
Mahmudxo`ja Behbudiy-ma`rifatparvar jamoat arbobi.
Taniqli dramaturg, publitsist, din va jamoat arbobi, jadidchilik harakati yetakchilaridan biri Mahmudxo‘ja Behbudiy 1875 yili Samarqandda tug‘ilgan. Mahmudxo‘ja Behbudiy 18 yoshidan qozixonada mirzalik qiladi, qozi, muftiy darajasiga ko‘tariladi.Behbudiy haj safarida bo‘lgan chog‘ida Arabiston, Misr, Turkiyani kezib chiqqan (1899—1900). Sayohat davomida yangi maktab (usuli jadid) ochish fikri mustahkamlanib bordi. Samarqand yaqinidagi Halvoyi qishlog‘ida Ajziy, Rajabaminda Abdulqodir Shakuriylar bilan hamkorlikda yangi maktab ochadi. Behbudiy Qozon va Ufaga borib (1903-04), u yerdagi yangi usul maktablari bilan tanishadi, tatar ziyolilari bilan aloqani yo‘lga qo‘yadi. Yangi maktablar uchun darsliklar tuzishga kirishadi. «Risolai asbobi savod» («Savod chiqarish kitobi», 1904), «Risolai jug‘rofiyai umroniy» («Aholi geografiyasiga kirish», 1905), «Muntahabi jug‘rofiyai umumiy» («Qisqacha umumiy geografiya», 1906), «Kitobat ul-atfol» («Bolalar xati», 1908), «Amaliyoti islom» (1908), «Tarixi islom» (1909) kabi kitoblar chop ettiradi. Keyinchalik (1908 yilda) Shakuriyning Rajabamindagi maktabini Samarqanddagi o‘z hovlisiga ko‘chirib keltiradi. Behbudiy 1911 yilda «Padarkush» dramasini yozdi. Bu birinchi o‘zbek dramasi edi. 3 parda 4 manzarali bu asar mazmunan sodda bo‘lib, o‘qimagan, johil va nodon bolaning o‘z otasini o‘ldirgani haqida edi.
Behbudiy «Samarqand» gazetasini chiqaradi. Gazeta o‘zbek va tojik tillarida, haftada 2 marta chop etildi. 45-soni chiqqach, moddiy tanqislik tufayli nashr to‘xtadi. Shu yil 20 avgustdan u «Oyna» jurnali chiqara boshladi. Haftalik, suratli bu jurnal asosan o‘zbekcha bo‘lib, she’r, maqola (forscha), e’lonlar (ruscha) ham berib borildi. Jurnal Kavkaz, Tatariston, Eron, Afg‘oniston, Hindiston, Turkiyagacha tarqaldi. Behbudiy kitob nashrini ham yo‘lga qo‘yadi. Fitratning «Bayonoti sayyohi hindi»sini ruschaga tarjima qildirib nashr qildirdi (1913). Behbudiy 1914 yil 29 mayda ikkinchi marta Arab mamlakatlariga sayohatga chiqadi. Sayohati davomida Bayramali, Ashxobod, Krasnovodsk, Kislovodsk, Pyatigorsk, Jeleznovodsk, Rostov, Odessa shaharlarida bo‘ladi, 8 iyunda Istanbulga keladi. Undan Adanaga o‘tib, yana Istanbulga qaytadi va 20 iyunda Ismoilbek Gasprinskiy bilan uchrashadi. So‘ng Quddus, Bayrut, Yofa, Xalil ar-Rahmon, Port-Said, Shom shaharlarida bo‘ladi. Sayohat xotiralari «Oyna» jurnalida nashr qilindi. Bu «xotiralar» har jihatdan muhim bo‘lib, an’anaviy tarix-memuar janrining 20-asr boshidagi o‘ziga xos namunasi edi. Muallif unda yo‘l taassurotlariga, kishilar bilan uchrashuvlarining ibratli tomonlariga keng o‘rin beradi. Qaysi shaharga bormasin, uning tarixi, obidalari, u yerdan chiqqan buyuk zotlar haqida ma’lumotlar to‘playdi. Turli-tuman millatlar, ularning urf-udumlari, turmush madaniyati bilan qiziqadi. Ayniqsa, din, e’tiqod masalalariga katta ahamiyat beradi.
Mahmudxoʻja Behbudiy oʻzining publitsistik faoliyatini 1902-yilda Turkistonda mahalliy tilda nashrdan chiqqan rasmiy „Turkiston viloyatining gazeti“dan boshlagan. Behbudiy oʻzbek matbuoti tarixida maqolanavis sifatida oʻz oʻrniga ega. Uning hozirgacha aniqlangan maqolalarining soni 300 ga yetadi. Behbudiyning yurt obodligi yoʻlida boshlagan ijobiy ishlaridan biri “Behbudiya” kutubxonasining tashkil etilishi boʻldi. Behbudiy birinchilardan boʻlib Samarqandda kutubxona faoliyatini yoʻlga qoʻygan. 1908-yil 11-sentabrda Samarqand hokimining rasmiy ruxsati bilan ushbu kutubxona „Yangi rasta“da ochilgan.
Ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo’yicha direktor o’rinbosari: D.Boltayeva
Izoh qoldirish