02.07.2026

Ilm – Nur, amallarning eng afzali va to‘xtovsiz davom etuvchi safardir.

Ilm – qorong‘ulikni yorituvchi nur, qalbni tiriltiruvchi hayot manbayidir. Bashariyat yaratilibdiki, uning barcha yutuqlari, yuksalishi va ma’naviy kamoloti ilm bilan bog‘liq bo‘lib kelgan. Islom dini va dunyoviy falsafa ilm o‘rganishni shunchaki bir mashg‘ulot emas, balki inson hayotining asosiy mazmuni deb belgilaydi. Ilm insonni hayvondan ajratib turadigan eng oliy ne’matdir. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom buni birgina jumla bilan ifodalaganlar: "Ilm talab qilish har bir musulmonga farzdir" (Ibn Moja rivoyati). Bu yerda erkak yoki ayol, yosh yoki qari ajratilmagan, balki har bir shaxs zimmasiga bu vazifa yuklangan. Ilmning fazilati shundaki, u egasini hech qachon xor qilmaydi, aksincha, ikki dunyo saodatiga yetaklaydi. Qur’oni karimda Alloh taolo aytadi: "Alloh sizlardan iymon keltirganlarni va ilm berilganlarni yuqori darajalarga ko‘tarur" (Mujodala surasi,11-oyat).   Tarixga nazar tashlasak, barcha payg‘ambarlarning yuborilishidan maqsad insonlarga ilm, odob va haqiqatni o‘rgatish bo‘lgan. Ular mol-dunyo yoki taxt emas, balki ilm meros qoldirganlar. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: "Olimlar payg‘ambarlarning merosxo‘rlaridirlar. Payg‘ambarlar dinor ham, dirham ham meros qoldirmaganlar, balki ilm nimeros qoldirganlar" (Abu Dovud va Termiziyrivoyati) deb marhamat qilganlar.   Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) o‘z hayotlari va ko‘rsatmalari bilan ilm olishning oliy ibodat darajasiga ko‘tardilar. Badr jangida asirga tushgan mushriklardan o‘qish-yozishni biladiganlariga o‘nta musulmon bolaga xat-savod o‘rgatish evaziga ozodlik va’da qilinishi Islomning ilmga bo‘lgan e’tiborining yorqin namunasidir. "Kim ilm izlash yo‘liga kirsa, Alloh unga jannat yo‘lini oson qilib qo‘yadi." — Hadisi sharifdan Bu va’da har bir tolibi ilm uchun eng kata rag‘batdir. Ilm yo‘li – jannat yo‘lidir. Biroq buyo‘l silliq va oson emas, u doimiy mehnat, sabr va eng muhimi – uzviylikni talab qiladi.   Ilm olishning ma’lum bir vaqti, chegarasi yoki mavsumi yo‘q. Sharq mutafakkirlari buni "Beshikdan qabrgacha ilm izla" degan hikmat bilan muhrlaganlar. Ilm o‘rganish bu shunchaki diplom olish, imtihondan o‘tish yoki o‘quv yilini yakunlash degani emas. U inson nafas olib turgan har bir soniyada davom etadigan jarayondir. Buyuk olimlar hayotiga qarasak, ular hatto o‘lim to‘shagida yotganlarida ham ilm bilan mashg‘ul bo‘lganlar. Imom Abu Yusuf o‘lim holatida bo‘la turib, o‘z shogirdidan bir fiqhiy masalani so‘ragan va muhokama qilgan. Shogirdi hayron bo‘lib so‘raganda: "Bu masalani bilib vafot etishimiz, bilmay vafot etishimizdan ko‘ra yaxshiroqdir", deb javob bergan.    Ilm to‘xtashni yoqtirmaydi. U oqib turgan daryoga o‘xshaydi – agar harakat bo‘lsa, suv musaffo bo‘ladi, agar to‘xtab qolsa, botqoqlikka aylanadi.     