09.02.2024

Dunyo tan olgan mutafakkir!

Dunyo tan olgan mutafakkir!

Hazrat A.Navoiyni dunyo xalqlari buyuk mutafakkir shoir sifatida yaxshi biladi. Uning bebaho adabiy merosi nafaqat xalqimiz balki butun jahon adabiyoti  tarixida alohida o`rin tutadi.

Alisher Navoiy faylasuf, shoir, olim, ma'rifatparvar, musiqashunos va  davlat arbobidir.

 

Navoiy mantiq, falsafa, riyoziyot va boshqa fanlar bilan  ham shug‘ullangan. Shoir o‘zbek va fors-tojik tillarida bir qancha she'rlar bitib, ikki til bilimdoni sifatida shuhrat qozonadi. O‘zbek tilidagi she'rlarida "Navoiy" ("navo" - kuy so‘zidan), fors-tojik tilidagi she'rlarida esa asosan "Foniy" ("fano" - vaqtincha, o‘tkinchi so‘zidan) va ba’zan "Navoiy" taxallusini qo‘llaydi.                Alisher Navoiyning ijodi ulkan. Olti dostonining hajmi 60 000ga yaqin misrani tashkil etadi.

  Zamondoshlari uni “Nizomiddin Mir Alisher” deb ulug‘laganlar. “Nizomiddin” - din nizomi deganidir. Ko‘pincha, mansab egalariga nisbatan aytilgan “mir” - amir demakdir.

 

Alisher Navoiyning adabiy va ilmiy merosini 4 faslga bo‘lish mumkin: 1. Devonlari.                             2. Dostonlari. 3. Forsiy tildagi she’riy merosi. 4. Ilmiy-filologik, nasriy va tarixiy asarlari.

Alisher Navoiyning o‘zbek tilida yaratgan she’riy merosi asosan "Xazoyin ul-maoniy" devoniga jamlangan. Asar 4 qismdan iborat. Devonning birinchi qismiga "G‘aroyib us-sig‘ar" ("Bolalik g‘aroyibotlari"), ikkinchi qismiga "Navodir ush-shabob" ("Yigitlik nodirotlari"), uchinchi qismiga "Badoye’ ul-vasat" ("O‘rta yosh badialari") va nihoyat, to‘rtinchi qismiga "Favoyid ul-kibar" ("Keksalik foydalari") degan nomlar berildi. "Xazoyin ul-maoniy" inson bolasining murakkab va yuksak tafakkuri hamda behisob his-tuyg‘ulari bilan bog‘liq minglarcha she’r va o‘nlarcha she’r turlarini o‘z ichiga olgan majmua bo‘lib, Sharq adabiyoti tarixida noyob hodisadir. Bu xil majmua Alisher Navoiyga qadar Amir Xisrav Dehlaviy tomonidangina tuzilgan. Ushbu devonga kirgan minglarcha she’rlarni Alisher Navoiy butun umri davomida turli sharoitlarda, har xil sabablar bilan yozgan bo‘lib, ular shoir hayoti va u yashagan davr bilan sonsiz-sanoqsiz iplar orqali bog‘langan.

Alisher Navoiy butun ijodi davomida turli janr va yo‘nalishlarda salmoqli ijod qilgan. Nasrda ham, nazmda ham yetuk asarlar yaratgan. Nasrda Navoiy asosan ijtimoiy-siyosiy, axloqiy-ta’limiy va ilmiy-falsafiy, iqtisodiy yo‘nalishlarda qalam tebratgan.

Ushbu asarlar mutafakkirning yirik asarlaridir. Ular turli yillarda, turli yo‘nalishlarda yozilgan. Navoiyning bu qadar keng qamrovda qalam tebratganidan shuni bilish mumkinki, u nafaqat shoir, balki olim, ya’ni tilshunos, adabiyotshunos, tarixchi va faylasuf sifatida jahon ma’naviyatiga ulkan hissa qo‘shgan.

