28.04.2025

O’rta Osiyoda ilk hadis va kalom maktablari tarixining o’rganilish bosqichlari

Hadis ilmining paydo bo'lishini Payg'ambar alayhissalomning vafotidan bir asr o'tgandan keyin bilan bog'lash to'g'ri bo'ladi. Chunonchi Payg'ambar hayot vaqtlarida uning so'zlariyu qilgan ishlarini avval boshda faqat eshitish va mushohada qilish bilan chegaralangan bo'lsa, so'ngroq ularni naql etib rivoyat qilina boshlandi. Payg'ambardan hadis eshitgan sahobalar ham har xil sharoitda bo'lganlar-qay birlari ko'proq, boshqalari kamroq eshitganlar. Bu hol esa naql va rivoyatga ehtiyojning oshishiga sabab bo'lgan. Ayni vaqtda sahobalar hadisni Payg'ambardan bevosita eshitganlari boisidan, shuningdek quvvai hofizalari o'ta kuchli bo'lganligidan ham rivoyat qilishgan hadislarda ishtiboh, yolg'on yoki unitish kabi hollar umuman kuzatilmagan.

Payg'ambar alayhissalom vafotlaridan keyin, sahobalar islom diniga kirgan yangi-yangi o'lkalarga yoyilib tarqab ketgach, Payg'ambar hadislarini bilishga ehtiyoj va zarurat tobora osha borgan. Yillar o'tishi bilan bu ehtiyoj yanada kuchayib xilma-xil shar'iy ahkomlarni bilish va Qur'oni karim ma'nolarini idrok etib chuqur anglashga ehtiyoj kuchayadi. Mana shu sabablarga ko'ra hadislarni izlab topish, ularni aniqlash talabida turli o'lkalarga har xil safarlar va rihlatlar ko'payadi. Vaqt o'ta borishi bilan hadis roviylarining ko'pligidan ularni aniq bilish, sanadini tekshirib bilish, ular o'rtasidagi tafovut va qaysinisi to'g'riligiga ishonch hosil qilish kabi qator masalalar vujudga keldiki, bularni o'rganadigan maxsus ilm-hadis ilmlari paydo bo'ldi. Hadis ilmining taraqqiyot bosqichlari haqida to'xtalsak, quyidagilarni qayd qilish lozim bo'ladi.

1.Payg'ambar alayhissalom davrida hadis ilmi. Bu davrdagi hadis ilmi, yuqorida qayd etilganidek, sahobalarni Payg'ambardan eshitgan hadislari va uning holatlarini mushohada etganlari bilan belgilanadi. Keyin ular (sahobalar) g'oyib bo'lganlarga u hadislarni yetkazganlar. Shu boisdan ham bu dastlabki bosqichda hadis ilmi rivoyat, yodda saqlash (hifz) va g'oyiblarga yetkazish kabi xususiyatlarga ega bo'lgan.

