
Mahmudxo‘ja Behbudiy – buyuk ma’rifatparvar
Turkiston jadidchilik harakatining asoschisi Mahmudxo‘ja Behbudiy otasidan juda yosh yetim qoladi va tog‘asi – qozi Muhammad Siddiq qaramog‘ida voyaga yetadi. Ota tomondan Ahmad Yassaviyga, ona tomondan urganchlik xo‘ja Niyozxo‘ja avlodiga mansub bo‘lajak olim ziyoli va ma’rifatli oilaning farzandi bo‘lgan. Kichik tog‘asi Mulla Odildan arab tilini o‘rganib, 18 yoshida qozixonada mirzolik qila boshlagan. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, dastlab Samarqandda, keyinroq esa Buxoroda tahsil olgan. Yosh Mahmudxo‘janing dunyoqarashining shakllanishida Ismoilbek Gaspirali va taraqqiyparvarlik g‘oyalarini targ‘ib qiluvchi gazeta va jurnallarni muntazam kuzatib borgani katta rol o‘ynagan. 1899-1900-yillarda buxorolik do‘sti Hoji Baqo bilan haj safarida bo‘lgan. Uning sakkiz oylik safari besamar ketmagan. Bir tomondan jadid gazetalari va ikkinchi tomondan Kavkaz, Turkiya, Misrda ko‘rgan o‘quv muassasalari ta’sirida u 1903 yilda Samarqand atrofidagi Halvoyi va Rajab qishloqlariga borib, o‘sha yerlik ma’rifat ahli bilan hamkorlikda usuli jadid maktablarini ochadi, va ular uchun “Risolai asbobi savod” (1904), “Risolai jug‘rofiyai umroniy” (1905), “Risolai jug‘rofiyaiy Rusiy” (1905), “Kitobat ul-atfol” (1908), “Amaliyoti islom” (1908), “Tarixi islom” (1909) kitoblarini yozdi. Moskva, Peterburg, Qozon, Ufa, Nijniy Novgorodda, keyinchalik ikkinchi marta arab mamlakatlarida sayohatda bo‘ladi. Mahmudxo‘ja Behbudiy biz musulmonlar nima uchun Qur’on, san’at va g‘ayratdan uzoq ketdik, deya kuyinadi. 1913-1914-yillarda turkistonlik qardoshlar bolalarini hukumat maktablariga bera boshlaganlar. Ma’rifat shaydosi qayerga bormasin, o‘sha yerda birinchi navbatda o‘quv muassasalari, madaniyat maskanlari, maishiy tarmoqlar faoliyati bilan qiziqqan. U Bayrutdagi dorilfununlar Yevropa va Amerika sarmoyadorlari tomonidan idora etilsa-da, asosiy fanlar arab tilida o‘qitilishi, fransuz, ingliz, nemis tillarida faqat bir fan o‘qitilishiga alohida e’tibor bergan. Zamon va dunyo voqealari bilan tanishib bormoq, millat va Vatanning ahvolidan, kundalik hayotidan ogoh bo‘lmoq lozim edi. Birgina maktab ma’rifat uchun yetarli emas edi o‘sha davrlarda. Millat va Vatan mustaqilligi, taraqqiyoti yo‘lida fido bo‘lgan inson – Mahmudxo‘ja Behbudiyning nomi xalqimiz yuragida mangu yashashi shubhasiz.
O’zbekiston tarixi fani o’qituvchisi Sh. Elchiyeva
Izoh qoldirish