Alisher Navoiy fors tilida ham 12 ming misradan ortiq she’r, muammo janri haqida "Mufradot" risolasi, "Sittayi zaruriya", "Fusuli arbaa" turkum qissalarini yaratgan, “Devoni Foniy” devonini tuzgan. Bu asarlar shoirning Hoqoniy, Sa’diy, Abdurahmon Jomiy kabi fors adabiyotining yetuk namoyondalari bilan kechgan ijodiy bahslarida tug‘ilgan. Mazmunda, badiiy ifodada Navoiyning asarlari ustozlarinikidan qolishmaydi. Jumladan, Navoiy Abdurahmon Jomiyni o‘zining ustozi, hammaslagi sifatida chuqur hurmat qilgan. Jomiy “Bahoriston” asarida shogirdi Navoiy haqida jumladan shunday deydi: “…turkiy tilda hech kim Navoiydek ko‘p va xo‘p she’r aytmagan hamda nazm gavharlarini sochmagan edi”.

Navoiy ijodining yuksak cho‘qqisi „Xamsa“ asaridir. Uning yaratilishi turkiy xalqlar adabiyotida muhim voqelik bo‘lgan. Shoir birinchilardan bo‘lib, turkiy tilda to‘liq „Xamsa“ yaratdi va shu bilan turkiy tilda ko‘lamdor asar yozish mumkinligini isbotlab berdi. “Xamsa” (1483-1485 yillar) ya’ni “Besh doston” asarini yaratish - mumtoz sharq adabiyotining eng mukammal an’analaridan biri bo‘lgan. Shu sabab ham tarixda “Xamsa” asarini yaratgan shoirlar barmoq bilan sanarli. Alisher Navoiy “Saddi Iskandariy” dostonining muqaddima qismida bu masalaga maxsus to‘xtalib, “Xamsa” ning har bir dostoni yozilishini kunning ma’lum vaqtlarida o‘qiladigan sahar, peshin, asr, shom va xufton namozlariga o‘xshatadi.

Navoiyning “Xamsa” asari “Hayrat ul-abror”, “Farhod va Shirin”, “Layli va Majnun”, “Sabai’ sayyor” va “Saddi Iskandariy” kabi yirik dostonlardan iborat.

52 ming misradan iborat bu beshlik 15-asr islom tafakkurining borliq va tabiat, inson va jamiyat, axloq va kamolot haqidagi o‘ziga xos qomusi edi. Shoir voqealarni qadim Sharq tarixining Xusrav, Bahrom, Iskandar kabi nomlari afsonalar bilan chulg‘angan shaxslar, Layli va Majnun kabi oshiqlar hayotidan olgan. Davrning dardli masalalarini, avlodlarning orzu va armonlarini ko‘tarib chiqdi. 

Hech narsa Hazrat Alisher Navoiyning teran nigohidan chetda qolmagan. Aytaylik, ota-onaning farzand hayotidagi o’rni va farzandning ota-ona oldidagi burchi haqida shunday yozadi:

Boshni fido ayla ato qoshig’a,

Jismni qil sadqa ano boshig’a.

    Tun-kunungg’a aylagali nur fosh,

Birisin oy angla, birisin quyosh

Mazmuni: “Otangning qoshiga boshingni fido, onangning boshiga jismingni sadqa qil. Birini tuningni yoritadigan oy, ikkinchisini kuningni charog’on etadigan quyosh deb bil”.

Ota-onaning farzand hayotida tutgan o’rnini hech kim bundan ortiq ta’riflab berolmasa kerak: dunyo uchun oy bilan quyosh qanchalik ahamiyatga ega bo’lsa, farzand uchun ota-ona ham shunchalik qimmatga ega! Chindan ham, oy tufayli tun, quyosh sababli kun yorug’ bo’lganidek, ota farzand hayotining tunini yoritsa, ona kunini nurga to’diradi. Ulardan biri bo’lmasa, kecha-kunduzning yarmi yorug’, yarmi qorong’uday tuyuladi.

Mutafakkir ustoz va shogird munosabatlari xususida fikr yuritar ekan, “ Haq yo’lida kimki mashaqqat chekib, senga birgina harf o’rgatgan bo’lsa, yuz xazina boylik bilan ham uning haqqini ado etolmaysan“, deydi:

                     Haq yulida kim senga bir harf o’qimish ranj ila,

                     Aylamak bo’lmas ado oning haqin yuz ganj ila.

