-large.jpg)
Munavvar qori Abdurashidxonovning o‘rta osiyo madaniyatidagi tutgan o‘rni va roli
Munavvar qori Abdurashidxonovning XX asr O‘rta Osiyo ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayotida tutgan o‘rni va roli beqiyos. Buni anglamoq uchun o‘sha davr matbuoti, adabiyoti, maorifi va siyosiy hayotiga nazar tashlamoq kifoya. Hayotning qaysi bir jabhasini olmang, uning yorqin siymosi ko‘zga tashlanadi, ijtimoiy dardlarga davo nafasi seziladi.
Eski usuldagi maktab va madrasa ta’limini ko‘rgan bu ajoyib siymoning dunyoqarashidagi tom ma’nodagi inqilobiy o‘zgarishlar zamini uning oilaviy tarbiyasi, ijtimoiy muhitiga borib taqaladi.
Millat fidoyisi bo‘lgan bu inson Turkistonda birinchilardan bo‘lib, millat ziyolilarining vazifasi o‘z xalqiga minnatsiz xizmat qilish, ya’ni xodimu millat bo‘lish kerakligini tushunib etdi va shu yo‘lda so‘nggi nafasigacha xizmat qildi.
Munavvar qori oddiy muallimlar oilasining farzandi emas, balki o‘z davri ma’rifati, adabiyoti, maorifi va uning diniy, ijtimoiy va siyosiy hamda madaniy vazifasini anglab etgan oila farzandidir. Shu bois Toshkent madrasalarida olgan bilimidan qoniqish hosil qilmay Buxoroga borib Mirarab madrasasida tahsil ko‘rdi. Bu yerda buxorolik, hindistonlik savdogarlar orqali madrasa ichiga maxfiy kirib kelayotgan xorijiy matbuot bilan tanishdi, adabiyotlarni mutoala qildi, zehniyatini dunyo falsasfasi va siyosiy qarashlari bilan charxlay oldi. Buxorodan qaytgach, Toshkentda Ismoil Gaspralining “Tarjumon” gazetasining ashaddiy muxlisiga aylandi.
XX asr boshiga kelib ancha to‘kilib qolgan o‘zbek jamiyatini tiklash ko‘p jihatdan xalk maorif tizimini yangilanishiga bog‘liqligi to‘g‘risidagi binokor va olim Muhammad Qoratoshiy-Toshkandiyning fikrlarini tushunib etdi. Munavvar qori Toshkent ma’rifiy-adabiy muhitida voyaga etgan bo‘lsada, o‘zining o‘tkir changalini botirib turgan chor Rusiyasining buyuk davlatchilik - tor millatchilik bosimini har nafasda ta’sir kilganini sezish qiyin emas. Fikrimizga Ostroumov va Munavvar qori o‘rtasidagi munosabatlar misol bo‘la oladi. XX asr arafasida islom dini va milliy madaniyatiga tajovuz boshlagan bosqinchilar aholini nasroniylashtirish masalasida katta targ‘ibot-tashviqotni boshlab, yevropalik g‘ayriislom adabiyoti va uning namoyandalarining faoliyatini targ‘ibot qilib, o‘z ziyolilarini maqalliy xalq dini va madaniyatiga qarshi qo‘ydilar. Ana shunday kurash hosilasi sifatida missioner Ostroumov “Injil”ni o‘zbek tiliga tarjima qilib, Belgiyada Islomga qarshi kurash markazi yordamida nashr ettirib, mahalliy xalq ziyolilari orasida tarqatdi.
Ma’rifiy dushmanlikka ma’rifat bilan javob berish yo‘nalishini olgan milliy ziyolilar dushmanga faqat islom ma’rifati bilan emas, balki siyosiy ma’rifat bilan javob berish lozimligini anglab yetdilar. Munavvar qori Abdurashidxonov “Turkestanskie vedomosti” gazetasining muxbiri G.Andreev bilan bo‘lgan suhbat chog‘ida shunday deydi:”Shaxsan mening o‘zim og‘ir hayot yo‘lini bosib o‘tdim. Biron narsani o‘rganish uchun avval Toshkent so‘ng uzoq muddat Buxoro madrasalarida tahsil olishimga to‘g‘ri keldi. Har holda, madrasalarda fanlarni uzoq yillar mobaynida o‘qishimga qaramay, men hayot uchun zarur bo‘lgan ko‘p narsani ola olmadim.
