BIR NE’MATNING QADRINI ANGLAB
Ba’zan bir xalqning ozodligini uning chegaralariga qarab emas, savollariga qarab ham bilish mumkin. Biz kimmiz? Qanday tafakkurning vorisimiz? Ajdodlarimiz dunyoga nima berdi? Nega Buxoro nomi bundan ming yil avval ham olis yurtlarda ehtirom bilan tilga olingan? Nega Samarqand, Termiz, Nasaf, Xorazm nomlari jahon ilm-fani tarixining sahifalaridan joy olgan? Eng muhimi, biz ana shu tarixning munosib davomchilarimizmi? Mustaqillik bizga mana shu savollarni birovning mafkurasi bilan emas, o‘z tafakkurimiz bilan qo‘yish imkonini berdi. Menimcha, uning eng katta ne’matlaridan biri ham shu. Chunki Vatan faqat yer emas. Vatan – xalqning o‘zi haqidagi xotirasi hamdir. Xotirasidan ayrilgan millatning ildizi zaiflashadi. O‘z tarixini anglagan xalq esa qayerdan kelganini bilgani uchun qayerga borishini ham aniqroq belgilaydi. Bugun biz “Uchinchi Renessans” haqida gapiryapmiz. Ammo uchinchi Renessansni birinchi va ikkinchi Renessansni anglamasdan qurib bo‘lmaydi. Beruniy yaratgan tafakkurga, Xorazmiy boshlab bergan ilmiy an’anaga, Ibn Sino qoldirgan merosga, Buxoriy va Termiziy umrini bag‘ishlagan ilmga, Ulug‘bek tikilgan osmonlarga qaytmay turib, yangi uyg‘onish haqida gapirishning o‘zi kamlik qiladi. Shuning uchun bugungi O‘zbekistonda kechayotgan ma’rifiy o‘zgarishlarga men faqat bunyodkorlik yoki islohotlar sifatida qaramayman. Bu – katta qaytish. O‘zligimizga qaytish.

Arab tilida olimlarning ismiga qo‘shilgan nisbat ularning tug‘ilgan yoki mansub bo‘lgan yurtini ham anglatadi: Buxoriy – Buxorodan, Samarqandiy – Samarqanddan. Shu oddiy til hodisasining o‘zida naqadar katta Vatan falsafasi bor! O‘ylab ko‘ring: bundan ming yildan ortiq vaqt avval yashagan bir inson shunday ilm yaratadiki, oradan asrlar o‘tadi, saltanatlar almashadi, chegaralar o‘zgaradi, avlodlar ketidan avlodlar keladi, ammo uning nomi bilan Vatanining nomi ham yashashda davom etadi. Ajdodlarimiz dunyoga faqat o‘zlarini tanitmagan. Ilmi bilan yurtining nomini insoniyat xotirasiga muhrlagan. Vatan uchun xizmat qilish faqat buyuk tarixiy lahzalarda namoyon bo‘ladigan qahramonlik emas. O‘z sohangda mukammal bo‘lish ham vatanparvarlik. Ilm yaratish – vatanparvarlik. Shogird yetishtirish – vatanparvarlik. Halol mehnat bilan yurting obro‘siga bir zarra qo‘shish ham vatanparvarlik. Ajdodlarimiz Vatan nomini qilich bilan emas, ko‘p hollarda qalam bilan dunyoga olib chiqqanlar. Bugun esa navbat bizniki.
Sobiq tuzum davrida xalqimizning tarixiy-ma’naviy xotirasiga munosabat qanday bo‘lganini tarixdan o‘chirib bo‘lmaydi. Ateistik mafkura hukmron bo‘lgan sharoitda e’tiqod, diniy ta’lim va asrlar davomida shakllangan ma’rifiy an’analar jiddiy cheklovlarga duch kelgan. Natijada xalq bilan uning ulkan ilmiy-ma’naviy merosi orasida sun’iy masofa paydo bo‘lgan. Mustaqillik ana shu masofani qisqartirdi. Lekin endi oldimizda boshqa xavf bor: buyuk tariximiz bilan faqat faxrlanib qolish xavfi. “Biz Buxoriylar avlodimiz”, deyishning o‘zi yetmaydi. Buxoriyni o‘qish kerak. “Biz Beruniylar yurtimiz”, deyish kifoya emas. Beruniyga xos ilmiy jasoratni tarbiyalash kerak. “Ulug‘bek bizning bobomiz”, deb faxrlanish go‘zal. Ammo ilmga berilgan imkoniyatni qadrlamasak, bu faxrning kelajagi bo‘lmaydi. Shu jihatdan so‘nggi yillarda Islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Bahouddin Naqshband xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari kabi ilm-ma’rifat maskanlarining faoliyatiga keng yo‘l ochilgani katta ahamiyatga ega. Dunyoning turli kutubxonalariga sochilib ketgan qo‘lyozmalar izlanmoqda. Ilmiy meros tadqiq etilmoqda. Xalqaro ilmiy muloqotlar yo‘lga qo‘yilmoqda. Bir zamonlar bu yurtdan dunyoning ilm markazlariga yo‘l olgan tafakkur bugun yana o‘z manzilida o‘rganilmoqda.
