10.01.2025

Zaynab binti Xuzayma roziyallohu anho.

"Miskinlar onasi" nomiga sazovor boʻlgan "Moʻminlar onasi" Zaynab binti Xuzayma roziyallohu anho haqlarida koʻpchiligimiz toʻliq maʼlumotga ega emasmiz.
            

Zaynab binti Xuzayma roziyallohu anho nubuvvatdan oʻn uch yil oldin Makkai Mukarramada tavallud topganlar. Otalari Xuzayma ibn Horim ibn Abdulloh al-Hiloliy degan kishi edi. Onalari esa Hind binti Avf ibn Horis ibn Hatoma al- Humayriya edilar. Zaynab binti Xuzayma roziyallohu anho avval Abdulloh ibn Jahsh roziyallohu anhuga turmushga chiqqanlar. Hijratga buyruq boʻlgandan keyin oilasi bilan Madinai Munavvaraga hijrat qilganlar. Oʻsha davr taomiliga koʻra ayollar ham janglarda ishtirok etar va yarador askarlarga yordam berishar edi. Zaynab binti Xuzayma roziyallohu anho Badr gʻazotida ishtirok etganlar. 
 

Hijratning uchinchi yili Uhud jangida Abdulloh ibn Jahsh roziyallohu anhu vafot etganlaridan keyin Zaynab binti Xuzayma roziyallohu anho beva qoldilar. Iddalari chiqqach Rosululloh sallallohu alayhi vasallam 400 dirham mahr berib Zaynab onamizga uylandilar. Oisha raziyallohu anhoning hujralari yoniga Zaynab binti Xuzayma onamiz uchun hujra qurdirdilar. Shu tariqa Zaynab binti Xuzayma "Moʻminlarning onasi" nomiga sazovor boʻldilar. Bu Zaynab onamizning goʻzal sabrlari, fidokorliklari va yaxshi amallari evaziga Olloh taoloning mukofoti edi. Zaynab binti Xuzayma roziyallohu anho Rosululloh sallallohu alayhi vasallam bilan qancha muddat birga yashaganliklari haqida maʼlumotlar turlicha kelgan. Bir rivoyatda uch-toʻrt oy deyilgan boʻlsa, baʼzi rivoyatlarda sakkiz oy deyilgan. Zaynab onamiz hijratning toʻrtinchi yili Robiyul Avval oyida 30 yoshlarida vafot etdilar va Rosululloh sallallohu alayhi vasallamning hayotlik paytlarida vafot etgan Hadicha onamizdan keyingi ikkinchi ayollari boʻldilar. Rosululloh sallalohu alayhi vasallam Zaynab onamizga janoza namozini oʻqib Baqiʼ qabristoniga dafn qildilar. 
 

Zaynab binti Xuzayma roziyallohu anho haqlarida kelgan maʼlumotlar oz va turlicha boʻlsa ham, hamma rivoyatlarda u zot roziyallohu anhoni kambagʻallarga koʻplab yaxshilik qiluvchi, miskinlarga taom berishni yaxshi koʻruvchi, hayot qiyinchiliklariga sabrli ayol sifatida keltiriladi. Hozirgi davrda ayollar orasida keng tarqalgan dunyoga hirs qoʻyish, mol dunyo toʻplashda bir- birlari bilan musobaqalashish, neʼmatlarga koʻmilib yashasalarda yayotlaridan shikoyat qilish kabi kasalliklar keng tarqalgan bir paytda Moʻminlar onalari hayotlarini oʻrganish naqadar dolzarb. Albatta bu siyratlarda bizga koʻplab goʻzal oʻrnaklar bordir. Olloh taolo barchalaridan, hususan Zaynab binti Xuzayma roziyallohu anhodan rozi boʻlsin.

Muassasa talabasi Evatova Oygul 
 

Izoh qoldirish