
Radikallashuvga qarshi kurashamiz
Buyuk Britaniya Parlamentining lordlar palatasi vakili lord Muhammad
Iltaf Shayx: “Agar Ulug‘bek hozir hayot bo‘lganida o‘zbeklar birinchi bo‘lib oyga
safar qilgan bo‘lardi. Al-Xorazmiy bo‘lmaganida, zamonaviy texnologiyalar ham
bo‘lmas edi. Ibn Sino asarlari asosida hozir Yevropa tibbiyotni o‘rganmoqda.
Biz radikallashuvga O‘zbekiston madaniyati bilan qarshi kurashishimiz kerak.
Sizlar Imom Buxoriy hadislarini ingliz tiliga tarjima qilib, sharhlab bering. Biz bu
kitoblar bilan jaholatga qarshi kurashamiz”.[1]
Radikalizm – muayyan shaxs yoki guruhning mavjud ijtimoiy, siyosiy va madaniy holatini tubdan va murosasiz oʻzgartirish istagidan iborat jarayondir. Radikallizm jarayonlari diniy yoʻnalishda ham kuzatilishi mumkin. Bunda shaxs oʻz diniy eʼtiqodini haq deb bilib, oʻzgacha eʼtiqodiy qarashlar va fikrlarga murosasiz va keskinlik asosida yondashadi hamda ularni zoʻrlik yoʻllari bilan oʻzgartirish tarafdori boʻladi.
Bu holat koʻpincha jamiyatda mavjud turli diniy konfessiyalarlarga keskinlik bilan yondashish, bir din doirasidagi oʻzga mazhab yoki qarashlarni murosasiz inkor etish hamda ularni raqib sifatida qabul qilishda namoyon boʻladi.
Bugun kibermakonda xavf-xatarlar kuchayib bormoqda. Chegaralar va qonunlarni tan olmaydigan internet tarmoqlari orqali radikal g‘oyalar ham kirib kelmoqda. Buning oqibatida aholining nisbatan zaif qatlamlari, jumladan, yoshlar turli noqonuniy guruhlar ta’siriga tushib qolayotgani afsuslanarli. Butun jamoatchilik bundan ogoh bo‘lishi, ulamolar va nuroniylar to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatishi kerak.
Radikalizmning shakllanishiga sabab boʻluvchi omillar sirasiga quyidagilar kiradi:
– bolalikdagi tarbiya tipi (avtoritar, ezuvchi, shubhali, nazorat qiluvchi, “oila kumiri” tipi boʻyicha yoki hech qanday nazoratsiz hamma narsaga ruxsat etilgan va boshqalar);
– shaxsning oʻziga xos xususiyatlari (oʻziga past baho berish, oʻzini tasdiqlashdagi ustuvor ehtiyojlar, nuqtayi nazari, gʻoyalari, psixologik himoya nevrotik mexanizmlari);
– keskin vaziyatlarda xulq-atvorning vayron qiluvchi, yemiruvchi va oʻziga qaratilgan strategiyasi;
– shaxsning buzilishi: tobe, xavotirli, oʻta mutakabbirlik.
Psixologlarning taʼkidlashicha, yoshlardagi tajribasizlik va hissiyotga tayangan holda ish yuritishi, tashqi taʼsir natijasida ruhiy holatining oʻzgaruvchanligi; ruhiy tushkunlikka tez tushishi va ruhiy zarbalarga chidamsizligi; yaqinlari eʼtiboridan butunlay chetda qolishi; oʻta qiziquvchanlik hamda axborotlarni toʻlaqonli tahlil qilmaslik, ishonuvchanlik kabi qator omillar radikallashuv jarayoniga xizmat qilishi mumkin.