Ana o‘shanda madrasalarda yillar mobaynida o‘qitiladigan bilimga tez, oson va yengil olib boradigan yaxshi yo‘lni topish haqidagi fikrga keldim. Men yangi qo‘llanmali, fundamental zamonaviy pedagogika asosida kichik maktab-madrasalarni tashkil etishni xoxdardim”. Demak, Munavvar qori va uning ilgor safdoshlari yuqorida aytilgan tajovuzga qarshi kurashmoq uchun “fundamental zamonaviy pedagogikani asos qil”dilar va chuqur ilm bilan qurollandilar. Ulug‘ pedagog masalani komil musulmon sifatida Qur’ondan topdi, tafsir va sharhlar-u talqinlarni, hadislarni puxta o‘rgandi. An’anaviy saboqning faqat tomoniga emas, balki ijtimoiy-siyosiy tomonlariga e’tibor qaratdi. N.Ostroumov, V.Nalivkin, S.Gramenitsiy, P.Aznacheev kabi maorif nozirlarining maktab dasturlari, kitoblarini sinchiklab tekshirishlariga qaramay, o‘z darslik va o‘quv dasturlarini yaratdi va butun Turkiston bo‘ylab tarqatdi. Uning darsliklari 1917- 1918 yillarga kelib 3-4 bor nashr etildi.
Qadrdoni va safdoshi Mahmudxo‘ja Behbudiy tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.
Agar biz XX asr boshidagi maktablar faoliyatiga nazar tashlasak, Munavvar qori haqiqatda ham maorif sohasida inqilobiy o‘zgarishlar qilganiga iqror bo‘lamiz. Turkistondagi boshlang‘ich va o‘rta maktab ta’lim-tarbiya tizimining asoschisi ekaniga ishonch hosil qilamiz. Munavvar qorining o‘z maksad tomon qat’iy va izchil intilishi o‘z samarasini ko‘rsatdi. Boshlang‘ich va o‘rta maktabni o‘z tilagicha barpo etibgina qolmay, an’anviy uslubda dars berib kelayotgan domlalarni ham o‘z bilim va sa’viyalarini oshirishga undadi va uning uhdasidan chiqdi. Ishlab chiqqan dars maromnomasi Turkistonda faoliyat olib borayotgan barcha tatar muallimlarining programmasidan keskin farq qilgan. Munavvar qori Abdurashidxonov tom ma’noda milliy maktabni yaratdi, desak xato bo‘lmaydi. Uning maktabida o‘qigan talabalar faqatgina o‘zbek, arab, fors tilida emas, hatto rus tilida ham erkin gaplashadigan va fikr yuritadigan bo‘lib chiqdilar. Shu bois uning ta’lim-tarbiya tizimi rus-tuzem maktablarini sindirdi. Buni ko‘rib ichi kuygan missioner Ostroumov Munavvar koriga tish-tirnog‘i bilan qarshi turishiga qaramay bir haqiqatni, ya’ni o‘z so‘zi bilan aytganda “o‘zbek maktablarining o‘qituvchilari olim kishilar bo‘lgani uchun ularga ta’sir o‘tkaza olma”ganini tan olishga majbur bo‘ldi. Mulohazani davom ettirib ushbu faktni ta’kidlash o‘rinli bo‘lsa kerak: Buyuk o‘zbek san’atkorlari Ikrom Akbarov, Malik Qayumov, Mannon Uyg‘ur, Iskandar Ikromov, shoir va san’atshunos Bahrom Haydariy, yozuvchi A’zam Ayub, tilshunos Qayum Ramazon, shoir Elbek, hatto Hamza Hakimzoda Niyoziy; O‘zbekiston davlat, jamoat va fan arboblari Abdulhay Tojiyev, Abduvahob Murodiy, Cho‘lpon, Akmal Ikromov, Bosit Qoriyev, adib Oybek, kimyogar olim, professor Sattor Jabbor, Turkiyada yashagan olimlardan: Tohir Shokirzoda, Ibrohim Orif o‘g‘li Yorqin, Abduvahob Ishoq o‘g‘li O‘qtoy, Sobir Yoqub, Ahmadjon Ibrohimov, jurnalist Lutfulla Olimiy, adabiyotshunos Hamid Sulaymon va boshqalar uning shogirdlaridir.
