12.08.2024

Harom luqma haqida

Yema zarra harom og‘ushta nondin,
Bo‘lur chohi najas bir qatra qondin.
                                                       So’fi Oloyor

 

Shariatimizda, halol va harom amallarga, xossatan, harom luqmadan tiyilmoqlikka qattiq e’tibor berishga chaqirilgan. Bu narsa Alloh Taoloning Kalomi va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning hadislarida ham vorid bo‘lgan. Jumladan, Baqara surasining 57-oyatida harom luqma yegan kishi o‘z joniga, iymoniga zarar keltirishligi zikr qilingan“…Rizq qilib bergan narsalarimizning poklarini yenglar. Bizga zulm qilmadilar. Lekin oʻzlariga zulm qilardilar”. Bundan tashqari, Ka’b ibn Ujra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz alayhissalom:”Harom bilan sug‘orilgan jasad jannatga kirmaydi”, deganlar.  
Hayotda inson ba’zi halol (pok) va harom (nopok) ikki ayri yo‘lga to‘g‘ri kelib qoladi. Ulardan qaysi birini tanlash uning aqliga, iroda kuchiga, vijdon amriga bog‘liq bo‘ladi. Ulug‘larimiz, salafi solihlarimiz haromdan shu qadar ehtiyot bo‘lishgan-ki, kerak bo‘lsa bu yo‘lda bir necha halol luqmalardan ham voz kechishga tayyor bo‘lishgan.
Hazrati Umar roziyallohu anhu “Biz harom ish qilishdan qo‘rqib, o‘nta haloldan to‘qqiztasini tark etardik”,deganlar. 
Abdulloh ibn Muborak roziyallohu anhu esa:”Shubhali bir dirhamni tark etishim yuz ming dirham sadaqa qilishimdan ko‘ra afzalroqdir”,deb aytganliklari zikr etilgan. 
Ulamolardan ba’zilari “birov harom luqma bilan toatu ibodat qilsa, garchi kechalari uyg‘oq turib, kunduzlari ro‘za tutsa-da, qabul bo‘lmas. Va lekin agar birov Alloh Taolodan qo‘rqib, shubhali narsalardan saqlansa, yuz karra Ka’baga borib haj qilganlikning savobini topar ekan”,deganlar.
So’fi Oloyorga mansub bo‘lgan ushbu yuqorida zikr qilganimiz  ikki misrali baytda ham  bo‘g‘izni pok qilmoqlik avval boshda harom aralashgan ne’matlarni yemaslik bilan bo‘ladi. Agar yegan ne’matingda bir zarracha harom bo‘lsa-da, ul taomni yemaslik kerak. Chunki, quduqqa bir tomchi qon yoki xamir tushsa, najas qilar. Shunga o‘xshab ko‘p ibodatdan hosil qilgan savobing biroz harom qatishgan ne’matdan yeyish bilan yo‘qqa chiqar deyilmoqda. 
Yozuvchu Tohir Malik hikoya qiladilar ”Bir tanishim nolib qoldi: Bozordan ikki kilo yong‘oq oldim. Sotuvchi opa chaqib ko‘rsatgan yong‘oq mazzali, mag‘zi to‘q edi. Uyga kelib, mehmonlarga atab chaqib qo‘yay, desam, ne ko‘z bilan ko‘rayki, deyarli barchasining mag‘zi puch, ayrimlariga qurt tushgan... Shunda sotuvchi opaxonning nayrangini angladim.  Birovning yaxshi yong‘og‘idan olib, xaridorni aldar ekan…”
Xo‘sh,“ Qozoningga mehnat hosilidan bo’lak harom-harish narsa tushmasin, bil’aks, uni iste’mol qilgan farzandlaring senga bemehr, bemuruvvat bo‘ladilar”, degan oddiy haqiqatni bilmaydiganlar ko‘pmi oramizda? 
Xulosa qilib shuni aytmoqchimizki, agar yemoqchi bo‘lganing bir ne’matda harom narsalar bo‘lsa, ko‘zingni yumib undan o‘t, uni yeyishda mayl qilma. Agar shunday qilmasang qiyomatda qorningdan tosh chiqar.Harom bilan oziqlanish farzand tarbiyasining buzilishi, rizqdan barakaning ketishligi kabi dunyodagi bir necha yomon natijalarni olib keladi. Bunday shum amal oxiratda ham hadisda kelgani kabi bir necha yomon oqibatlarga sabab bo‘ladi. Alloh saqlasin.

 

Muassasa 2-kurs talabasi 

Ashurova Iroda 

Izoh qoldirish