
Barkamol avlod tarbiyasida Imom Buxoriy merosining ahamiyati
Odob- insonni ma’naviy kamolotga yetkazuvchi jarayondir. Odob bolalikdan shakllanadi. Yoshi ulg’ayishi bilan odob darajasi kengayib boradi. Odob kishi faoliyatini belgilovchi jarayon bo’lib, uni barcha xatolardan saqlaydi. Natijada uning xulqiy go’zalligi ortadi. Islom dini belgilagan odob mezonlari umuminsoniy odob mezonlari bilan chambarchas bog’liqdir. Chunonchi “Qur’oni Karim” inson kamolotining asosiy dasturidir . Unda insonni yuqori cho’qqiga ko’tarishga ahamiyat berilgan.” Qur’oni karim”ning har bir oyati kishining kundalik hayotida odob mezonlariga og’ishmay amal qilishini ko’rsatadi va talab qiladi.
“Adab” so’zi arabcha bo’lib, u hayotimizga odob bo’lib singib ketgan. Odob odamning ma’naviy yetukligi, ma’naviyligi mezonidir. Odob-axloq masalalariga oid qarashlar buyuk muhaddisshunos olim Imom al-Buxoriyning boy va qimmatli ilmiy meroslari bo’lmish asarlarida bayon etilgan. Ularning ichida “Al-Jome’ as-sahiyh” nomli asarlari umr bo’yi kuch sarflab yuzaga keltirilgan bo’lib, islom olamida “Qur’oni karim”dan keying ikkinchi muqaddas kitob deb yakdillik bilan e’tirof etilgan.
Yuqorida aytilganidek, Imom al-Buxoriy jami 600ming hadis to’plagan. Uning “Al-Jome’ as-sahiyh” deb nomlangan to’rt jilddan iborat hadislar to’plami kitobiga 7275 ta eng “sahiyh” (ishonarli) hadislar kiritilgan. Imom Buxoriy bu kitobni yozishdan oldin nafaqat ustozlaridan koʻrsatma olgan, balki Alloh taolodan ham ilohiy bir irshod olgan desak xato boʻlmaydi. Chunki Imom Buxoriyning koʻrgan tushlari buning yorqin dalilidir. Muhammad ibn Sulaymon ibn Forisdan rivoyat qilinadi: Imom Buxoriyning: “Tushimda Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamni koʻrdim. Men u zotning huzurlarida turib, qoʻlimdagi yelpigʻich bilan paygʻambarimizni yelpib turgan ekanman. Bu tushning taʼbirini baʼzi taʼbirchilardan soʻraganimda ular: “Sen Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamni yolgʻondan himoya qilar ekansan” dedi. Bu tush meni sahih hadislar toʻplami “al-Jomeʼ as-sahih”ni yozishga undadi”, deb aytayotganini eshitdim”. Kimki janob Paygʻambarimizni tushida koʻrgan boʻlsa, haqiqatdan ham uni hayotda koʻrgan hisoblanishini ham alohida taʼkidlab oʻtish joiz. Imom Buxoriyning bu tushlari ham aslida Alloh taolodan boʻlgan ilohiy bir koʻrsatma edi.
Bu hadislarning tarbiyaviy ahamiyati biqiyosdir. Har birimizning iymonli bo’lishimiz lozimligini hadislarda inson iymoni mukammal bo’lishining uchta sharti mavjudligi qayd etilgan:
-tog’ri e’tiqodli bo’lmoq;
-kishilar bilan yaxshi munosabatda bo’lmoq;
-kishi o’z ustida ishlamog’i va o’zini ibodat va toatda chiniqtirishidir.
Kimki bularni to’la o’zlashtirsa, iymoni mukammal inson sifatlariga ega bo’lishi mumkinligi aytib o’tilgan. Bu fikr keying hadislarda rivojlantirilib, kishining iymoni mukammal bo'lishining yana uch sharti keltirilgan:
-insofli va adolatli bo’lish;
-barchaga salom berish;
-kambag’alligida ham sadaqa berib turish;
Shuningdek, al-Buxoriy to’plamda insonlarning bir-biriga mehribon-dilkash, hayoli bo’lishlari, bir-biriga ko’makdosh bo’lishlari, og’ir kunlarda yelkadosh bo’lishlari , bir biriga nisbatan fisqu fasod qilmaslik, fitnakor bo’lmaslik, gunoh qilmaslik, munofiq bo’lmaslik haqidagi hadislari tarbiya ishida alohida o’rin tutadi. Quyidagi namunalar yosh avlodni barkamol tarbiyaviy jihatdan mukammal bo’lib o’sishiga ulkan hissa qo’shadi;
*“Qo’li va tili bilan o’zgalarga ozor bermagan kishi chin musulmondir”.