Milliy maktab uchun uzluksiz kurash natijasida Munavvar qori 1917 yil fevral inqilobidan so‘ng Toshkent shahar hokimiyati oldiga tom ma’nodagi milliy maktabni yaratish va buning uchun maktablar davlat qaramog‘iga olinish masalasini ko‘ndalang qo‘ydi. Ammo bu ezgu ishning amalga oshmog’iga bolsheviklarning davlat tepasiga kelishi mone’lik qildi.
Atoqli adib va muallim Munavvar qori Abdurashidxonov boshlang‘ich va o‘rta maktab tizimida amalga oshirgan tarixiy ish uning ijtimoiy faoliyatini cheklab qo‘ygan emas. U darsliklar yozish davrida bolalar adabiyotga katta e’tibor berdi. Agar G‘ulom Zafariy bolalar dramaturgiyasiga asos solgan bo‘lsa, Munavvar qori bolalar adabiyotiga zamin yaratdi. Ulug mutafakkir maktab, madaniyat sohasini rivojlantirish, ommaning ijtimoiy ongini, siyosiy qiyofasini shakllantirish uchun matbuot, jumhuriyat ishlariga jiddiy e’tibor qaratdi va 1909 yilda toshkentlik boylarning boshini qovushtirgan holda “Jamiyati imdodiya”, ya’ni xayriya jamiyatini tashkil etdi. Boylar yordamida tiyinni so‘mga, so‘mni millionga aylantirish masalasida ko‘mak olib, maxfiy “Nashri maorif” jamiyatini tashkil etdi. 1914 yilga kelib uni rasmiy “Turon” jamiyatiga aylantira oldi. Natijada, “Taraqqiy”, “Xurshid”, “Shuhrat”, “Turon” va “Osiyo”, “Sho‘royi islom”, “Al-Isloh” nashrlarini dunyoga kelishiga sababchi bo‘ldi. Toshkent boylarini maorif va jamoat, matbuot ishiga jalb qilish faqatgina tashkilotga emas, balki umumxalqqa katta foyda keltirdi. Ana shu ta’sir natijasida sovet adabiyotida nohaq yomon otliq qilingan Mirzakarimboy Saidazimboyev mablag‘i hisobiga “Tujjor” gazetasi nashr etildi.
Hofiz va sozanda Ilhom samavorchi In’omjon o‘g‘li vositasida “Gramzapis” studiyasi tashkil etildi. Turkiston o‘lkasida turonchilar Munavvar qori Abdurashidxonov ta’siri va rahnamoligida “Nashriyot”, “Turkiston”, “Umid” nashriyotlari paydo bo‘ldi. “Turon” va “Ravnaq” kutubxonalari vujudga kelib, keng o‘quvchilar ommasiga xizmat ko‘rsata boshladi. “Turon” truppasi tashkil topdi.
Milliy teatr 1913 yildan “Millat qahramonlari” spektakli bilan faoliyatini boshladi.1914 yil, 27 mart kuni rasmiy hukumat tomonidan tan olingan mavsumini ochdi.
Munavvar qori Abdurashidxonov matbuot va milliy teatr oldiga aynan bir maqsad: millatning ijtimoiy-siyosiy ongini oshirish, o‘z hayotiga tanqidiy baho berish, istibdoddan qutulishning qonuniy yo‘llarini izlash masalasini qo‘ydi. Shu bois 1917 yilga kelib N.Ostroumov changalidan “Turkiston viloyatining gazetini” tortib oldi va uning zaminda “Najot”ni nashr ettirdi. “Kengash”ga muharrirlik qildi.
Milliy barkamol mutaxassislarni tayyorlash doimo ulug‘ adibning e’tiborida turgan. Shu bois xorijiy mamlakatlarga talabalar yuborib, milliy davlatchilik manfaagiga xizmat qiluvchi yetuk kadrlarni tayyorlash masalasini xalq oldiga davrning dolzarb masalasi sifatida qo‘ya oldi. Zamonning o‘ta qaltisligi, o‘ziga to‘q va boy odamlarning mulkiga davlat tomonidan tajovuz boshlanganiga qaramay, o‘lka va shahar boylarini xorijda o‘qiyotgan va chet elga jo‘natilayotgan moyalar ya’ni kadrlar uchun iqtisodiy yordam ko‘rsatish masalasida boshini qovushtirdi. Turkiston matbuotida bosilgan bir qator maqola va xabarlar fikrimizni har jihatdan tasdiqlaydi.
