
Islomda fan, san’at madaniyat masalalariga oid yondoshuvlar va yechimlar tahlili.
Ilmni Chin-Mochin (Xitoy)da bo‘lsa ham, uni izlab topib, egallangiz. Zero, ilmni talab qilish har bir musulmonga farzdir.
Ushbu hadisda dunyoviy ilmlarni ham o’rganishga ishora etilganligini kuzatish mumkin. Islom dini dunyoviy ilmlarni, oila qurish, tijorat,dehqonchilik bilan shug’ullanish, kundalik uy-ro’zg’or ishlari va jismoniy mashqlarga oid bilimlarni ham o’rganishga chaqiradi. Ushbu hadis Payg’ambarimiz (s.a.v.) yashagan davrlar VII asrga taaluqli ekanligidan dalolat beradi. Shuni alohida ta’kidlab o’tish joizki, VII asrda Xitoyda ilm-fan, madaniyat, san’at, arxitektura, savdo-sotiq hamda dehqonchilik-xo’jalik sohalarida katta rivojlanishlar va yutuqlarga ega bo’lganligiga hatto, payg’ambarimiz Muhammad Mustafo (s.a.v.) ishora qilganlar. Hozirgi kunga qadar jamiyatda foydalanib kelinayotgan qog’ozlarni ixtiro qilinishi Xitoyda II asrda kashf etilganligini tarix manbalari o’z sahifalarida so’zlab o’tgan. Bunday kashfiyotlarga juda ko’p misollarni keltirib o’tish mumkin.
Islom dini ilm-fan, madaniyat va san’at ravnaqiga hech qachon to‘sqinlik qilmagan, hatto muayyan cheklovlar o‘rnatilganida ham yangi-yangi g‘oyalar va uslublar, san’atning o‘zgacha yo‘nalishlari rivojiga yo‘l ochib bergan. Alloh taolo bandalariga ko‘rish uchun ko‘z berdi, hid bilish uchun burun ato qildi, qo‘l berdi, oyoq berdi. Ko‘z ham, quloq ham dunyodagi ne’matlardan foydalanadi, quloqning rohati esa, go‘zal ohanglarni, yaxshi suhbatlarni eshitishdadir, quloqning ne’mati yaxshi nag‘malar, yaxshi ashulalardir, shunday ekan, nima uchun biz musiqani harom deb hisoblaymiz?” [1]
Islom olamida san’at va madaniyat yo’nalishlarini ham qo’llab quvvatlanishi borasida ham to’siqlar yo’qligiga quyidagi hadis orqali ishonch hosil qilish mumkin. “Hishom ibn Urva rivoyat qiladi: “Oisha roziyallohu anho bir kelinni bir ansoriy kuyov huzuriga kuzatib qo‘ydilar. Janob Rasululloh: “Ey Oisha, musiqa chalib, o‘yin-kulgi bilan kuzatib qo‘ydingizlarmi? Ansorlar musiqa chalib, o‘yin-kulgi qilishni xush ko‘radilar”, dedilar”.[2] Ushbu hadis shundan darak beradiki, Payg’ambarimiz (s.a.v.) musiqa, san’atni hurmat qilishlari va bu borada islom qarshi emasligini bildiradi.
Jamiyatimizda ayrim islomga e’tiqod qiluvchilar kuy-musiqa eshitishni hatto televizor ko’rishni gunoh deb hisoblashadi. Bu esa oila a’zolarining, farzandlarining jamiyatda, mamlakatda sodir bo’layotgan siyosiy, iqtisodiy, fan-san’at, madaniyat va boshqa yangiliklardan bexabar qolib, jamiyatdan orqaga qolib ketishlariga, huquqiy ong, huquqiy madaniyat tushunchalarining shakllanmay qolishi va mafkuraviy bo’shliqning paydo bo’lishiga olib keladi.Mafkuraviy bo’shliq mavjud bo’lgan jamiyatda turli xil salbiy oqimlarga qo’shilishga moyillik tug’iladi. Shuning uchun jamiyatda sodir bo’layotgan o’zgarishlarda ommaviy axborot vositalarining o’rni nihoyatda muhim.
Ali ibn Abu Tolib: “Bolalaringizga o’zlari yashayotgan davr ilmlarini o’rgatinglar, chunki, ular sizning davringizdan boshqa davrga dunyoga kelganlar”-, deb ta’kidlaganlar.
