17.12.2025

KORRUPSIYA – ISLOM QADRIYATLARIGA ZID ILLAT

KORRUPSIYA – ISLOM QADRIYATLARIGA ZID ILLAT

Islom dini jamiyatda sogʻlom muhitni shakllantirishni hamisha diqqat markaziga qoʻygandir. U oʻzining bu oliy maqsad yoʻlida xalq orasidagi barcha jabhadagi illat va kamchiliklarning oldiga qat'iy toʻsiqlar qoʻygan. U har qanday ishni joriy qilishda oʻzining hikmatli yoʻli – bir illatdan qaytarsa, uning muqobilida bir necha toʻgʻri va savobli amallarni taklif etish uslubini qoʻllaydi. Zero, inson tabiati hamisha qaytariqqa duch kelaverishni xushlamaydi. Shuning uchun qaysi bir yoʻl yoki ta'limotda buyruqdan qaytariq koʻp boʻlsa, uning ertangi kuni tanazzuldan boshqa narsa boʻlgan emas. Islom dinida qaytarilgan illatlardan biri korrupsiyadir. Bu soʻzning arab tilidagi lugʻaviy shakli “فساد”, “رشوة” boʻladi. Bu soʻzlar korrupsiya ma'nosiga qoʻshimcha ravishda buzilish, nizom-tartib buzilishi va aynish kabi ma'nolarni ham anglatadi. Korrupsiyaning istilohiy ma'nosi “Haqli boʻlmagan holda biror narsa yoki ishni oʻz foydasiga hal qilishga urinish”dan iboratdir. Ma'lumki, har bir atamaning lugʻaviy va istilohiy mazmuni orasida oʻzaro bogʻliqlik boʻladi.  Darhaqiqat, bu soʻzlarning lugʻaviy va istilohiy ma'nolarida oʻzaro bogʻliqlik  mujassam: u shundan iboratki, bu ishga faqat va faqat fitrati-sogʻlom insoniy tabiati buzilgan, tabiatida aynish-evrilish paydo boʻlgan kishilargina qoʻl uradilar!..

Afsuski, ba'zi pastkash kimsalar bu razil ishning nomini “oʻzbekchilik” deb atab, oʻzining bu bepisand ta'biri bilan butun Oʻzbek millati nomiga oʻchmas dogʻ tushirayotganini, nahotki anglamayotirlar?! Bu illatning boisi nafsi badini qondirish uchun “samimiy tanish-bilish va aka-ukachilik”ka qoʻl urishdan oʻzga narsa emasligi hammaga ma'lum… bu narsa har qachon adolat mezoni oyogʻiga bolta urgan, jamiyatda tengsizlik urchishiga asosiy qoʻshtirnoq ichidagi “omil” boʻlgani sir emas.

Tanish-bilishchilikka Islomning munosabati qanday?

Bu savolga javobni sahobalar hayotida boʻlib oʻtgan aynan shunga oʻxshash voqeaga Paygʻambarimiz sollallohu alayhi va sallamning munosabatlaridan bilib olamiz:

Oisha onamiz roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: Quraysh qabilasini bani Maxzum urugʻidan oʻgʻirlik qilib qoʻygan bir ayol (Fotima bint Abul Asad) ning jazolanish masalasi tashvishga solib qoʻydi. Ular (oʻzaro maslahatlashib): “Bu borada Rosululloh sollallohu alayhi va sallam bilan kim gaplashib koʻradi?”, dedilar va “Buni faqat va faqat bir kishi – Rosululloh sollallohu alayhi va sallamning eng suyukli (nabirasidek suyukli) kishisi Usoma ibn Zayd  jur'at qilishi mumkin, degan xulosaga keldilar. Soʻng Usoma bu borada u zotga soʻz ochmoqchi boʻlgan edi, u zot “Ey Usoma, Allohning had (aniq jazo tayinlagan oʻrin)laridan birida oraga tush(ib, u jazoni bekor qilishga urin)moqchimisan?!”, deya dargʻazab boʻlib, oʻrinlaridan turdilar va (barcha sahobalar qarshisida), xutba qilib: “Sizlardan oldingi ummatlar (bani Isroil – yahudiy millati)ning halokatiga sabab boʻlgan narsa (illat) shu ediki, ularning orasidan biror obroʻli kishi oʻgʻirlik qilsa, uni tek qoʻyishar(jazoga tortmas), mabodo, zaif-bechorahol kishi oʻgʻirlik qilib qoʻysa, unga muqarrar jazoni qoʻllar edilar. (Ya'ni, aynan shu adolatsizlik, tanish-bilishchilik va korrupsionerlikka berilishlari oʻz boshlariga ularni dunyo sahnasidan yoʻq qiluvchi ilohiy jazo-halokatga giriftor qilgan!). Allohga qasamki, (men hargiz bunday adolatsizlikka yoʻl qoʻymagayman.  Ya'ni ana u oʻgʻirlik qilib, sizlar uni himoya qilmoqchi boʻlayotganingiz – Abul Asadning qizi Fotima emas, farazan), agar Muhammadning qizi (oʻz jigarim, suyukligim) Fotima oʻgʻirlik qilsa, soʻzsiz, uning qoʻlini ham kesaman(ya'ni agar men sizning taklifingizga koʻra, adolatsizlikka yoʻl qoʻysam, Allohning ulkan jazosiga mubtalo boʻlishdan qoʻrqaman. Shuning uchun men oʻz yaqinimning bu dunyodagi himoyasi uchun ham adolatsizlikka qoʻl urmagayman. Zero, kishi yaqiniga yordam berish uchun nohaqlikka qoʻl ursa, oʻsha yaqin kishisi ham uni Qiyomat kunida Alloh taoloning jazosidan qutqara olmaydi, Alloh taolo “Bu bandam mening hukmimni yaqin qarindoshini qutqarish yoki unga yordam berish uchun buzgan edi, deb jazodan ozod qilmaydi)!”, dedilar (Imom Muslim va Nasoiy rivoyati).

