09.12.2025

Korrupsiyaga qarshi kurashda huquqiy madaniyatning oʻrni.

Korrupsiyaga qarshi kurashda huquqiy madaniyatning oʻrni.

Ongi va qalbi bolalikdan “halollik vaksinasi” bilan emlangan yangi avlodni kamolga yetkazish ustuvor vazifamizdir.

                                                        Sh. Mirziyoyev.

 

Korrupsiya — jamiyat rivojiga toʻsiq boʻluvchi eng xavfli illatlardan biridir. U faqat iqtisodiy zarar keltirib qoʻymasdan, odamlarda adolatga boʻlgan ishonchni susaytiradi, davlat va jamoat tashkilotlari faoliyatiga nisbatan shubha uygʻotadi. Shu bois korrupsiyaga qarshi kurashish faqat huquqiy organlar vazifasi emas, balki har bir fuqaroning masʼuliyatli burchidir.

Huquqiy madaniyat – fuqarolarning qonunlarni bilishi, hurmat qilishi va ularga amal qilishini anglatadi. Agar jamiyatda huquqiy madaniyat yuqori boʻlsa, korrupsiyaga qarshi kurash ham samarali kechadi. Chunki qonunni biladigan inson:

• noqonuniy takliflarga rozi boʻlmaydi;

• oʻz huquqlari buzilsa, murojaat qila oladi;

• adolat talab qiladi;

• jamoat manfaatini shaxsiy manfaatdan ustun qoʻyadi.

Korrupsiyani kamaytirishning samarali yoʻli — bu yoshlar uchun huquqiy bilim berish, ularda halollik va masʼuliyat tuygʻusini kuchaytirishdir. Madarasa, maktab va oliy taʼlim muassasalarida oʻtkaziladigan maʼrifiy darslar, seminarlar va targʻibot ishlari bu jarayonda muhim ahamiyat kasb etadi.

Vatanimizda tahsil olayotgan barcha taʼlim muassasalaridagi yoshlar — jamiyatdagina emas, balki diniy muhitda ham halollik, tozalik va adolatning asosiy targʻibotchilari hisoblanadilar. Shu sababli ularning huquqiy savodxonligi yuqori boʻlishi har tomonlama muhimdir.

 

Islom taʼlimotida korrupsiya qatʼiy qoralanadi. Qurʼon va hadislarda insonning haq-huquqini yeyish, adolatga xiyonat qilish, pora olish yoki berish ogʻir gunoh ekani taʼkidlanadi.

Paygʻambarimiz Muhammad (s.a.v.) pora bergan va olganni laʼnatlaganlar. Bu esa musulmon kishi hayotida halollik va poklikka amal qilish naqadar muhim ekanini koʻrsatadi. Shu maʼnoda huquqiy madaniyat bilan birga diniy ongni ham yuksaltirish korrupsiyaga qarshi kurashning mustahkam asosidir.

Fuqarolar qonun buzilish holatlarini koʻrsa, bu haqda tegishli idoralarga murojaat qilishdan qoʻrqmasligi kerak. Jamoatchilik faol boʻlsa:

• davlat organlarida ochiqlik oshadi;

• mansabdor shaxslar oʻz burchini masʼuliyat bilan bajaradi;

• jamiyatda ishonch va adolat kuchayadi.

Shuni unutmaslik kerakki, korrupsiyaga qarshi kurash — bu uzluksiz jarayon. U faqat jazolash emas, balki oldini olish, tarbiya va maʼrifat bilan birga amalga oshadi.

Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, korrupsiyaga qarshi samarali kurashishning eng muhim sharti — jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirishdir. Har bir fuqaro qonunni bilib, unga amal qilsa, halollikni hayot mezoni sifatida tanlasa, korrupsiyaga oʻrin qolmaydi.

Yurtimizning talaba-yoshlari va oʻqituvchilari bu borada jamiyat uchun namuna boʻlishlari, adolat va poklikni targʻib qilishlari zarur. Har birimiz oʻzimizdan boshlasak, yurtimizda poklik, adolat va barqarorlik mustahkamlanadi.

  Ta`lim muassasasi o`qituvchisi:    Sh.Razzoqova

Izoh qoldirish