Bugungi kun talabalari va o‘quvchilari o‘rtasidagi eng katta xatolardan biri – ta’til kunlarini ilmdan mutlaqo uzilish, "miyani dam oldirish" va vaqtni bekorchi ko‘ngil ochar narsalarga sarflash deb tushunishlaridir. Biroq, ilmda ta’til bo‘lmaydi. O‘quv dargohining yopilishi – ilm eshiklarining yopilishi degani emas. Ta’til kunlarida kitobni yopib, ilmdan butkul to‘xtagan talaba o‘z kelajagiga juda katta zarar yetkazadi. Inson miyasi va intellekti xuddi sportchining mushaklariga o‘xshaydi. Agar sportchi bir oy mashg‘ulotni to‘xtatsa, uning jismoniy holati ziyon ko‘radi, avvalgi formasiga qaytishi uchun oylab mehnat qilishi kerak bo‘ladi. Tolibi ilm ham xuddi shunday:   Bir necha oylik tanaffus talabaning diqqatni jamlash qobiliyatini (konsentratsiya) pasaytiradi, xotirani zaiflashtiradi.
   Kognitiv Inertsiya (Miya dangasaligi): Intellektual faollik to‘xtaganda, miya oson va yengil ma’lumotlarga (ijtimoiy tarmoqlar, o‘yinlar) ko‘nikib qoladi. Qiyin, tahliliy matnlarni o‘qish va tushunish og‘ir tuyula boshlaydi.   Ta’tilda tizimsiz yashash vaqt rejasini buzadi. "Bugun dam olaman, ertaga o‘qiyman" degan kechiktirish kasalligi (prokrastinatsiya) qalbga joylashadi.  Ilmdan uzoqlashish va qayta kirishish qiyinchiliklari vaqtinchalik to‘xtab qolgan talaba ilmdan sezilarli darajada uzoqlashadi.
 Avval o‘rganilgan ma’lumotlarning katta qismi unutiladi. Lekin eng yomoni bu ham emas. Eng yomoni – ilmga qayta kirishish psixologik to‘sig‘idir.     Yangi o‘quv yili yoki ta’tildan keyingi davr boshlanganda, ilmdan uzilib qolgan talaba quyidagi muammolarga duch keladi: Moslashish davrining uzayishi (Adaptatsiya): Ilmiy muhitga va tartibga qaytish uchun unga kamida 2-3 hafta, ba’zan esa oylar kerak bo‘ladi. Bu vaqt davomida u darslarni to‘liq o‘zlashtira olmaydi, fikri chalg‘iydi.   Tengdoshlari darslarni tez o‘zlashtirayotganini, o‘zi esa ortda qolayotganini ko‘rgan tolibi ilmda tushkunlik paydo bo‘ladi. "Mening iqtidorim yo‘q shekilli" degan noto‘g‘ri xayolga boradi. Vaholanki, muammo iqtidorda emas, balki zanjirning uzilganidadir.   Uzilgan aloqalarni tiklash, unutilgan bilimlarni qayta eslash uchun talaba oddiy holatdagidan ko‘ra ikki-uch barobar ko‘proq energiya va asab sarflashiga to‘g‘ri keladi.    Buyuk olimlardan biri aytgan ekan: "Agar men ilmni bir kun tark qilsam, u meni bir hafta tark qiladi. Agar bir hafta tark qilsam, u meni bir oy tark qiladi". Ilm nihoyatda rashkchidir, unga butun borlig‘ingni bersang, u senga o‘zining bir qismini beradi. Agar unga yuzaki qarasang, u sendan butkul yuz o‘giradi. Albatta, inson tabiati charchaydi va dam olishgamuhtoj. Lekin ta’tildagi dam olish – buyalqovlik va bekorchilik degani emas. Haqiqiy dam olish – faoliyatni o‘zgartirishdir. Agar o‘quv yilida talaba faqat o‘z mutaxassisligi bo‘yicha majburiy darsliklarni o‘qigan bo‘lsa, ta’til u uchun kengroq, erkinroq izlanishim koniyatidir.

 

 

 

“Jo`ybori Kalon” ayol-qizlar o`rta maxsus islom ta`lim muassasasi o’qituvchisi:                         Jumayeva Ferangiz

 

Izoh qoldirish