2. Sahobalar davrida hadis ilmi. Bu davr, asosan Payg'ambar vafotlaridan keyin boshlanadi, chunonchi shu paytdan boshlab hadis rivoyat qilishga alohida talab paydo bo'ladi va avvalroq zikr qilganimizdek, shu maqsad yo'lida boshqa shahar va mamlakatlarga safarlar ham boshlanadi. Ayni vaqtda sahobalar katta e'tibor bilan rivoyat qilinadigan hadislarga biror xato voqe' bo'lishdan ham ogoh bo'la boshladilar. Chunonchi bu xususda Payg'ambar alayhissalomning "kimki menga nisbatan yolg'onni so'zlasa, shubhasiz u jahannamdan joy oladi", degan ochiq-oydin hadislari ham bor edi. Darvoqe rivoyatning to'g'ri (haqiqat) ekanligi, uning shartlari, xillari, ahkomlari, roviylarning holatlariyu sharoitlariga doir hadis ilmidagi turli-tuman masalalarni tadqiq qiladigan maxsus soha bo'lib, uni ilm ud-diroya deb ataladi. Binobarin ana shu paytdan e'tiboran roviylarning rivoyatlarini aniqligi, ular Payg'ambarni ko'rganlari yoki undan bevosita eshitganligi haqida shohidlarni talab qilish, bu haqda hatto qasam ichirish kabi masalalar ko'tarila boshladi. Bunga qo'shimcha rivoyat qilinadigan hadisning matnini tadqiq etishga ham alohida e'tibor berildi. Bu hol keyinchalik hadisshunoslikda matnni tanqidiy (ilmiy) tarzda o'rganish (ya'ni naqd al-matn) deb ataladi. Mazkur holatlarda matnni aniqlashda islom dini asoslari-Qur'oni karim oyatlari yoki boshqa shu mavzuga dahldor hadislarga asoslanib, yetarli dalil va isbotlarga tayangan holda xulosa chiqarilardi. Mana shu jarayonda sahobalar Payg'ambar alayhissalomdan hadislar rivoyat qilishlik naqadar katta mas'uliyatni va ayni vaqtda g'oyatda muhim va hatarli ekanligini angladilar. Chunki hadislarni ishonchli, to'g'ri rivoyat qilmay uni xato yoki yolg'on, noto'g'ri holda keltirilishi jamiyat uchun muhimligi ayon bo'ldi. Halol va harom tushunchalari, hamda boshqa shar'iy ahkomlarni to'g'ri talqin qilish uchun endi sanad zarurati ham tug'ildi. Bunga ayniqsa, musulmonlar orasida har xil siyosiy fitnalar va mojarolar paydo bo'la boshlagach, tobora ehtiyoj kuchaya boshladi. Bu masalani aniqlash uchun boshqa shaharlarga borishlar ham avj olaboshladi. Hatto bitta hadisni aniq bilish uchun qanchadan-qancha masofa, cho'li-biyobonlarni bosib o'tishga to'g'ri keladi. Masalan Payg'ambar alayhissalomning suhbatida necha martalar bo'lib undan ko'pdan-ko'p hadislar eshitgan Abu Ayub al-Ansoriy Madinai Munavvaradan atigi bitta hadis eshitish uchun Misrga, Aqaba ibn Omir huzuriga borgan va o'sha hadisni eshitgach, yana uloviga minib o'z shahri Madinaga qaytib kelgan. Hijriy ikkinchi asrdan boshlab, sahobalar davri tugab hadislarni ham matn, ham sanad jihatidan chuqur o'rganib tadqiq etishga ehtiyoj yanada kuchaydi. Bu masala ayniqsa islom olamida turli-tuman firqalar (guruhlar) va mazhablar paydo bo'lgandan keyin yanada katta ahamiyat kasb etdi. Shu maqsadda hadisshunoslikda jarh va ta'diyl ilmi paydo bo'lib, u roviylarning holatlarini tadqiq etib ular aytganlarini qabul qilish yoki rad etishni o'rganardi. Hadis roviylarining tarixlari va ularning to'liq tarjimai hollarini o'rganish bilan shug'ullanadigan olimlar paydo bo'lib, bu sohada alohida asarlar yarata boshladilar.

Hijriy uchinchi asrdan boshlab esa hadis xususidagi izlanishlar yanada kuchayib, mustaqil asar va tasniflar paydo bo'la boshladi. Bu asrda yashagan mashhur olimlardan Ali ibn al-Madiniy (vafoti 849 yil), imom al-Buxoriy va boshqalarni ko'rsatish mumkin.[1]

Payg'ambarimiz  Muhammad alayhissalomning yo'l-yo'riqlari va ko'rsatmalari, u zoti sharifga mansub pandu- nasihatlar yig'indisi hadislar deb atalib, ular har qanday davr uchun ham, har qanday jamiyat uchun ham juda katta ahamiyatga egadir. Chunonchi, hadislar Qur'oni karimdan keyin shariat axkomlarining asosini tashkil qiladi.

 Ma'lumki, tarixan g'oyatda qisqa muddatda nozil bo'lgan Qur'oni karim oyatlari ba'zi hollarda umumlashtirilgan, murakkab holda keltirilgan bo'lganligidan Payg'ambarimiz hadislari ushbu oyati shariflarni kengroq talqin etadi, ularni oddiylashtirib bayon qilib, unda keltirilgan voqea va hodisalarni ko'pchilikka tushunarli qilib mufassal holatda sharhlaydi.

Payg'ambar alayhissalom hadislari u zoti sharif yashagan davr uchun haqiqiy bir ko'zgu vazifasini ham o'taydi. Chunki ular sarvari olamning hayotlari, husni axloqlari, adolatli jamiyat qurish yo'lida ko'rsatgan beqiyos sa'iy-harakatlari, yaxshiligu-xayr barakotga asoslangan faoliyatlarni o'z ichiga oladi. Mana shularga binoan oldin o'tgan hech bir Payg'ambarlar va ulug'larga ko'rsatilmagan alohida bir e'tibor bilan ilm ahllari hadislarni to'plashga kirishdilar. Hadis ilmi bilan shug'ullanish eng aziz va sevimli mashg'ulot hisoblanib, ularni to'plash uchun olimu ulamolar butun aql-zakovatiyu, qalb qo'ri bilan kirishganlarini alohida ta'kidlash zarur.