Hatto ba’zi bir qoshiqlar, qo’shiqlarga asoslangan kliplar va filmlardan hayot uchun maktab bo’ladigan ibrat olish mumkin.Bu kelajak avlodning ma’nan yetuk, barkamol va komil inson bo’lib yetishishiga xizmat qiladi.
Imom Abu Hanifaning bir qo‘shnisi bo‘lgan ekan. U har kuni musiqa chalib qo‘shiq kuylar ekan. Bir kuni qo‘shiq aytmay qo‘yibdi. Bundan hayron bo‘lgan Imom Abu Hanifa xavotir olib so‘roqlabdilar. Qo‘shnisi qandaydir bir muammo bilan qamalib qolgan ekan. Imom Abu Hanifa darhol unga kafil bo‘libdilar va uni qutqarib olibdilar.
Ibn Sino musiqani matematik bilimlar toifasiga kiritgan. U musiqaga tovushlarni o‘rganuvchi, ularning mutanosib jo‘rligi natijasida kuy hosil qiluvchi fan sifatida qaragan. Pifagor ta’limotiga ko‘ra, u musiqa sonlarga tegishli va ular bilan uzviy bog‘liqdir, deb bilgan.Ibn Sino musiqani jamiyatshunoslik,psixologiya, poetika, etika va fiziologiya fanlari nuqtai nazaridan ham o‘rganadi.Forobiy hamda Ibn Sinoning musiqiy asboblarni o‘rganishga doir ishlari natijasida musiqiy asbobshunoslik faniga asos solingan. O‘rta Osiyoda keng tarqalgan g‘ijjakni ham Farobiy ixtiro qilgan.
“Alar der ermishlarki, rubob uni behisht eshigining sariridir, agar andin qalbimizga xushnudlik yetsa, jihat budur”.[3]
Rivoyat qilishlaricha, Forobiyning nihoyatda chiroyli musiqa chalishini eshitgan shahar hukmdori allomani o‘z huzuriga chaqirib:
– sen shunday musiqa chalginki, biz o‘tirganlar xoxolab kulib yuboraylik, tanalarimiz ham larzaga kelsin.
Forobiy ichak uzdi musiqa chalib, hammani kuldiradi.
– Endi, – deydi hukmdor, o‘zini kulgidan zo‘rg‘a to‘xtatib, – sen bizlarni yig‘latib yuboradigan musiqa chalib ber.
Forobiy shunday mungli musiqa chaladiki, o‘tirganlarning barchasi yig‘lashga tushadi. Yig‘idan o‘zini zo‘rg‘a to‘xtata olgan hukmdor, ko‘zlarini artib, endi musiqa chalib, hammani uxlatishini so‘raydi. Forobiy boshqa bir mo‘’jazgina musiqa asbobini qo‘liga olib, shunday mayin, nafis tovushda musiqa chaladiki, o‘tirganlarning barchasi uyquga ketganidan foydalanib, saroydan chiqib ketadi.
Xorazm lazgisi Bogota (Kolumbiya)da YUNESKO Nomoddiy madaniy yodgorliklarni muhofaza qilish hukumatlararo qo‘mitasining qaroriga ko‘ra, Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan.
Qomusiy olim ibn Sino: “(Aql) tarozisida o‘lchanmagan har qanday bilim chin bilim bo‘la olmaydi, demak u haqiqiy bilim emas”, – bilimlarni aql tarozisida o‘lchash kerakligini ta’kidlab o’tadi.
Tinchlik va barqarorlik bo‘lmasa, ilm-fan, madaniyat-san’at sohasida hech qanday o‘sish, taraqqiyot bo‘lishi mumkin emas. Qayerdaki tinchlik va barqarorlik bo‘lsagina, ilm-fan markazlari, akademiyalar, oliy o‘quv yurtlari rivojlanadi.
Gulamova Dilafruz Olimjonovna
“Jo’ybori Kalon” ayol-qizlar o’rta
maxsus islom ta’limi muassasasi
milliy g’oya fani o’qituvchisi
Buxoro davlat universiteti
mustaqil tadqiqotchisi
[1] Imom G‘azzoliy, “Ihyou ulumiddin din” kitobi, II jild, 162-bet.
[2] Imom Buxoriy,”Sahihul Buxoriy” Nikoh kitobi, 5162-hadis
[3] Alisher Navoiy “Nasoyim ul-muhabbat”
Izoh qoldirish