Duo
Duo
Bismillahir rohmanir rohiym
Bandalarining oz harakatlari ila ularga ko’p ne’matlar bergan, so’raganlaridanda ziyodasini berib ularni ikrom qilgan, duolarni mustajob etguvchi Allohga hamdu sanolar, o’zlarining muborak hadislarida “Duo-ibodatning mag’zidir”, deya ummatlarini duo qilishlikka chorlab, ularga go’zal o’rnak bo’lgan Payg’ambarimiz Muhammad Mustafo solllallohu alayhi vasallamga va u kishining ahli baytlari, sahobayu tobeinlariga salovatu salomlar bo’lsin.
Duo – Alloh bilan banda oʻrtasini bogʻlovchi bir vosita hisoblanib, “iltijo”, “o’tinch” maʼnolarini bildiradi.[1] Istilohda esa, “طلب الأدنى من الأعلى على جهة الإستكانة “ ya’ni, bandaning o’z faqirligini, hojatmandligini va muteligini hamma narsaga qodir bo‘lgan Alloh taologa izhor qilib, manfaatlarni jalb qilishini va zararlarni daf qilishini so‘rashi duo demakdir.[2]
Muqaddas dinimizda duo qilishlik- Islomiy ibodatlardan biri sanalib, Qur’oni Karimning bir necha o’rinlarida ushbu xayrga targ‘ib etilganligimizni topishligimiz mumkin.
Jumladan, Alloh taolo Baqara surasi 186-oyatda
وَإِذَا سَأَلَكَ عِبَادِى عَنِّى فَإِنِّى قَرِيبٌ أُجِيبُ دَعْوَةَ ٱلدَّاعِ إِذَا دَعَانِ فَلْيَسْتَجِيبُوا۟ لِى وَلْيُؤْمِنُوا۟ بِى لَعَلَّهُمْ يَرْشُدُونَ
“Agar bandalarim Men haqimda sizdan so‘rasalar, (ey Muhammad alayhisalom) Men (ularga) albatta yaqindirman. Duo qilguvchi menga duo qilganda, ijobat qilurman. Bas, Menga ham ijobat qilsinlar va iymon keltirsinlar. Shoyadki, to‘g‘ri yo‘lni topsalar.
G‘ofir surasi 60- oyatda
قَالَ رَبُّكُمُ ٱدْعُونِىٓ أَسْتَجِبْ لَكُمْ إِنَّ ٱلَّذِينَ يَسْتَكْبِرُونَ عَنْ عِبَادَتِى سَيَدْخُلُونَ جَهَنَّمَ دَاخِرِينَ
“Robbingiz: “Menga duo qilinglar, sizga ijobat qilurman. Albatta, Mening ibodatimdan kibr qilganlar jahannamga xoru zor hollarida kirurlar”, dedi”, deya xitob qilinadi.
Ushbu oyatlarda Alloh Taolo bandalarini duo qilishga buyurish bilan birga, uni O’z fazlu marhamati bilan ijobat etishini ham bayon qilmoqda. Oyatning davomida esa Unga duo qilishdan kibrlanganlarga qattiq tahdid qilingan. Shuning uchun ham bandalar hayotlari davomida doimo dunyoyu oxiratlariga taalluqli ishlarida Robbilarining rahmatiga muhtoj ekanlarini izhor qilib borishlari lozim bo’ladi.
Duoning qanchalar katta ahamiyat kasb etishi borasida suyukli Rosulimiz alayhissalomning ham hadislaridan dalillar topishimiz mumkin:
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: «لَيْسَ شَيْءٌ أَكْرَمَ عَلَى اللَّهِ تَعَالَى مِنَ الدُّعَاءِ
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taologa biror-bir narsa duodan ko‘ra sevimliroq emasdir”, dedilar”
عن أنس رضي الله عنه، قال:
قال رسول الله عله : ليسأل أحدكم ربه حاجته كلها ، حتى يسأله شسع نعله إذا انقطع»
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
“Rosululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar:” Biringiz hojatlarining barchasini Allohdan so’rasin, agar oyoq kiyimining bog’ichi uzilsa, uni ham””
Darhaqiqat, duo bu ummatga berilgan eng katta ne’matlardan biri sanaladi. Ming afsuslar bo’lsinki, ayrim toifa odamlarning bu haqdagi tushunchasi juda sayoz boʻlib, ular duoni eng soʻnggi chora oʻlaroq, barcha imkoniyatlarni ishga solib, oʻylagani amalga oshmagandan keyingina qoʻllash mumkin boʻlgan najot yoʻli sifatida koʻrishadi. Qiyin ahvoldan chiqqach, boshiga yana bir tashvish tushmaguncha Allohni yod etish xayolining chetidan ham oʻtmaydi. Bundaylar Allohning borligi, birligi, buyukligi, har narsaga qodirligi, bandalarining ahvolidan doimiy ogohligi toʻgʻrisida, duosining qabul boʻlish-boʻlmasligi haqida mutlaqo tushunchaga ega emas.[3]Yana bir toifalar borki, ular faqatgina boshlariga musibat tushgandagina duo qilib, qolgan paytlari bu sharafli ibodatga beparvo bo’lishadi. Bu haqda Alloh Taolo Yusuf surasi 12-oyatida quyidagicha marhamat qiladi:
وإِذَا مَسَّ ٱلْإِنسَٰنَ ٱلضُّرُّ دَعَانَا لِجَنۢبِهِۦٓ أَوْ قَاعِدًا أَوْ قَآئِمًا فَلَمَّا كَشَفْنَا عَنْهُ ضُرَّهُۥ مَرَّ كَأَن لَّمْ يَدْعُنَآ إِلَىٰ ضُرٍّ مَّسَّهُۥ كَذَٰلِكَ زُيِّنَ لِلْمُسْرِفِينَ مَا كَانُوا۟ يَعْمَلُونَ
Qachonki insonga zarar yetsa, Bizga yonboshlagan, o‘tirgan yoki turgan holida duo qiladir. Undan zararini ketkazsak, xuddi o‘ziga yetgan zarar haqida Bizga duo qilmagandek, ketaveradir. Ana shunday qilib, isrofchilarga qilayotgan amallari ziynatlanib ko‘rsatildi.