Markaziy Osiyoda radikallashuv ko’proq diniy (ayniqsa, islom bilan bog’liq) ko’rinish kasb etadi, boshqa mafkuraviy radikalizmlar esa uncha ko’zga tashlanmaydi.[2]
Ta’kidlash joizki, hamma vaqt ham diniy mutassib (radikal) oqim a’zolari
ilk suhbatdanoq norasmiy adabiyotlar, shaxslar haqida batafsil so‘zlamaydi. Ular
o‘z jamoalariga jalb qilish maqsadida rasman tan olingan diniy adabiyotlar orqali
saboq olishni tavsiya etadi. Bularning barchasi qanchalik jozibador va to‘g‘ri bo‘lib ko‘rinmasin, dindan turli maqsadlarda foydalanadigan shaxsdan diniy
bilimlarni o‘rganish salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
- insonning xulq-atvori, yurish-turishi, kiyinishi, so‘zlashuv lug‘ati va qiziqishlarining o‘zgarishi;
-odatdan tashqari va takrorlanuvchan dalil keltirishlar;
-eshitilgan ma’ruza taassurotlari yoki yod olingan nutq;
-oila, do‘stlar, kasb yoki o‘qishga qiziqishning yo‘qolishi;
-haftalik uchrashuv (yig‘ilish)lar sonining ortishi;
-mamlakat bo‘ylab yoki chet elga safarlar;
-telefon qo‘ng‘iroqlarining ko‘payishi;
-ko‘p sonli maktublar kelishi;ovqatlanish tartibining o‘zgarishi;
- bir xil ohangdagi (monoton) tovush;
-tajovuzkorlik yoki beparvolik;
-yangi ish uchun ortiqcha hayajonlanish yoki odamovilik;
- moliyaviy harajatlarning ortishi, do‘st va qarindoshlardan pul yig‘ish.
Qanday oqim yoki guruh ekanini aniqlashda uning rahbari o‘zini qanday
namoyon qilishi, guruh tuzilishida qat’iy “ierarxiya” (tabaqalanish) mavjudligi, undagi hukmronlik qanday taqsimlanishi va kim tomonidan boshqarilishiga alohida e’tibor qaratish muhim. Shuningdek, ushbu guruhga yangi a’zolarni jalb qilishda qanday metodlardan “verbovka”(haqqoniylik yoki hiyla, yolg‘on, aldov orqali) qo‘llanilishi, moliyaviy mablag‘lar qaerdan olinishi, qanday taqsimlanishiva qaysi maqsadlarga ishlatilishi haqida ma’lumotga ega bo‘lish zarur.
Inson yaqin kishisining diniy mutaassib (radikal) oqimga qo‘shilib qolganini
aniqlashda uning ovqatlanishi, kun tartiblari, yaqin kishilari bilan muloqoti,
umuman shaxsiy hayotidagi o‘zgarishlar qay darajada ekaniga jiddiy e’tibor
qaratishi va to‘g‘ri tahlil qilishi tavsiya etiladi. Buning uchun har qanday xolatda ham mutasaddi idoralar yoki mas’ul shaxslar, mahalliy imom-xatib, otinoy, MFY raislari bilan bamaslahat harakat qilish maqsadga muvofiqdir.
Farzandi yoki biror yaqini diniy mutaassib (radikal) oqim yoki sekta
harakatiga qo‘shilib qolganini bilgan kishi, avvalo, o‘zini yo‘qotmasligi, tahlikaga tushmasligi, endi biror narsani o‘zgartirib bo‘lmaydi degan hayolga bormasligi zarur. Aksincha, biror oqim ta’siriga tushib qolgan odam bilan ichki munosabatni saqlash, unga nisbatan ijobiy kayfiyatda bo‘lish, suhbatlashganda vazmin, samimiy bo‘lishi kerak bo‘ladi. Hech qachon to‘g‘ridan-to‘g‘ri (xatto, hazillashib ham) uning e’tiqodiga tajovuz qilmaslik, sog‘lom fikr nuqtai nazaridan uni tushunish uchun ko‘proq savollar berish zarur. O‘rtadagi kelishmovchilik va qarama-qarshiliklarni oshkor etish uning oqimga yanada ko‘proq bog‘lanib qolishiga olib kelishi mumkin.
Balog‘at yoshiga yetgan va nima qilishni o‘zi biladi, deb uni qaytarish
(qutqarish) fikridan voz kechmaslik, sog‘lom fikr uni qilayotgan ishlaridan
qaytaradi, deb ishonib qolmaslik lozim. O‘zi buni ta’kidlagan holda ham, uning
hamma narsani to‘g‘ri hal qila olishi isbotlanmagan.
Muammolar bilan yakkalanib qolmasdan, mazkur masalani mahalla
oqsoqollari, masjid imomlari, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari bilan bamaslahat hal qilish zarur. Nihoyat, oqim ta’siriga tushib qolgan kishi yana ilgarigidek bo‘lib qoladi deb o‘ylamaslik, hayotiy tajribadan to‘g‘ri xulosa chiqarish, xushyorlikni bir lahza ham yo‘qotmaslik, uni yosh niholdek asrash kerak bo‘ladi.