Islomning korrupsiyaga munosabati keskin qarshi va murosasiz ekani butun musulmon ummatiga oʻrnak-namuna boʻlgan zot – Muhammad sollallohu alayhi va sallamning mazkur adolatli qarorlarida naqadar goʻzal aks etganini jonli guvoh  boʻlgan sahobalar bundan oʻzlariga tegishli xulosa chiqarib, haqli boʻlmagan kishi tomon choʻzilgan “yordam qoʻllari” ham kesilishga mahkum ekanini anglab etdilar va bu qilmishlariga pushaymon boʻlib, darhol istigʻfor aytib, tavba qildilar.

Shu voqea misolida soʻzimizga xulosa qilsak, islom oʻgʻirlikdan qaytarish muqobilida har bir kishini, garchi oʻtin terib sotish kabi tashqi koʻrinishidan juda past darajadagi kasb boʻlsa ham, undan orlanmay, balki birovning mulkiga koʻz olaytirish evaziga kun kechirish oʻrniga Allohdan oʻzgaga ehtiyojini izhor etmay, oʻzini iffatli tutib, Alloh taologa tavakkul qilgani holda halol-pok rizqiga tomon astoydil sa'y-harakat qilishga chaqirgan. Kimdir bor imkoniyatini ishga solib, halol-pok yashash qasdida ter toʻkishiga qaramay, Allohning taqdiri oʻlaroq, ishi yurishmay, qoʻli kalta-kambagʻal boʻlib qolsa, endi Alloh taolo ikkinchi muqobil variant qilib, boy-badavlat kishilar zimmasiga – bunday pokdomon kishilarga koʻmak uchun – zakot berishni farz etgan. Korrupsiya illatining har sohada koʻzga tashlanuvchi turlari boʻlgani kabi, uning har sohadagi muqobil muolajasi hamda korrupsiyaga sarflash evaziga ega boʻlinadigan gunohlarni – oʻsha xarajatni – aqlli tasarruf qilib, toʻgʻrilikka yoʻnaltirib, uni savobga aylantirish yoʻllari aslo qurib qolgan emas! Birgina misol keltirsak, oliy ta'lim tizimiga oʻqishga kirishi uchun oʻrta ta'limda chala oʻqigan, balki oʻqish oʻrniga mardikor ishlash bilan kuni oʻtgan farzandi imtihondan “a'lo” oʻrinda oʻtishiga begʻaraz “yordam” berishga uzatilgan koʻmakchi qoʻllarga “hadya” tutqizishdan toymayotgan ota-onalar shu mablagʻlarini farzandi maktabda sifatli ta'lim olishiga qulay sharoit yaratishga, u etarli boʻlmasa, repititor yollab oʻqitishga yoʻnaltirsalar, imtihon vaqti salohiyatli boʻlmagan farzandlariga falonchi nokas yordam bera olarmikan, ertaga mandat doskasidagi reytingi qay ahvolda chiqar ekan, deb yurak hovuchlab oqibatidan xavotir olish oʻrniga haqiqiy a'lochi bolasini imtihonga kuzatib, natijasidan xotirjam boʻlmasmidilar?! Bu kabi misollarni hamma biladi. Lekin, muammo boshqa narsada… muammo ichimizda, bilganimizga amal qilmasligimizda, Alloh taoloning savobiga umidvorligimiz, jazosidan xavfimiz oʻta kam ekanida… Aslida bundan katta fojea va halokat boʻlmasa kerak?! Bejizga Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bani Isroil-yahudiy qavmlarining halokatiga bu illat sabab boʻlganiga urgʻu bermadilar! Demak, bu Muhammadiy ummatga noloyiq sifat ekan!..

Ta'lim muassasasi o'qituvchisi:        Boqiyev Azizbek.

Izoh qoldirish