Tarixga faqat mashhur erkak allomalar nomi orqali qarasak, uning muhim bir sahifasini yopib qo‘ygan bo‘lamiz. Chunki bu o‘lkada ayolning ilm-ma’rifatga daxldorligi bugun boshlangan hodisa emas. Bibixonim, Gavharshodbegim, Xonzodabegim, Gulbadanbegim, Nodirabegim, Uvaysiy, Anbar Otin... Ularning hayoti va faoliyati turlicha. Ammo ularni birlashtiradigan jihat bor: ular o‘z zamonasining ma’naviy va madaniy hayotida chetda turmagan. Biri ilmga homiylik qilgan. Biri ijod qilgan. Biri kitob yozgan. Biri o‘zidan keyin ma’rifiy iz qoldirgan. Demak, bugun qizlarimizning ilm olishi haqida gapirganda, biz tariximizga begona qadriyat haqida emas, o‘zimizga tegishli qadimiy an’ananing yangi davrdagi davomiyligi haqida gapiryapmiz. Ayol-qizlar ta’lim maskanida faoliyat yuritayotgan inson uchun buning ma’nosi yanada yaqin. Har kuni qo‘liga kitob tutgan yuzlab qizlarni ko‘ramiz. Ularning orasida ertangi ustoz bor. Tadqiqotchi bor. Tarjimon bor. Olima bor. Eng muhimi, ertangi avlodning dunyoqarashiga ta’sir qiladigan onalar bor. Shu sabab men qiz bolaning qo‘lidagi kitobni shunchaki darslik deb ko‘rmayman. U – bir avloddan keyingi avlodga uzatilayotgan ma’rifat estafetasidir. Bir qizni o‘qitish – faqat bir diplomli insonni ko‘paytirish emas. Uning tafakkuri bilan bir oilaning ma’naviy muhitini o‘zgartirish mumkin. Bir oiladan esa jamiyat boshlanadi. Mana shu nuqtada Mustaqillik, ta’lim va Vatan tushunchalari bir-biriga tutashadi.
Ikki asrga shohid inson o‘laroq Vatan bizga nima berganini yaxshi bilaman. Lekin biz Vatanga nima beryapmiz? Menimcha, Mustaqillik bayrami arafasidagi eng samimiy shukrona ham mana shu savoldan boshlanishi kerak. Chunki Vatanni sevish uchun doimo baland ovozda gapirish shart emas. Ba’zan yaxshi tarbiyalangan bir farzand, halol bajarilgan bir vazifa, yozilgan bir kitob, o‘qitilgan bir shogird, topilgan bir qo‘lyozma, yaratilgan bir ilmiy yangilik – yuzlab balandparvoz so‘zlardan ko‘ra ko‘proq Vatan haqida gapiradi. Shukrimiz ilmimizda, mehnatimizda, farzandlarimiz tarbiyasida, bir-birimizga munosabatimizda, bu yurtning ertangi kuniga qo‘shayotgan hissamizda ko‘rinsin, deyman. Zero, Mustaqillik bizga o‘zligimizni anglash imkonini bergan bo‘lsa, endi shu o‘zlikni munosib kelajakka olib borish – bizning avlod zimmasidagi Vatan qarzidir.
Nodira Raximova,
“Jo‘ybori Kalon” ayol-qizlar o‘rta-maxsus islom ta’lim muassasasi o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari
УЗ
РУ
EN
العربية
Izoh qoldirish