Albatta, bu ikkisi Allohga xush kelmaydigan holatlardir.
Ushbu maqolani yozishlik asnosida, jamiyat orasidagi turfa xildagi toifa insonlardan duo borasidagi shaxsiy fikr-mulohazalarini so’rab, ular bilan tanishib chiqdik. Ular orasidan birlarining javobi bizni bir necha muddat tafakkurga undadi: “Allohga nima hojating bo’lsa duo qilaver. Meni shunday maqsad,orzularim bor ediki, birov eshitsa, xomxayol, deb mazah qilardi, men bularni bilsamda, tunlari ko’z yosh to’kkan holda, Yaratgandan shu gapi uchun ularga O’z qudaritini namoyon qilib, aytgan gaplari uchun ularni uyaltirib qo’yishligi va natijada shu sabab ular ham hidoyatga yurishini tinmasdan iltijo qilardim. Ishonasizmi, deya ko’zida yosh ila davom etdi, oradan yillar o’tdi, O’ziga shukrlar bo’lsinki, Alloh istaganlarimni ziyodasi ila beryapti. Robbim bandalariga Mehribon, so’raganlarini beradi, biz g’ofillar esa, o’zimiz muhtoj bo’lgan narsani barchasiga qodir Zotdan so’rashlikdan g’ofil qolamiz!”
O’zimiz bilan sodir bo’lgan bir voqeani ham aytib o’tishlikni ma’qul ko’rdik, bundan 6 yil muqaddam shahrimizdagi taomxonalardan birida oila a’zolarimiz bilan o’tirganimizda Azhar shayxlaridan hisoblanmish yurtdoshlarimizdan birlarini ko’rib qoldik, padaribuzrukvorimiz u kishi haqlarida so’zlab bergach ich-ichimdan qaniydi shu inson qo’lida tahsil olsaydim, degan qattiq istak o’tdi. Oradan yillar o’tib, Alloh umuman tasavvur qilmagan tomonimizdan orzuyimizga yetkazdi.
Duo qilgan kimsa uning ijobati borasida hech shak qilmasligi darkor. Sahoba roziyallohu anhumlar orasida o’zlarining adolatu rostgo’yliklari ila tanilgan mo‘minlarning amiri Umar ibn Xattob roziyallohu anhu:
“Men ijobat tashvishini chekmayman, duo tashvishini qilaman. Agar duo qilishga ilhom etilsam, ijobati ham birga bo‘ladi”, der edilar.
Zero, duo qilishlikni bandasining qalbiga solib qo’ygan Zot, modomiki u chin ixlos ila, sabablarini keltirgan holda duo qilar ekan, unga istaganidanda ziyodasini berajak. So’zimizning so’ngini alloma shayx Atoulloh Iskandariy rohimahullohning hikmatlari ila yakunlashimizga ijozat bergaysiz: “Modomiki, Alloh qo’lingni O’ziga ko’tartirib qo’ydimi, demak U senga ijobat qilmoqchi”
Jo’ybori Kalon ayol-qizlar o`rta maxsus islom
ta`lim muassasasi 3-kurs talabasi : Ashurova Iroda
[1] https://share.google/HECOBsBRFnlqCLIXf Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi veb sayti
[2] Islom odoblari ensiklopediyasi 1-kitob 133-bet
[3] https://share.google/HECOBsBRFnlqCLIXf Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi veb sayti
УЗ
РУ
EN
العربية
Izoh qoldirish