyabr oyida “Hakim Termiziy ilmiy-ma’naviy merosining bugungi kundagi ahamiyati” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkaziladi.Hakim Termiziyning “Navodirul usul” va “Bahrut tafsir” asarlari hamda allomaning ilmiy merosiga oid boshqa manbalarning o‘zbek va xorijiy tillardagi ilmiy-izohli akademik tarjimalari nashr etiladi.2026 yil davomida Hakim Termiziy ilmiy merosiga oid turkum risolalar nashrga tayyorlanadi va chop etiladi.O‘zbekiston musulmonlari idorasi bilan birgalikda diniy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida “Hakim Termiziy asarlari bilimdoni” tanlovi o‘tkaziladi va g‘oliblar munosib taqdirlanadi.Alloma tavalludining 1200 yilligi munosabati bilan Hakim Termiziy xotirasiga bag‘ishlangan kurash turniri 2026 yil noyabr oyida “Mardlar maydoni” shiori asosida yuqori saviyada o‘tkaziladi. Bugungi kunda O‘zbekistonda ajdodlarimizdan qolgan boy diniy-ilmiy merosni chuqur o‘rganish, asrab-avaylash va uni kelajak avlodga yetkazishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyat yuritmoqda.

          Mustaqillik bizga nafaqat erkinlik, balki katta mas’uliyat ham berdi. Uni asrash, Vatanimiz tinchligi va barqarorligini qadrlash, xalqimizning ma’naviy qadriyatlarini e’zozlash har birimizning burchimizdir. Ayniqsa, madrasa talabalari chuqur ilm olish, odob-axloqni yuksaltirish, diniy bilimlarni to‘g‘ri va mo‘tadil tarzda o‘rganish hamda kelajakda jamiyatga foydali inson bo‘lib xizmat qilishga intilishlari lozim.


         Xulosa qilib aytganda, mustaqillik — oliy ne’mat, tinchlik — uning eng katta kafolati, ilm-ma’rifat esa uning mustahkam poydevoridir. Diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar esa xalqimizning ma’naviy taraqqiyoti va kelajagi uchun xizmat qilayotgan muhim jarayondir. Mustaqilligimiz abadiy, yurtimiz tinch, xalqimiz farovon bo‘lsin! Tinchlik — Alloh taoloning bandalariga bergan eng buyuk ne’matlaridan biridir. Shu sababli tinch va osoyishta hayotimiz uchun Allohga hamisha shukr aytishimiz lozim.


         Yurtimizdagi tinchlik, osmonimizning musaffoligi, oilalarimizning xotirjamligi, farzandlarimizning bemalol ta’lim olayotgani — bularning barchasi ulug‘ ne’matlardandir.

 

Muqaddas Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi muborak bo‘lsin!
Yurtimiz tinch va osmonimiz musaffo, xalqimiz hamisha farovon bo‘lsin! Mustaqilligimiz abadiy, Vatanimiz ravnaqi bardavom bo‘lsin!

Jo’ybori Kalon ayol-qizlar o’rta maxsus islom ta’lim   muassasasi ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo’yicha direktor o’rinbosari: D.Boltayeva

 

 

 

 

Izoh qoldirish