Diniy sohada fuqarolarning vijdon erkinligiga, jamoat xavfsizligiga va jamoat tartibiga tahdid soluvchi omillarga qarshi kurashish yo‘nalishida davlat siyosatini amalga oshirishning asosiy mexanizmlari quyidagilardan iborat:[3]
a) diniy radikallashuvga, ya’ni shaxsiy diniy qarashlar asosida ma’lum bir dinning yoki konfessiyaning boshqalariga nisbatan ustunligini, shaxsiy diniy qarashlarni talqin qilishda qonunchilik talablariga va boshqa fuqarolarning vijdon erkinligiga bo‘lgan huquqiga rioya etilmasligini targ‘ib qiluvchi xatti-harakatlarga yo‘l qo‘ymaslik;
b) radikal diniy oqimlar, ekstremistik va terroristik tashkilotlar g‘oyalariga qarshi kurashish va ularning mafkurasi tarqalishining oldini olish, bu maqsadda davlat organlarining va fuqarolik jamiyati institutlarining diniy tashkilotlar bilan samarali hamkorligini yo‘lga qo‘yish;
v) radikal diniy oqimlar, ekstremistik va terroristik tashkilotlar g‘oyalari ta’siriga tushib qolgan shaxslarni, ayniqsa yoshlarni ijtimoiy moslashtirishga, ularning jamiyatda hukm surayotgan tinchlik va totuvlik muhitiga integratsiyalashuvini ta’minlashga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirish;
g) dinning insonparvarlik mohiyatini, jamiyat va davlat hayotidagi muhim o‘rnini ochib berish bo‘yicha zamonaviy strategiyalarni amalga oshirishga qaratilgan davlat, fuqarolik jamiyati institutlari va media sohasi vakillari o‘rtasidagi samarali hamkorlik tizimini yaratish;
d) axborot makonida dindan qonunga xilof ravishda va siyosiy maqsadlarda foydalanish hollarini aniqlash hamda ularga nisbatan qonunda belgilangan choralarni ko‘rib borish;
e) axborot makonida diniy masalalarga bag‘ishlangan materiallarning milliy qonunchilik talablariga muvofiq holda yoritilishini ta’minlash;
j) vijdon erkinligini ta’minlash sohasidagi qonunchilik hujjatlarini buzish hollariga o‘z vaqtida munosabat bildirish va adolatli huquqiy ta’sir choralarini qo‘llash, huquqiy va profilaktik ta’sir ko‘rsatishning zamonaviy, ta’sirchan usullarini ishlab chiqish va joriy etish;
z) milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovatni qo‘zg‘atishga, shu jumladan biror-bir dinga ustunlik berish yoki boshqa dinlarga nisbatan murosasizlik g‘oyalarini targ‘ib qilishga turtki bo‘ladigan materiallar tarqatilgan, shu jumladan Internet jahon axborot tarmog‘ida tarqatilgan taqdirda, bunday axborot resurslaridan foydalanishni qonunda belgilangan tartibida cheklash;
i) diniy taassublar zamirida sodir etiladigan ekstremizm va terrorizmga oid jinoyatlarning barvaqt oldini olish va ularga chek qo‘yish choralarini ko‘rish.
Davlat siyosatida barcha millatlarga bir xil munosabat boʻlishi lozim. Agar mamlakatda qandaydir bir alohida gʻoya, ayniqsa, diniy va milliy omillardagi mafkura ustun boʻlsa, radikallashuvning kuchayishiga olib keladi va tashqi muhitda ham reabilitatsiya faoliyatini susaytiradi. Shuningdek, aholiga va dindorlarga nisbatan tashqi kuchlar tomondan amalga oshirilayotgan diniy, siyosiy taʼsirlarni cheklash hamda islomofobiyani oldini olish talab etiladi. Shuningdek, xorijiy davlatlarning ilgʻor tajribalarini muntazam oʻrganib borish va respublikaning ijtimoiy holatidan kelib chiqqan holda ushbu tajribadan foydalanish ham radikallashuvning oldini olish borasida muhim ahamiyat kasb etadi.
Dilafruz Gulamova
Ta`lim muassasasi o`qituvchisi
[1] 2018-yil 1-mart, London. O‘zbekiston va Buyuk Britaniya ziyolilari, diniy soha namoyandalarining uchrashuvidan
[2] Rustam Aziziy “Vatan”ijtimoiy-siyosiy, ilmiy-ma’rifiy jurnal.2025-yil 1-son (5), 63-bet
[3] O‘zbekiston Respublikasining 2025-yil 25-fevraldagi O‘RQ-1037-sonli Qonuni O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASIDA FUQAROLARNING VIJDON ERKINLIGINI TA’MINLASH VA DINIY SOHADAGI DAVLAT SIYOSATI KONSEPSIYASINI TASDIQLASH TO‘G‘RISIDA
Izoh qoldirish