1917 yil oktyabr oyida o‘zining iqtisod, davlatni boshqaruv tizimida tugal ilmiy ta’limotga ega bo‘lmagani bois siyosiy boshqaruvni Blanki, Nechayev va boshqa terroristlar fikri asosida boshqarayotgan Vladimir Ulyanov davlati Turkistonni har jihatdan parokanda ahvolga solib qo‘ydi. Parokandalik va zulmning kuchini Turkistonning ko‘pgina shaharlarida, xossatan Toshkent shahridan faqat musulmon bo‘lgani uchungina chet joylarga, xususan Orol dengizidagi Vozrojdenie oroliga surgun qilinishi tufayli talaygina mahallardagi hovli-joylarning huvillab qolishi isbot talab qilmaydigan dalillardir. Ana shunday sharoitda mamlakat xalqini saqlab qolish uchun Munavvar qori Abdurashid xonov davlatning rekvizitsiya, ekspropriatsiya, majburiy muxojirat masalasiga qarshi chiqdi. Bunday og‘ir ahvoldan qutulishning yo‘li Turkiston uchun avtonomiya zarur ekanligini safdoshlari va ulamolar orasida keng tarqatdi va natijaga ham erishdi. 1917 yil dekabrda Qo‘qon shahrida Turkiston Muxtoriyati tashkil topdi. Munavvar qori Muxtoriyat amal qilguvchi davlat programmasi bo‘lmish “Turk adam markaziyat firqasi” programmasini safdoshlari bilan birga ishlab chiqdi va uning mualliflaridan biriga aylandi.
Biroq bu hukumat bolsheviklar tomonidan miltiq, pulemet va to‘pga tutilib zo‘ravonlik bilan tarqatib yuborildi. Uning o‘rniga butun rahbariyati asosan mustamlakachi kommunistlardan iborat bo‘lgan Turkiston sovet avtonom respublikasi 1918 yil may oyida barpo etildi. Hokimiyatni bu xilda barpo etib bo‘lmasligini sezgan adib G‘ozi Olim Yunusov, Sayid Ahroriy, Haydar Shavqiy, Rojiy kabi harbiy malakali kishilar yordamida o‘rta maktablarda bo‘lajak askarlarni tarbiyalash uchun ingliz skauting maktabi usulidagi tarbiyani joriy etdi. 1918-1919 yillarda Toshkentdagi barcha maktablarda bu tizim rasmiy programmaga kiritildi. Bu to‘dalar “Kuchsizlarga kuch, ma’rifatsizlarga ma’rifat berish” shiori ostida ishladi. “Izchi”, “Temur”, Turon kuchi”, “Turk kuchi” to‘dalari ularning “Bobirxon ko‘li”, “Qoyixon qo‘li” kabi filiallari faqatgina Toshkentda emas, balki Turkistonning Chimkent, Oqmasjid va boshqa shaharlarida ham faoliyat olib bordi. Shuni afsus bilan qayd etish kerakki bu to‘dalarning faqatgina birgina vakili Fathulla Umarov 80-yillargacha respublikadan tashqarida yashab jon saqladi. 1930-1937 yillar qatag‘oni davrida bu to‘dalarda ishlagan o‘qituvchilar va o‘quvchilar izsiz yo‘q qilindi. Munavvar qori va safdoshlarining bu to‘dalarni tashkil etilishidan murodi milliy qo‘shinni tayyorlash edi. 1918-1919 yillarda bu ishni amalga oshirish uchun atoqli jamoat arbobi Nizomiddin Xo‘jayev ham bosh qo‘shdi. Munavvar qori Abdurashidxonov va uning maslakdoshlari g’ayrat va targ‘ibotu qat’iy talablari bilan tuzilgan milliy qizil qo‘shin taqdiri mutaxassislarga ayon deb o‘ylayman.
Munavvar qori har joydan millat manfaati uchun imkoniyat izlaydigan bo‘lgani uchun sobiq asir turk zobitlari yordamida “Milliy ittihod” tashkilotini tuzdi va bu tashkilotga Toshkent, Farg‘ona, Andijon, Samarqand, Buxoro va Xorazm ziyolilarini jalb qila oldi. Ushbu tashkilotni muntazam qo‘shinga ega bo‘lishi uchun zamin tayyorlash maqsadida yuqoridagi to‘dalar faoliyatiga umid bilan qaradi. Muxtoriyat bostirilgach bosh ko‘targan istiqlol harakati qo‘shinini harb ilmi talablariga javob berishi uchun, bu qo‘shinga yordam ko‘rsatish uchun sobiq turk asirlari va milliy ziyolilardan maslahatchilar tayyorladi.
