19.08.2026

TAQVIMNING ERTANGI VARAG‘I

 

Mustaqillik haqida gapirganda ko‘pincha ortga qaraymiz. Bosib o‘tilgan yo‘lni eslaymiz, erishilgan natijalarni sarhisob qilamiz. Bu tabiiy. Ammo Mustaqillikning qadrini anglash uchun ba’zan oldinga qarashning o‘zi kifoya. Ertaga ishga boramiz. Kuzda o‘qish boshlanadi. Kelasi yili farzandimiz oliygohga hujjat topshiradi. Boshlagan ilmiy ishimizni yakunlaymiz. Uy quramiz, bog‘ yaratamiz, shogird tayyorlaymiz... Oddiy rejalar. Ammo ularning ortida ulkan bir ne’mat bor: Insonning “ertaga” deb xotirjam gapira olishi uchun buguni tinch bo‘lishi, tinch osmon ostida yashashi kerak. Shu ma’noda tinchlik shunchaki osoyishtalik emas, kelajak haqida o‘ylash imkoniyatidir. Mustaqillik esa xalqning o‘z kelajagi haqida o‘zi qaror qila olishidir.
Har bir tilning grammatikasida kelasi zamon bor. Ammo tarixga qarasak, har bir xalq ham o‘z kelasi zamonini o‘zi tuslay olmagan. Qaram xalqning ham ertasi keladi. Tong otadi, fasllar almashadi, avlodlar ulg‘ayadi. Ammo uning kelajagi haqida ko‘pincha o‘zi emas, boshqalar hukm chiqaradi. Mustaqillikning teran ma’nolaridan biri ham shudir. Shuning uchun bugun “quramiz”, “o‘qiymiz”, “yaratamiz”, “tarbiyalaymiz”, “asraymiz” degan fe’llarni ishonch bilan aytayotganimiz oddiy grammatik hodisa emas. Bu – o‘z ertangi kuniga egalik qilayotgan xalqning tilidir. Mustaqillik – millatning kelasi zamonni birinchi shaxsda tuslay olish huquqidir.

“Jo‘ybori Kalon” ayol-qizlar ta’lim maskanida faoliyat yuritar ekanman, qadimiy madrasalarimiz haqida o‘ylaganimda bir jihat meni doimo hayratga soladi. Bu dargohlarni bunyod etgan insonlar devorlarni faqat o‘z zamondoshlari uchun ko‘tarmaganlar. Ular hali tug‘ilmagan shogirdlar uchun ham darsxona qurganlar. Hali yozilmagan kitoblar uchun joy qoldirganlar. Hali aytilmagan saboqlar yangrashi uchun ilm maskanlarini bunyod etganlar. Bunyodkor uning eshigidan yuz yildan keyin kim kirishini bilmagan. Ustoz ilmining necha avlodga yetib borishini hisoblamagan. Kitob bitgan olim uni asrlar o‘tib kim varaqlashini tasavvur ham qilmagan bo‘lishi mumkin. Ammo ular baribir yaratganlar. Demak, madrasa me’morchiligining o‘zida ham kelajakka ishonch mujassam. Bugun biz ham ana shu davomiylikning bir bo‘lagimiz. Faqat kelajak uchun devor ko‘tarishning o‘zi kifoya emas, inson kamoliga g‘isht qo‘yishimiz kerak. Alixonto‘ra Sog‘uniy: “Ona Vatanini sevish har bir kishining qalbida g‘ayrat va shijoat uyg‘otadi”, deganlar. Bu hikmatda Vatan muhabbatining muhim mezoni bor. Chin muhabbat insonni faqat hayajonlantirmaydi – harakatga undaydi. Muallimning Vatanga muhabbati yaxshi shogird tarbiyalashida ko‘rinadi. Demak, vatanparvarlik faqat favqulodda tarixiy vaziyatlarda namoyon bo‘ladigan qahramonlik emas. Insonning o‘z vazifasini vijdonan va mukammal bajarishi ham Vatanga xizmatdir. 

Ona tilimizda o‘tgan zamon, hozirgi zamon va kelasi zamon bor. Xalq hayotida ham shunday.

O‘tgan zamon – bizga qoldirilgan tarix.

Hozirgi zamon – qo‘limizdagi imkoniyat.

Kelasi zamon – bizning mas’uliyatimiz.

Shu bois Mustaqillikni faqat “erishdik” degan o‘tgan zamon fe’li bilan ifodalash kamlik qiladi. Uning davomi bor: o‘qiymiz, o‘rgatamiz, yaratamiz, asraymiz, bunyod etamiz, davom ettiramiz. Biz farzandlarimizga tayyor kelajakni meros qilib qoldira olmaymiz. Aslida kelajak tayyor holda meros qilib beriladigan boylik ham emas. Biz ularga tinch Vatan, bilim, tarbiya, imkoniyat va qadriyat bera olamiz. Ustozning vazifasi shogirdga ertaga javobni o‘zi topa oladigan tafakkurni berishidir.

Mustaqillik bayrami arafasida shu taxlit o‘ylar o‘tdi, hurriyat uchun faqat ortga qarab shukr qilish emas, oldinga qarab mas’uliyat his etish ham muhim. Taqvimning ertangi varag‘i hali oppoq. Unda hali hech narsa yozilmagan. Unda qanday ilm, qanday bunyodkorlik, qanday avlod, qanday O‘zbekiston yozilishi bugungi mehnatimizga ham bog‘liq. Mustaqillik bizga ana shu oppoq sahifaga o‘z qo‘limiz bilan yozish huquqini berdi. Tinchlik qo‘limizga qalam tutqazdi. Endi uning qadrini faqat so‘z bilan emas, qanday iz qoldirishimiz bilan ko‘rsatamiz. Chunki bizning taqvimimizda ertangi varaq bor. Shukrona esa, qalamni qo‘lga olishdir.

 

Munira Xujayeva,

“Jo‘ybori Kalon” ayol-qizlar o‘rta-maxsus islom ta’lim muassasasi Oʻquv-uslubiy boʻlim boshligʻi

 

Izoh qoldirish