
ABU HANIFA — E’TIQOD MEZONI
Islom tarixining yirik fiqhiy va e’tiqodiy shaxslari qatorida Imom A’zam Abu Hanifa rahmatullohi alayh alohida o‘rin tutadi. U zot hanafiy mazhabining asoschisi sifatida tanilgan bo‘lib, nafaqat fiqhda, balki aqida masalalarida ham chuqur bilim va iymon bilan xizmat qilgan imomdir. Uning ilmiy merosi, metodikasi va Allohga bo‘lgan taqvosi asrlar davomida musulmon ummati uchun yo‘lko‘rsatkich bo‘lib kelmoqda.
Bu haqiqatni quyidagi hadisi sharif yanada mustahkamlaydi. Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar:
“Odamlarning yaxshilari mening zamonimdagilardir, soʻng ularga yaqin boʻlganlar, soʻng ularga yaqin boʻlganlardir. Soʻngra shunday insonlar keladiki, ularning guvohliklari qasamlaridan, qasamlari esa guvohliklaridan oʻzib ketadi.” (Muttafaqun ‘alayh)
Mazkur hadis ulamolar tomonidan ilk uch avlod – sahobalar, tobeinlar va taba’a tobeinlar fazilatini bayon qiluvchi dalil sifatida keltiriladi. Imom Abu Hanifa aynan mana shu tabarruk davrda yashagan, tobeinlardan ilm olgan, ularning ko‘plari bilan zamondosh bo‘lgan va ulardan hadis rivoyat qilgan. Shunday ekan, Imom Abu Hanifaning ilmiy va e’tiqodiy mavqei bejizga emas, balki manbali, tarixiy asosli mavqe ekanligini anglash zarur.
Ilmda peshqadam, e’tiqodda timsol
Abu Hanifa — fiqh ilmining asoschilaridan, hanafiy mazhabining imomi, tafakkur va dalilga tayanuvchi ijtihod maktabining bunyodkoridir. Ammo u faqat faqih emas — u mu’tabar e’tiqod ahli, bid’atlarga qarshi qat’iy kurashchi, aqida bobida ham kuchli mutakallim sanaladi. U zot mutakallimlar bilan munoqasha qilar, bid’atchi toifalarning havoiy aqidalariga raddiya berar, turli firqalar bilan munozara qilar edi. U zotning kalom ilmi masalalarida o‘ziga xos qarashlari borligi ma’lum. Hatto, bu ilmda u kishiga mansub risolalar ham mavjud. U zot fiqh, taxrij, hadislarni tushunish, ahkomlarning illatini istinbot qilish va unga usuliy qoidalarni asoslash borasida yuksak maqomga egadir. Bu haqda zamondoshlaridan biri: men hadisni tushunish borasida undan yaxshiroq kimsani ko‘rmadim, degan.
Imom Saymariy o’zining “Axbaru Abu Hanifa va As’habihi” deb nomlangan kitobida buyuk olim Abdulaziz ibn Abu Ravodning quyidagi so‘zlarini keltirib o’tgan: "Abu Hanifa — ummat uchun bir imtihon mezonidir. Kim uni sevsa, u ahli sunnadir. Kim uni yomon ko‘rsa, u bid’at ahlidir."
Bu so‘zlar bejiz aytilmagan. Zero, Abu Hanifaga bo‘lgan munosabat insonning din yo‘lida qaysi tarafda turganini bildiruvchi o‘lchovdir. U haqiqatga bog‘liq holda tanlab olingan ilmlarni ijtihod bilan uyg‘unlashtirgan, naql bilan aqlni qarama-qarshi qo‘ymagan.
Imom Abu Hanifa haqidagi e'tiroflar
Imom Abu Hanifaning ilmiy yuksakligi va taqvosi haqida ko‘plab olimlar ijobiy fikrlar bildirganlar. Ulardan ba'zilarining so‘zlari quyidagicha:
Fuzayl ibn Iyoz aytadi: “Abu Hanifa fiqh ilmida mashhur faqih kishi edi. Molu davlati bisyor, atrofidagi kishilarga xayr-ehson ulashish odati hammaga ma’lum, kecha-yu kunduz ilm olishga sabrli, tunlari qoim, ko‘p sukut saqlar, to halol yoki harom haqida savol berilmaguncha gapirmas edi”.
Yahyo ibn Ma’in rahmatullohi alayh shunday deganlar: “Abu Hanifa ishonchli bir zot edi. U faqat o‘zi ishonch hosil qilgan va yodlagan hadislarni rivoyat qilardi, yodlamaganlarini esa aytmasdi.”
Abu Vahb Muhammad ibn Muzahim rivoyat qiladi: “Men Abdulloh ibn Muborakdan eshitdim. U shunday degan edi: “Agar Alloh menga Abu Hanifa va Sufyonning yordamini bermaganida, men ham boshqa odamlarga o‘xshab qolardim”.
Imom Zahabiy rahmatullohi alayh aytadilar: "U insoniyatning eng aqlli va ziyrak kishilaridan biri bo‘lgan, fiqh, ibodat, taqvo va saxovatni mukammal ravishda jamlagan edi."
Imom Ibn Hajar Asqaloniy rahmatullohi alayh esa shunday degan: “Abu Hanifa ilmda kashfiyotchi, ijtihodda mukammal va tarixda buyuk imom sifatida yuksak darajaga ko‘tarilgan.”
Bundan tashqari, Imom ash-Shafeiy, Imom Molik va Imom Ahmad ibn Hanballar kabi yirik imomlar ham Abu Hanifaning ilmiga va taqvosiga bo‘lgan hurmatlarini bildirganlar. Ulamolar tomonidan aytilgan ushbu holis e’tiroflar Abu Hanifaning ilmiy va diniy mavqeini yanada mustahkamlashga xizmat qilgan.
