
Mahmudxo`ja Behbudiyning teatr borasidagi qarashlari
Mahmudxo‘ja Behbudiy — jadidchilik harakatining yirik namoyandalaridan biri bo‘lib, u o‘zining ilg‘or g‘oyalari bilan o‘zbek milliy teatri taraqqiyotiga katta hissa qo‘shgan. Uning teatr borasidagi qarashlari madaniyat, ma’rifat va xalqni uyg‘otish vositasi sifatida muhim ahamiyatga ega bo‘lgan. Behbudiy teatrni xalqni o‘qitish, jaholatdan chiqarish va zamonaviy bilimlarga yo‘naltirishning kuchli vositasi sifatida ko‘rgan. U fikricha, teatr orqali savodsizlik, irsiy qoloqlik, ayollarning ezilishi kabi ijtimoiy muammolarni ko‘rsatish va muhokama qilish mumkin bo‘lgan. Behbudiyning o`zi teatr haqida shunday degan: “Teyotr nimadur? Javobig‘a teyotr ibratnamodur, teyotr va’zxonadur, teyotr ta’zir adabidir. Teyotr oynadurki, umumiy hollarni anda mujassam va namoyon suratda ko‘zliklar ko‘rub kar-quloqsizlar eshitib, asarlanur. Xulosa: teyotr va’z va tanbih etguvchi hamda zararlik odat, urf va taomilni, qabih va zararini ayonan ko‘rsatguvchidur. Hech kimni rioya qilmasdan to‘g‘ri so‘ylaguvchi va ochiq haqiqatni bildurguvchidir. Ayni zamonda yana tamoshogoh va yoinki ko‘ngul ochguvchi milliy va adabiy jam’iyatlarni boisidur. So‘zni qisqasi, teyotr xonalari masxarabozxona bo‘l-may, balki ibratxonadur”. Ma`rifatparvar jadid o`z fikrini davom ettirar ekan, teatrlarni taraqqiyotning sababi ekanligini, Behbudiy teatrni faqat ko‘ngilxushlik emas, balki jamiyatdagi illatlarni ochib beruvchi, islohotga chorlovchi kuch sifatida ko‘rganligini ta`kidlaydi: “Taraqqiy qilgan millatlar teyotrxonalarni ulug‘lar uchun maktabi adab va ibrat ataydurlar. Taraqqiy qilgan xalqlar o‘rtasinda teyotr u qadar taraqqiy etkandurki, har kun bir yangi asar tasnif bo‘lub, sahnada qo‘yulur. Taraqqiy qilmoqni eng birinchi sabab va boislaridan biri teyotrlardur deyurlar. Umumiy odatlarni naf’i va zararidan paydo bo‘laturgon natijalarni teyotrxonada aynan ko‘rsaturlarkin, har kim mundan ta’sirlanib, yamon odatlarni tark etib, yaxshilikni ziyoda ishlamoqg‘a sabab bo‘lur. Har zamonni bir usuli ehtisobi bordur. Bu zamonda teyotrxonalar ham yamon va zararlik odatlarni ehtisob va tanqid qilib yamonligini, qabihini xaloyiqg‘a ko‘rsatib va’z va nasihat etguvchi bir joydur”.
1911-yilda Samarqandda sahnalashtirilgan “Padarkush” dramasi Behbudiyning yagona sahna asari bo‘lib, o‘zbek dramaturgiyasida yangi bosqich boshlab bergan. Bu asar orqali u oilaviy tarbiya, axloqiy qadriyatlar va zamon muammolariga e’tibor qaratgan. Asarda o‘g‘ilning otasini o‘ldirishi bilan tugaydigan fojiaviy syujet orqali axloqiy inqiroz va ma’naviy zaiflik tanqid qilinadi. U “Padarkush” asarining yaratilish sababini quyidagicha izohlaydi: “Bizni Turkiston va Buxoroda milliy teyotrdan asar yo‘q edi. Muharriri ojiz «Padarkush»ni yozdiki, o‘tgan fevral oyinda Samarqand, Xo‘qand, Buxoro va Toshka va Kattaqo‘rg‘on shaharlarinda millat naf’i uchun ko`ngullilar sahnada qo‘yub, to‘rt-besh ming so‘mni to‘rt-besh kechada jamlab, maktablar foidasig‘a berdilar. Mana endi muhtaram Samarqandiy ko‘ngulli mushaxxislar g‘ayrat qilib, yana «Padarkush»ni Samarqandda yettinchi moyda sahnag‘a qo‘yub, hosilini maktablarg‘a sarf uchun berdilar. Muhtaram hamshaharlarimizdan rijo etarmizki, kelib ko‘rgonlari gunah bo‘lgon joyini ko‘rsatsalar. Inchunun, asarni tanqid etib, buzuq yerini matbuot ila bayon etsalar, toki boisi isloh bo‘linsa. Ammo bu kung‘acha muhtaram ahli qalam «Padarkush»ni buzuq yerini ko‘rsatmay, balki «kuldurguchi va ham yig‘latguchi nosih va nofe’ asardur» holinda tabrik va taqrizlar ila yozdilarki, biz alarg‘a tashakkur aytarmiz. Asarimizni qabihini yozgon kishig‘a ziyodaroq tashakkur etmoqg‘a madyunmiz, chunki bois islohdur”. Uning “Padarkush” dramasi o‘zbek milliy teatrining poydevorini qo‘yib, ma’rifatparvarlik g‘oyalarini keng ommaga yetkazishda muhim rol o‘ynadi.
Xulosa qilib aytganda, Mahmudxo‘ja Behbudiy teatrni ko‘ngilochar emas, balki jamiyatni tarbiyalovchi, axloqiy va ma’naviy yuksaltiruvchi muhim vosita deb bilgan. Uning “Teatr — bu ibratxonadir” degan fikri teatrga bo‘lgan yuksak e’tiborini yaqqol ko‘rsatadi. U teatr orqali xalqni savodli, ongli va madaniyatli qilishni maqsad qilgan. Behbudiy uchun sahna — haqiqatni ochiq aytadigan, jamiyatdagi illatlarni fosh etadigan makon edi. Shu bois, u teatrni islohot va ma’rifat yo‘lidagi qudratli vosita sifatida qadrlagan.
1-kurs talabasi Tohirova Madina
Izoh qoldirish