1919 yilda Turor Risqulov o‘lka rahbariyati lavozimiga kelishi bilan “Turkmusulmon byurosi”ni tashkil etish masalasini safdoshlari bilan muhokama qildi. Biroq bu noyob hodisa Lenin va uning safdoshlarini qo‘rqitib yubordi. Turkrespublika maorif bo‘limining “Turk shu’basi”ni boshqarayotgan Munavvar qori risqulovchilikdan ayblanib, ishdan chetlashtirildi va 1920 yilda Buxoro Xalq respublikasiga safarbar qilindi.
Ammo bu hodisalar, iqtisodiy qiyin sharoit adibni sindira olmadi. U inqilobiy faoliyatini Buxoro Xalq Respublikasi arboblari bilan hamkorlikda davom ettirdi. Buxorada o‘tgan to‘rt oylik faoliyati davrida jumhuriyat vaqf tizimini ishga solish bilan birga yosh mamlakatning vaqf haqidagi qonun loyihasini ishlab chiqdi va Buxoro hukumatiga topshirdi. Biroq 1921 yilda Turkiston Marqaziy ijroiya qo‘mitasi tomonidan Toshkentga chaqirib olindi va oradan 10-15 kun o‘tmay qamoqqa olindi. Shu sabab 1923 yilda sho‘rolar olib borayotgan g‘ayrimilliy makkorona siyosat tufayli maxfiy tashkilot ishini to‘xtatdi va uni tarqatib yuborishga erishdi. Lekin 1923 yilda “Nashri maorif” jamiyatini qayta oyoqqa qo‘ydi. O‘z kurashini maorif jabhasida olib bormoqchi bo‘ldi. Biroq millatning har jihatdan kuchayib ketishini xohlamagan va bunga ko‘ngliga siqqancha to‘sqinlik qilgan bosqinchilar hokimiyati kuch bilan jamiyatni tarqatishga erishdi. Ammo Munavvar qori Abdurashidxonov va uning safdoshlari sepgan urug‘ni yo‘qota olmadi.
Ulug‘ pedagog, inqilobchi va olim Munavvar qori Abdurashidxonov faqatgina o‘zbek ziyolilarining' boshini qovushtirdi desak, uning faoliyatiga tegishli baho bera olmagan bo‘lamiz. U “Alash” gazetasining muharriri To‘gusov, qozoq va o‘zbek xalqining farzandi Nazir To‘raqulov, Turor Risqulov, tojiklardan Mo‘min Xo‘jayev, tatarlardan Burhon Sharaf, Muso Begiyev, turkmanlardan Xan Yavmudskiy kabi shaxslarning faoliyatini doimo qo‘llab-quvvatladi. Turkiston xalqlari manfaati uchun xizmat qiluvchi barcha harakatlarda bor kuchini ayamay xizmat qildi. O‘zbek, turkman, qozoq yoshlarini xorijga o‘qishga yuborishda jonbozlik qilibgina qolmay o‘zining iqtisodiy nochor ahvoldaligiga qaramay “Ko‘mak”ni tashkil etib, ularga iqtisodiy yordam qildi.
Tavalludining 146 yilligi nishonlanayotgan buyuk xodumul millat, ulug‘ pedagog, istiqbolning jasoratli kurashchisi Munavvar qori Abdurashidxonovning O‘rta Osiyo, xususan Turkiston mintaqasidagi o‘rni va roli haqida ko‘p yaxshi gaplarni aytish va misollarni keltirish mumkin, ammo bu fikrlar, misollar benazir inson va mutafakkirning siymosini to‘liq yorita olmaydi. Shu bois biz uning siymoyi tajallisiga e’tibor qaratdik, xolos. Zero, mutafakkirlar faoliyati bitmas-tuganmas bir xazinadir; bu xazinadan hamma nasibasiga yarasha duru-gavharlarni teradi. Bunga shak-shubha yo‘q.
“Jo'ybori Kalon” ayol-qizlar o'rta maxsus islom
ta'lim muassasa o'qituvchisi Inobat Usta-Alimova
Izoh qoldirish