Payg'ambar hayot vaqtlarida hadislarni yozib olish odat bo'lmagan. Ayrim sahobalarning fikricha, Payg'ambarning o'zlari hadislarini yozma qayd etishni ma'n qilganlar. "Mendan Qur'ondan boshqa hech narsa yozmanglar, agar kimki biror narsa yozgan bo'lsa, o'chirib tashlanglar. Mendan faqat hadis aytinglar, xolos. Buni hech zarari yo'q",-deb uqdirganlar avvaliga Payg'ambar alayhissalomning o'zlari. So'ngra Payg'ambarning o'zlari Abdulloh ibn Amr ibn al-Ossga izn qilganlaridan keyin hadislar zarur hollarda yozma ravishda ham qayd etila boshlagan. Payg'ambar vafot etganlaridan keyin ma'lum darajada tortishuv va munozaralardan keyin har xil mavzularga doir hadislar kitobat holiga keltirila boshlandi.Masalan sahobalardan Jobir ibn Abdulloh haj ziyoratining yo'l-yo'riqlari (Manosik al-haj) xususidagi hadislardan bir kichik kitob bitgan bo'lsa, Samara ibn Jundab esa Rasulullohdan eshitgan hadislari asosida o'z o'g'illariga bir vasiyatnoma yozib qoldiradi. Tobe'inlar davrida esa hadislarni kitobat etishga qarshilik qiluvchilar ozchillikni tashkil etib, uni kitobatini qo'llab-quvvatlagan tobe'iynlar esa aksariyatni tashkil etardi. Ushbu davrda, ya'ni sahobalar va tobe'iynlar davrida ikki xil fikr qaror topib, hadislarni ham yozma, ham og'zaki tarzda rivoyat qilish odat tusiga kirgan edi.

Hadislarni tadviyn etish-ularni muayyan bir to'plamga yig'ish demakdir. Dastavval hadislarni to'plam shaklida qayd etishni boshlagan olim Abdulaziz ibn Marvon (vafoti 704 yil) hisoblanadi. U Misrda amirlik vazifasida bo'lgan, lekin o'z maqsadiga erishmasdan burun vafot etadi. Uning ishini o'g'li Umar ibn Abdulaziz (vafoti 720 yil) davom etdiradi. Hadislarni bu tariqa qayd etilishidan ko'zda tutilgan asosiy maqsadlar-ularni sahih (to'g'ri, ishonchli)larini noqis mavzulari bilan aralashib ketishlikni oldini olish va muayyan hadisni rivoyat qilgan roviy va ulomalarning vafotlari tufayli ularni yo'q bo'lib ketish xavfidan edi. Shu boisdan ham Umar ibn Abdulaziz hadislarni yozma qayd etishni buyurganda Madina ahliga "Rasululloh-sallolohu alayhi va sallamning hadislarini eshitgan zahotingiz yozib olingizlar, chunki  uni bilgan ulamolarni dunyodan o'tib ketishlaridan havotirdaman",-deb yozgan edi. Umar ibn Abdulaziz bu muhim vazifani topshirgan muhaddislarning boshliqlaridan Abu Bakr ibn Muhammad ibn Amr ibn Hazm, Muhammad ibn Muslim ibn Shihob az-Zuhriylar bor edi.

Hijriy ikkinchi (melodiy sakkizinchi) asrning o'rtalaridan e'tiboran hadislarni tasnif etish ham boshlanadi. Eng avvalo ularni boblarga ajratib  tasnif etgan olimlardan ar-Rabiy' ibn Subayh as-Sa'diy (vafoti 777 yil), basralik Sa'iyd ibn Abu Aruba (vafoti 773 yil), yamanlik Xolid ibn Jumayl, Muammar ibn Roshid al-Azadiy (vafoti 770-yil), makkalik Abdumalik ibn Abdulaziz ibn Jurayj (vafoti 768-yil), Sufyon ibn Uyayna (vafoti 812-yil), kufalik Sufyon ibn Sa'iyd as-Savriy (vafoti 778-yil), basralik Hammod ibn Salma (vafoti 783-yil), Shomdan al-Valiyd ibn Muslim (vafoti 810-yil), rayylik Jurayr ibn Abdulhamiyd (vafoti 803 yil), Xurosondan Abdulloh ibn al-Muborak (vafoti 797-yil), Vositdan Xushaym ibn Bashiyr (vafoti 799-yil) kufalik Zakariyo ibn Abu Zoida (vafoti 767-yil), Muhammad ibn Fuzayl ibn G'azvon (vafoti 810 yil), Vakiy' ibn Jarroh (vafoti 813 yil), yamanlik Abdurrazoq ibn Hammom (vafoti 827 yil) larni ko'rsatish mumkin. Shu davrda yaratilgan asarlarni tahlil etib aytish mumkinki, ularning aksariyati muayyan bir mavzuga, masalan, tafsir, ahloq-odob, g'azot, shar'iy ahkomlar kabi masalalarga bag'ishlangan edi. Mazkur asarlar Payg'ambar alayhissalomning hadislari, sahoba va tobe'iynlarning so'zlarini o'zida mujassam etgan edi. Ayni vaqtda ushbu asarlar hadislarning to'plami sifatida bo'lib, ularning ishonchli (sahih)ligi masalasiga unchalik e'tibor berilmagandi. Hijriy uchinchi (melodiy to'qqizinchi) asrdan boshlab esa, hadislarni ja'mlovchi (jomi’), musnad va mu'jam shaklidagi yirik asarlar paydo bo'laboshladiki, tarkibiy jihatdan ularni uch asosiy qismga bo'lish mumkin.