*”Dunyodan o’tib ketganlarning faqat yaxshi sifatlarini yod etinglar.Yomon sifatlaridan tilingizni tiyinglar”.
*O’zi yaxshi ko’rgan narsani birodariga ravo ko’rmaguncha iymoni to’liq bo’lmaydi”
*”Axmoqdan uzoqlashing”.
*”Bir birlaringiz bilan salomlashib yuringlar.Shunda o’rtalaringizda mehr – muhabbat uyg’onadi”.
*” Mo’minlarning afzali xulq-atvori yaxshirog’idir”.
*”Qilib qo’yib, so’ng uzr so’raladigan har qanday ishdan saqlan”.
*” Oddiy kiyim kiyish iymondandir”.
*”Quloqqa yomon eshitiladigan gapdan saqlan”.
*”Omonatga xiyonat qilmoqlik, yolg’on so’zlash, so’zida turmaslik, kek saqlashlik munofiqlikning alomatidir”.
Umuminsoniy qadriyatga aylangan bu fikrlarning tarbiyaviy ahamiyati beqiyosdir. Ma’lumki, bugungi kunda fuqarolik jamiyati barpo etilayotgan mustaqil mamlakatimizda fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish masalasiga e’tibor berilmoqda. Bunday jamiyatning negizi mahalla bo’lishi tushunib yetildi. Shuning uchun ham mahalla qo’mitalarini ishini har tomonlama faollashtirishga jiddiy nazar bilan qaralmoqda. Mahallaning qanday mahalla bo’lishi birinchi navbatda qo’ni qo’shnilar munosabatiga bog’liqligi isbot talab qilmas haqiqatdir. Bekorga “qo’shning tinch bo’lsa sen ham tinchsan”;, “yon qo’shni jon qo’shni”;, “uzoqdagi qarindoshdan yaqindagi qo’shning afzal;” deb aytilmagan.
Qo’ni-qo’shnilar munosabati qanday bo’lishi kerakligi bundan 1000-1200 yil avval Imom al-Buxoriy to’plagan hadislarda bayon etilganligining bugun guvohi bo’lib turibmiz. Hadislarda aytilgan fikrlar o’zining dolzarbligini zarracha yo’qotgan emas. Hadis faqatgina diniy manba emas. U ayni paytda umuminsoniy qadriyatga aylangan yuksak axloqiy fazilatlar majmuasi hamdir. Bu axloqiy fazilatlarni o’zida mujassamlashtirgan inson bolasi hech qachon o’z ota-onasiga qo’l ko’tarmaydi,o’zining qabih niyatlarini amalga oshirish yo’lida ularning qotiliga aylanmaydi. Aksincha ular “Ota ona rozi , Xudo rozi” tamoyiliga amal qilib yashaydigan bo’ladilar.O’z Vatanlariga hiyonat qilmaydilar, o’zgalar sadaqasi evaziga Vatan sotqiniga aylanmaydilar. Binobarin, ular o’zlarini diniy aqidaparastlar ta’siridan himoya qila oladigan bo’ladilar.[1]
Ma’lumki, hadis ilmida vatandoshimiz Imom al-Buxoriy alohida nufuzga ega buyuk zotdir. Buyuk bobokalonimizning to’plagan hadislari Qur’oni karimdan keying ikkinchi manba ekanligi Islom olamida tan olingan va buyuk allomaning nabiralari ekanligimiz bilan faxrlanishimiz lozim.
Gulamova Dilafruz
“Jo’ybori Kalon” ayol-qizlar
o’rta maxsus islom
ta’limi muassasasi o’qituvchisi
BuxDu mustaqil tadqiqotchisi
Izoh qoldirish