Mo’minning quroli – duo
Mo’minning quroli – duo
Alhamdulillahi robbil a’lamiyn, vassolatu vas-salamu ala sayyidina Muhammadin va alihi va sohbihi ajma’iyn.
Duo nima? Duo – pastdan balandga qarab qilinadigan talab, xorligini his qilgan holatda, past balanddan bir narsa talab qilishligi, so’rashligi duo deyiladi.
Alloh taolo insonlarni yaratgan ekan, ularning barcha ehtiyojlarini ham O’zi qondiradi. Zero, Alloh taolo insonga jon tomiridan ham yaqinroq va Unga iltijo qilganning duosini eshituvchi Zotdir. Bu haqda Qur’oni karimda shunday marhamat qilingan: “Sizdan (Ey, Muhammad) bandalarim Mening haqimda so’rasalar, (ayting.) Men ularga yaqinman. Menga iltijo qiluvchining duosini ijobat eturman.” (Baqara surasi, 186-oyat) Ushbu oyati karimda mo’minlar uchun ulkan bashorat bor. U ham bo’lsa duo va iltijo qiluvchilarning so’rovlariga ato etishga berilgan ilohiy va’dadir. Payg’ambarimiz alayhissalom duo haqida shunday deganlar: “Albatta duo – ibodatdir. Keyin “Menga duo qilib so’ranglar, ijobat qilaman,” – degan oyati karimani o’qidilar. (Imom Buxoriy rivoyati)

Ey, Alloh meni kechir desak, biz ojizmiz. Alloh taolo buyuk Zot. Buyuk Zotdan so’rayapmiz, o’zimizni xokisorligimizni his qilgan, gunohkorligimizni his qilgan holatda so’rayapmiz. Duo bo’lishligi uchun xorlik ham bo’lishi kerak. Mana shunga muhtojman degan narsani his qilishi kerak. Ba’zi bir toifalar: “Duo qilish shart emas, duo qilib so’rashlik taqdirga norozilik bo’ladi” deyishadi. Ey, Allohim menga buni ber, bu muammoni mendan ketkazgin deb duo qilishlik, go’yoki norozilik kabidir, deyishadi. Ular yana Alloh O’zi biladi, senga nima kerakligini, deyishadi. Bir narsani ketkazishlik, bir narsani so’rashlik norizolikday go’yoki, ko’rinishi xilofday, deb bilishadi. Bu haqda Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Kim Allohdan so’ramasa, Alloh undan g’azablanadi.” (Imom Termiziy rivoyati)
Payg’ambarimiz alayhissalomning va solihlarning hayotlarini o’rganib chiqsak, hammasida duo bor. Duoni tark qilgin, duo qilma degan narsa yo’q. Faqatgina duoning shartlari bor. Duo qilish kerak, duo qilish ibodat, inson faqatgina nimaga qabul qilmadi demaslik kerak bu qullikka, qullik darajasiga to’g’ri kelmaydi. Nimaga javob bermayapti, nimaga duolarimni ijobat qilmayapti demasligi kerak. Alloh qilgan ishidan so’ralmaydi, hech kim hisob qilolmaydi. Allohni bandalari so’raladi. Shuning uchun duoni qilish kerak, ibodat ma’nosida duo qilib so’rash kerak. Har bir duo qilganida, ruku sajda qilganiday namoz o’qiganday, duo qilganida xuddi shunday ibodat deb so’rayverish kerak. Ey Allohim kimdan so’rayman man, Sendan so’rayman. Men o’zimga o’xshagan bandadan, ojizdan, zaifdan so’ramaymanku. Sen buyuk Zotsan. Barcha narsaga qodir Zotsan. Sendan so’rayman. Boshimga shu ish tushdi. Xayrlisini ber, men uchun yomon deb ko’rayotgan ishimni men uchun aritgin, kushoyish ber deb so’rash, ana shuni ketkazgin, ketmasang deb qattiq olinmaydi. Alloh taologa shart qo’yilmaydi. Jazm bilan so’rash kerak. Xohlasang ketkaz, xohlamasang demaslik kerak.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Har bir payg’ambarning mustajob duosi bor. Har bir Payg’ambar duosini dunyoda tez ishlatib qo’ydi, dedilar. Menga berilgan duoni qiyomatda ummatlarimning shafoati uchun yashirib qo’ydim, dedilar. ” Payg’ambarimiz alayhissalom u duo mening ummatimning Allohdan shirk keltirmasdan o’tganlarning hammasiga yetadi, o’sha duoyim umumiy ummat uchun xos duo bo’ladi, dedilar.
Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Qazoni ya’ni qadarni o’zgartiradi deydilar.” Ya’ni taqdirga bitilgan shunday narsalar borki, Alloh taolo shunday deb bitib qo’ygan. Bu inson duo qiladi va shu narsa o’zgaradi duo qilganidan keyin bitib qo’ygan holatlar bo’ladi. Duo qadarni ba’zisini o’zgartiradi. Hadisga aytiladiki: Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytadilar. Uch xil duo bor, shubhasiz qabul bo’ladi. Birinchisi mazlumning duosi, ikkinchisi musofirning duosi, uchinchisi ota-ona farzandiga qilgan duo deydilar. (Imom Muslim, Imom Buxoriy)
Rosululloh sollallohu alayhi vasallam qizlari Fotima Roziyallohu anhoga qayg’ulardan saqlaydigan, ertalab va kechqurun aytiladigan go’zal duoni shunday o’rgatgan ekanlar: “Vasiyatlarimni eshiting, Fotima! Sizga vasiyatim shuki, tong otganda va kech kirganda shunday duo qiling: “Ya Hayy, ya Qoyyum! Rahmating bilan yordam so’rayman! Hamma ishlarimni O’zing o’nglagin, meni ko’z ochib yumguncha ham o’z holimga tashlab qo’ymagin!”
Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Allohim men Sendan dangasalikdan, qartayib ketishdan, gunohkorlikdan, qarzdorlikdan qabr fitnasidan va qabr azobidan, jahannam azobidan, boylik fitnasining yomonligidan panoh tilayman. Sendan faqirlik fitnasidan ham panoh tilayman. Sendan yana masih Dajjol fitnasidan panoh tilayman. Allohim mening xatolarimni qor va do’l suvi bilan yuvgin! Qalbimni xatolardan xuddi oq libosni kirlikdan poklaganingdek poklagin. Men bilan gunohlarimning orasini mashriq bilan mag’rib orasini uzoq qilganingdek uzoq qilgin.” (Imom Buxoriy rivoyati)
Abdulloh ibn Amr roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Dillar idishdir. Ba’zi dil ba’zisidan mustahkamroqdir. Ey odamlar! Allohdan biror narsa so’rasalaringiz, ijobatini aniq ishongan holda ixlos bilan so’ranglar! Chunki Alloh taolo g’ofil dil bilan duo qilgan bandaning duosini ijobat qilmaydi.” (Imom Ahmad)
Alloh taolo har bir amalni niyat va ixlos bilan qilishga buyurgan. Alloh qalbdagi yashirin va oshkora har narsani biladi. Yaxshi niyat bilan duo qilganlarni ham, xohlamay duo qilganlarni ham biladi. Duoning ruhi ixlos hisoblanadi.
Payg’ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Agar sizlardan biringiz duo qilmoqchi bo’lsa, avvalo Allohga hamd va maqtovlar aytsin. Keyin Nabiy sollallohu alayhi vasallamga salovat aytsin, so’ngra xohlagan duosini qilsin!” (Imom Termiziy) Duoni mana shunday shaklda qilish duoning ijobat bo’lish sabablaridan biridir.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: “Payg’ambarimiz alayhissalom: “Robbana atina fid-dunya hasanatan va fil axiroti hasanatan va qina azaban nar,” deb duo qildilar.
Allohim bizdan mahzunlikni ketkaz. G’azabni uzoq qilib, O’z huzuringdan sakinat, omonlik va rahmatni tushirib, ular bilan qalblarimizni sug’orgin. Bizlarni hidoyatingda jamlagin, vasvasalardan xalos qiladigan mustahkam iymon, jaholatni quvadigan ma’rifat bergin. Bizni omonlikda eltadigan yo’lni boshlab, zulmatlardan nurga chiqargin. (Doktor Oiz Qarniy)
Alloh taolo barcha narsani eshitib turuvchi, bandalariga yaqin va duolarni ijobat qiluvchi bo’lgan Zotdir.
Alloh taolo barchalarimizni va mo’min va mo’mina, barcha musulmon bandalarini gunohlarini avf etib, duolarini ijobat aylasin. Alloh taolo barchalarimizdan rozi bo’lsin. Alhamdulillahi robbil a’lamiyn, vassolatu vas-salamu ala sayyidina Muhammadin va alihi va sohbihi ajma’iyn. Birohmatika ya arhamar rohimiyn. Amin.
Ta`limmuassasasi 3-kurs talabasi : Jamolova Nargiza
УЗ
РУ
EN
العربية
Izoh qoldirish