Mustaqillik darsi
2024 yil 9 sentabr kuni Buxoro shahar “Jo‘ybori Kalon” ayol-qizlar o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasida “Mustaqillik bayrami” va “Bilimlar kuni” munosabati bilan “Biz bir bo‘lsak- yagona xalqmiz, birlashsak-Vatanmiz” shiori ostida “Najot- ta’limda, najot-tarbiyada, najot- bilimda” mavzusida, “Mustaqillik darsi” tashkil etildi. Davlat madhiyasi yangraganidan so’ng, tadbirni kirish so‘zi orqali ta’lim muassasasi direktori falsafa fanlari doktori, professor; O.T.Sharipova ochib berdi. Tadbirga taklif etilgan soha mutaxassislaridan falsafa fanlari doktori, professor; Navro‘zova Gulchehra Nematovna, f.f.n., dotsent; Boltaeva Matluba Ochilovna, Diniy ishlar qo‘mitasining Buxoro vakili; Salomov Yusuf Jahonovich, Buxoro Davlat Universiteti katta o‘qituvchisi Oripova Mavjuda Qodirovnalar tashrif buyurib barcha talabalarni yangi o‘quv yili bilan tabriklab, o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Tadbirga taklif etilgan faxriy mehmonlardan M.Oripova hamda Diniy ishlar qo‘mitasining Buxoro vakili; Salomov Yusuf Jahonovich so‘zga chiqdilar. M.Oripova talabalarni yangi o‘quv yili bilan tabriklab muvaffaqiyatlar tiladilar. O‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari H.Halimova talabalarni o‘qish jarayonining boshlanish bosqichini xayrli bo‘lishini tilab, ta’lim muassasasi talabalariga omad, zafar, muvaffaqiyatlar tiladilar.
Ssenariy asosida tayyorgarlik ko‘rilgan dars ta’lim muassasasi Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘lim boshlig‘i N.Xalimova tomonidan tashkillashtirildi, hamda ta’lim muassasasining tarix o‘qituvchisi Sh.Elchieva tomonidan mustaqillik darsi o‘tildi.
Ushbu dars an’anaviy tarzda Vatanimizning 33 yilligiga bag‘ishlangan “Najot- ta’limda, najot-tarbiyada, najot- bilimda” g’oyasi asosida tashkillashtirildi. Talaba-yoshlarga mustaqillikka erishish yo‘lida amalga oshirilgan ishlar audio va videoroliklar va slaydlar orqali tushuntirildi.
Dars davomida “Taraqqiyot strategiyasi”dagi vazifalar “Aqliy hujum”, “Ortiqchasini chiqar”, “Izma-iz” kabi innovatsion usullar asosida tushuntirildi.
Dars turli o‘yinlar asosida tashkillashtirilib biz shu kunlarda davlatimiz mustaqilligining 33 yilligini keng ko‘lamda nishonlab turibmiz. Mana shu qisqa davr mobaynida mamlakatimizning bosib o‘tgan murakkab yo‘lini, uning erishgan muvaffaqiyatlari rivojlanishning sekinlashish davrini eslashimiz va bunda taraqqiyotimiz davomida amalga oshirilgan ishlarga, erishilgan natijalarga xolisona baho berishimiz, ushbu natijalar mohiyati va ahamiyatini bilishimiz maqsadga muvofiqdir degan fikrlar orqali xulosalandi.
Darhaqiqat, biz mustaqillik tufayli o‘zligimizni angladik, ozod xalq, mustaqil davlat sifatida O‘zbekistonning bor bo‘y-bastini, ulkan salohiyatini butun dunyoga namoyon qildik. Istiqlol tufayli yurtimizni jahon hamjamiyati tanidi, xalqimizning fidokorona mehnati, yoshlarimizning har sohadagi yutuqlari, g‘ayrati va azmu shijoati tufayli Vatanimizning shon-shuhrati olamga yoyildi.
Ayniqsa, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan xalqchil, adolatli va keng qamrovli islohotlar butun xalqimiz hayotida o‘zining ijobiy natijalarini bermoqda. Bunda xalq manfaati barcha narsadan ustun darajaga olib chiqildi, «xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak» degan tamoyil ostida barcha darajadagi davlat boshqaruvi organlari o‘z faoliyatlarini olib borayotganligi, davlatimiz mustaqilligining 33 yilligini “Najot - ta’limda, najot - tarbiyada, najot – bilimda” degan bosh g‘oya asosida keng nishonlash jonajon Vatanimizda ilm-fan va ta’limning nechog‘lik ustun qo‘yilganligidan, yurtimiz tinchlik va barqarorlikka erishilganligidan, davlatimiz sarhadlarining daxlsizligi ta’minlanganligidan hamda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikning mustahkamlanganligidan darak berishini unutmasligimiz darkorligiga e’tibor qaratildi.
Talabalarning bilim salohiyatlari o‘rganib olindi hamda diniy sohada amalga oshirilib kelayotgan eng muhim islohotlar sanab o‘tildi.
Dars so’ngida prof G.N.Navro’zova, dots. M.O.Boltayeva 1-kurs talabalarini tabriklab, jamiyatimizga munosib insonlar bo’lishiga da’vat etdilar.
Tadbir oxirida o’tganlar ruhiga Qur’on tilovat qilindi.
Izoh qoldirish