Afsuski, bugungi kunda ba’zi salafiy qarashdagi toifa vakillari tomonidan Abu Hanifa (rahmatullohi alayh) va hanifiy mazhabiga qarshi turlicha e’tirozlar ilgari surilmoqda. Ular, go‘yoki, Qur’on va sunnatga bevosita tayanishni da’vo qilar ekanlar, Imom Abu Hanifa kabi salaf zamonining yetuk olimlarini inkor etishga harakat qilmoqdalar. Bu esa na ilmiy, na tarixiy, va na diniy asosga ega.
Imom Abu Hanifa Qur’on va sunnat asosida ijtihod qilgan, o‘zining fikriy maktabini dalillar bilan asoslagan, hadislarni bilgan va ularni chuqur tahlil qilgan ulamolardandir. U zotning zamonidagi hadis rivoyat qiluvchi muhaddislar va faqihlar uni “imom”, “fiqhdan eng chuqur bilimli” deb ta’riflaganlar. Salafiylar tomonidan aytilayotgan tanqidlar, asosan, naqliy va aqliy dalillarni noto‘g‘ri tushunish, tarixiy kontekstni inobatga olmaslik yoki diniy metodologiyani yaxshi anglamaslik oqibatidir.
Hatto salafiylar o‘zlarining ilmlarini isnod orqali Abu Hanifa kabi imomlarga bog‘lab olishlarini o‘zlari ham inkor etolmaydi. Darhaqiqat, salafiylik da’vosi bilan Abu Hanifani rad qilish, islom ilmiy merosining uzviyligi va isnod zanjirini uzishga urinish bo‘lib, bu – jaholatdan boshqa narsa emas.
Imom al-Lays as-Samarqandiy (rahmatullohi alayh) o‘zining “Uyun al-Masa’il” asarida shunday rivoyat keltiradi:
“Xalaf ibn Ayyub aytadi: Bu buyuk ilm — fiqh ilmi — avval Rasululloh ﷺ huzurlarida edi. So‘ngra u sahobalarga, sahobalardan tobeinlarga, tobeinlardan esa Abu Hanifa va uning shogirdlariga o‘tdi. Endi kim xohlasa bu haqiqatdan rozi bo‘lsin, kim xohlasa norozilik bildirsin — bu Allohning tanlovidir.”
Bu rivoyatdan anglashiladiki, fiqh ilmining yo‘nalishi, tarixiy uzluksizligi va ulamolar silsilasi o‘z o‘rniga ega. Abu Hanifa shunchaki tarixiy shaxs emas, balki islom ummatining ilmiy xazinasi va e’tiqodiy mezonidir.
Xulosa
Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayh faqat fiqhda emas, balki e’tiqodda ham mezon bo‘lgan buyuk imomdir. U zotning hayoti, iymoni, taqvosi va ijtihodiy yondashuvlari bugungi kunda ham islomiy tafakkurga asos bo‘lib xizmat qilmoqda. Uning ilmiy merosiga hurmatsizlik qilish yoki u zotni mensimaslik aslida o‘zini yo‘qotishdir. Musulmonlar sifatida biz u kabi zotlardan o‘rnak olib, ilmni izzat, taqvo va sidq bilan o‘rganishimiz, e’tiqodda sobit turishimiz kerak.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati:
1. Xatib al-Bag’dodiy. Tarixul Bag’dod – Abu Hanifaning tarjimai holi va ilmiy mavqeini yorituvchi asosiy tarixiy manba.
2. Imom Zahabiy. Siyar A‘lam an-Nubalaʼ – Abu Hanifa va boshqa buyuk ulamolarning hayoti va fazilatlari haqida keng ma’lumot berilgan.
3. Ibn Hajar al-‘Asqalaniy. Tahzib at-Tahzib – Abu Hanifaning ishonchliligi va hadisga munosabati yoritilgan.
4. Imom Saymariy. Axbar Abi Hanifa va As’habihi – Abu Hanifaning shogirdlari, ilmiy maktabi va e’tiqodiy mavqei haqida to‘liq ma’lumot beradi.
5. Imom Abu Lays as-Samarqandiy. Uyun al-Masa’il – fiqh ilmining rivoyat zanjiri va ilmiy silsilasi haqida muhim manba.
6. Abdulhamid Abu Sulaymon. The Crisis of Islamic Civilization – islom tafakkuridagi tarixiy va zamonaviy muammolarni muhokama qiladi.
8. Muhammad Abu Zahro. Abu Hanifa: Hayatuhu va asruhu, oro’uhu va fiqhuhu – Abu Hanifaning hayoti, davri, fikr va fiqhiy qarashlari haqida eng mukammal biografik asar.
9. Shah Valiyyullah Dahlawiy. Hujjatullah al-Balig’a – fiqhiy maktablar va ijtihod tarixiga oid chuqur tahliliy manba.
10. Dr. Yusuf al-Qaradag’i. Fiqh al-Jihad – fiqh metodologiyasi va dalilga asoslangan yondashuvlar haqida.
11. Mavlono Ashraf Ali Tahonaviy. Imdad al-Fatavo – hanafiy fiqhi va aqidasi haqida zamonaviy sharhlardan biri.
12. Islomiy Ensiklopediyalar (misol uchun: "Mavsu‘at al-fiqhiyyah al-Quvaytiyyah") – Abu Hanifaning fiqhiy va aqidaviy mavqei bo‘yicha qabul qilingan iqtiboslar va manbalar.
Boqiyev Azizbek Abdullajon o’g’li
“Jo`ybori Kalon” ayol-qizlar o`rta maxsus
islom ta`lim muassasasi o’qituvchisi
Izoh qoldirish