  1. Boblarga ajratilgan yirik asarlar (al-Javomi’ al-mubavabba). Bu asarlar turli-tuman mavzularni o'zida qamragan bo'lib, ularga boblarga ajratilgan holda tartib berilgan.

Mana shu asarlardan imom al-Buxoriyning "Al-Jomi’ as-sahih", imom Muslim ibn al-Hajjojning "Al-Jomi' as-sahih", at-Termiziyning "Al-Jomi’ al-Kabir", imom Abu Dovudning "As-Sunan", imom an-Nasoiyning "As-Sunan",  imom Ibn Mojaning "As-Sunan", imom ad-Dorimiyning  "As-Sunan" kabi asarlarini ko'rsatish mumkin.

2. Musnadlar (al-Masoniyd).

Bu uslubdagi asarlarda ma'lum bir sahobaning rivoyatlari bir joyda zikr qilinib, undan keyin ikkinchi sahoba davom ettiriladi. Bu asarlarda keltirilgan hadislarga mavzularga rioya qilinmaydi. Masalan imom Ahmad ibn Hanbal o'zining "al-Musnad" nomli yirik asarida avval to'rt to'g'ri xalifalarning (chahoryorlar) rivoyatlarini keltirib, keyin birin-ketin boshqa sahobalarning rivoyatlarini keltiradi. Hammasi bo'lib uning asarida to'qqiz yuz to'rtta sahoba zikr qilinadi. Muallif o'z asarini boblarga ham bo'lganligini aytish mumkin.

3. Mu'jamlar (al-mao'jim).Bu xildagi to'plamlarda musannif asariga o'z shuyux (ustoz)larining hadislarini kiritib, ularning ismlarini mu'jam (alifbo) tartibida keltiradi.

Payg'ambar alayhissalomning hadislari islom jamiyatining ijtimoiy va ma'naviy hayotida o'z mazmun-mohiyatiga qarab egallagan o'rinlari ham turlicha bo'lgan. Shunday hadislar bo'lganki, ularni jamiyatning barcha a'zolari bilishlari zarur bo'lgan, ya'ni bu xildagi hadislar ommaviy iste'molda bo'lgan. Shu boisdan ham ulamolar, muhaddislar mana shunga asoslanib, ularni targ'ib qilganlar, lekin ba'zi hadislar bo'lganki, ularni ayrim shaxslar bilishining o'zi kifoya bo'lgan. Mana shu xususiyatlarga ko'ra hadislarni ba'zi olimlar, jumladan imom Muhammad ibn Idris ash-Shofi'iy ikki asosiy qismga bo'ladi:

Xulosa qilib shuni ta’kidlash joizki, islom tarixida buyuk maqom kashf etgan muhaddisning shoh asari asrlar osha o‘rganilib, islom taʼlimotida Qurʼoni karimdan keyingi manba sifatida foydalanib kelinmoqda. “Sahih al-Buxoriy” asarining yaratilishi va uning keyingi avlodlarga yetib kelishida ham buyuk bir ibratli tarix bor. Zero, bu asarning butun musulmonlar qalbidan joy olishi bejiz emas. Imom Buxoriyning tinimsiz ilm yo‘lida chekkan mashaqqati, qirq yil sahroi-shaharlarni kezib qiyinchiliklarga sabr qilishi, tunu-kun qilgan ilmiy mehnati, sof eʼtiqodi va xolis amalining buyuk samarasidir.

 

 

Dilafruz Gulamova

“Jo’ybori Kalon” ayol-qizlar

o’rta maxsus islom ta’lim

muassasasi mudarrisi

 


 

[1] Imom Buxoriy taʼrifi” (tarjima va izohlar muallifi Saidazim Muhammad Ali), – T.: Choʻlpon. 1996.19-bet

Izoh qoldirish