13.02.2024

Hajdagi ayollarga xos masalalar.

Bilamizki, haj ibodati islomining ruknlaridan hisoblanadi. Shartlari topilib, hajga borishga qodir bo’lishi bilanoq ayol va erkakka haj amali qilish farz bo’ladi. Haj ham moliyaviy ham badaniy ibodat hisoblangani uchun, mashaqqatli kichadi, ayniqsa, ayollar uchun oson bo’lmaydi. Chunki, ayol kishi tabiatan nozik, erkaklardan farq qiladigan nozik fitrati bor. Shuni e’tiborga olib islom barcha ibodatlarda ayollarga yengillik bergan. Xususan, ayolarning haj ibodatida ham bir qancha erkaklar ajralib turadigan holatlari mavjud. Ushbu farqlar borasida mo’tabar  fiqh kitoblarimizda yoritib o’tilgan. Quyida ancha asrlardan beri barcha ahli ilmlar orasida mashhur bo’lib kelayotgan Muhammad Haddod Zabidiyning “Muxtasarul quduriyga” yozgan mashhur sharhlari bo’lgan “Javharotun nayyiroh” kitobida haj amallari borasida yozilgan ma’lumotlar bilan tanishamiz. 

 

Hajda ayollar erkaklardan asosan ushbu 9 masalada ajralib turadilar. Ayollar hajining erkaklardan farq qilinishining asosiy sababi, ayollar har qanday holatda ham, hatto ibodat qilayotganda ham satrli bo’lishga buyuriladi.

 

Birinchi farqi;  Hajga faqatgina mahrami yoki turmush o’rtog’i bilangina yo’lga chiqadi. Shuningdek, ayol kishiga agar taloq iddasida yoki eri vafot etganligi sababidan iddada o’tirgan bo’lsa, haj yoki umra ziyoratiga chiqish harom bo’ladi. Shunga qaramay, agar mahramsiz borib haj qilsa, zimmasidan farz haj soqit bo‘ladi. Lekin o‘zi qattiq gunohkor bo‘ladi.

 

Ikkinchi farq esa;  Ayol kishi ehromda o’z kiyimida qoladi, tikilgan narsa, maxsi va paypoq kiyadi. Boshini o’raydi va talbiya aytishda ovozini baland ko’tarmaydi. Ya’ni, erkaklarga tikilgan kiyim mumkin bo’lmagan bo’lsa, ayol kishi ehromdaligida tikilgan kiyimlardan istaganicha kiyishi joiz. Ayollarga ehrom holatida biror maxsus kiyim kiyishlariga hukm qilinmagan. Erkaklar boshlarini ochib yurishlari shart bo‘lsa, ayollar yopib yurishlari shart hisoblanadi. Lekin yuzlarini yopishga ruxsat yo‘q. Shuningdek, ayol “labbayka”ni baland ovozda emas, balki o‘zi eshitadigan qilib aytadilar. 

 

Uchinchi farq esa tavof qilish jarayonida bo’ladi. Erkaklar kabi raml qilmaydilar va yelkasini ochmaydilar. Olomonda hajarul asvadni istelom qilmaydi va shuningdek maqomi Ibrohimda ham izdihom paytda namoz o’qimaydi. Chunki, tavof qilish asnosida raml qilish ayollarga sunnat hisoblanmaydi. Shuningdek agar ayollar tavof qilayotgan paytlarida ayollar hayz ko‘rib qolsalar, o‘sha zahoti tavofini to‘xtatib, pok bo‘lganlaridan keyin tavofini qaytadan qiladilar.

 

To’rtinchi farq esa  Sa’yda;  Olomon ko’p bo’lgan vaqtda Safoning tepasiga chiqmaydilar. Ikki yashil chiroq orasida qadamlarini tezlatmaydilar. Chunki Safo va Marva tepaligini sa’y qilayotgan paytda ikki ustun orasida yugurish ayollar uchun sunnat emasdir. 

Beshinchi farq esa;  Ayol kishi izdihomdan qo’rqib, Muzdalifada turishni tark etsa unga jazo yo’q. Ya’ni, buning uchun ayolga jarima bo`lmaydi. Muzdalifada turish ham aslida vojib amaldir. Ammo, insonlar ko’p bo’lganda, ayollarga muzdalifada turish mashaqqat tug’dirgani uchun, ayollarga kengchilik berilgan. 

 

Oltinchi farq esa;  ayol kishi hayz yoki nifos sababli ziyorat tavofini kechiktirsa, unga jazo yo’q. Ya’ni jarima vojib bo’lmaydi. Aslida ziyorat tavofi hajning farzlaridan hisoblanadi. Ziyorat tavovifini hayit va takbiri tashriq kunlari qilishlik vojib bo’ladi. Ushbu kunlardan sababsiz  kechiktirgan kishiga jonliq so’yish vojib bo’ladi. Ammo, hayz sababli kechiksa, sababsiz bo’lmagani uchun, jonliq ham so’ymaydi. 

 

Yettinchi farq ; Jamorotga tosh otishda olomdan havfsiragan holda, ayol kishi uchun mustahab vaqtdan boshqasida, hatto kechasi bo`lsa ham, tosh otishda makruhlik yo`q. aslida minoda tosh otishlikning vojib vaqti zavoldan quyosh botguncha bo’ladi. Lekin qariyalar, kasallar bo’lsa kasallar, ayollar quyosh botgandan keyin otishlarida Zarar yo’q. chunki, otuvchilarning soni judayam ko’p bo’ladi. Ayollarda bunda haraj paydo bo’lgani sabab kechroq qilsa joiz. 

 

Sakkizinchi ;  Hayz va nifos sababli vido tavofini tark qilsa unga jazo yo’q. Haji haj hisoblanaveradi. Vidolashuv tavofi ham vojib hisoblanadi. Ammo, ayol kishiga hayzli holatida tavof mumkin bo’lmagani uchun, ayollardan ushbu tavof soqit bo’ladi. 

 

To’qqizinchi farq esa; Ayol kishi sochini qirmaydi balki qisqartiradi. Ehromdan chiqish vaqtida sochining pastidan to‘liq bir barmoq miqdorida kesishi kifoya qiladi. Chunki, ayollarga soch qirqish mumkun emas. Ular faqatgina sochni uchidan kesadilar xolos. 

 

Ko’rib turganimizdek, islom yengillik dinidir. Har sohada ayollarga yengillik yaratadi. 

 

Jo’ybori Kalon o’rta maxsus islom ta'lim muassasasi

Fiqh fani ustozasi Hayotova Xolisa

Izoh qoldirish

Izohlar

14.02.2024 10:17
Raxmaat bularni bilmasdim bilib oldim.