Bu-ustoz va shogirdning o’zaro munosabati to’g’risidagi shoirning falsafiy xulosasi. Darhaqiqat, ustozning maqomi buyuk-uni hech narsa bilan tenglashtirib bo’lmaydi. “Ustoz otandek ulug’”, degan maqol bejiz aytilmagan. Bir donishmanddan uning ma’nosini so’raganlarida: “Chunki otam meni ko’kdan yerga tushirgan bo’lsa, ustoz yerdan yana ko’kka ko’tardi”, deb javob bergan ekan.

Yoshlarga qarata esa shunday deydi:

Yigitlig’da yig’ ilmning maxzani,

Qarilig’ chogi sarf qilg’il ani.

Yoshlikda egallangan bilim toshga o’yilgan naqsh kabi mustahkam bo’lishi ma’lum. Yillar davomida hayot tashvishlariga ko’milib, ilm egallashga fursat ham, imkon ham qolmaydi. Bora-bora, xalq ta’biri bilan aytganda, “xotira ham aytganni qilmaydi”.

Mutafakkir shoir insonlik mohiyatini uning ijtimoiy faoliyatida-jamiyatga foydali kasb bilan shug’ullanishi, xalqqa manfaati tegishi, odamlarning og’irini yengil qilishida deb biladi. Uning xalq g’amini o’z g’ami deb bilmaydigan odamni odam qatoriga qo’shmasligi bejiz emas:

                    Odamiy ersang, demag’il odami

                    Onikim,yo’q xalq g’amidin gami.

Bu-Hazrat Alisher Navoiyning inson haqidagi qarashlari tizimida eng muhim nuqta. Zero, shoirning o’zi ham xalqqa qancha ko’p foydang tegsa, bu narsaning o’zingga foydasi ko’proq, degan aqida bilan yashagan:

                     Naf’ing agar xalqqa beshakdurur,

                     Bilki, bu naf’ o’zungga ko’prakdurur.

Hazrat Alisher Navoiyning nuqtai nazariga ko’ra, mol-u dunyoni yig’ish emas, balki xayrli ishlarga, xalq farovonligi yo’lida sarflash kerak. Uning o’zi shunday yo’l tutadi va boshqalarni ham shunga da’vat qiladi. 

 Davlat va jamoat arbobi

Navoiy 1469-1472-yillarda muhrdor, 1472-1476-yillarda vazir bo‘lib ishlaydi. 1487-1488-yillarda Astrobod shahriga hokimlik qiladi.

Alisher Navoiy Husayn Boyqaro saroyida yuksak vakolatli kishilardan bo‘lgan. Boyqaro bolalikdagi do‘stini o‘ziga bosh vazir etib tayinlaydi. Podshoh Boyqaro doimo Navoiyning maslahatlariga amal qilgan, shu sababli, u boshqargan yillar, nisbatan tinchlikda, shaharsozlik, san’at rivoj topgan davrlar bo‘lgan. Navoiy vazir bo‘lgan yillarida Hirotda obodonlik avj olgan, madaniyat rivojlangan. Shoir o‘zi bosh bo‘lib, suvsiz yerlarga suv chiqargan, eski ariqlarni tozalattirgan, yangi kanallar qazdirgan. Eski binolarni ta’mirlatib, yangilarini qurdirgan. Qanchadan-qancha madrasalar, xonahoqlar soldirgan.

Jumladan “Vaqfiya” asarida Navoiy vaqf yerlari, mulklari, miqdori, foydalanish, vaqf mulki va mablag‘i evaziga quriladigan bino va inshootlar, bu yo‘nalishda madrasa va xonaqohlarda o‘rnatilgan tartiblar haqida fikr yuritgan va o‘z mablag‘lari evaziga qurdirgan xayriya muassalari, ilmiy-madaniy binolar va bog‘larni sanab o‘tgan. Asar Navoiyning davlab arbobi sifatida va Husayn Boyqaro bilan munosabatlarini o‘rganish uchun muhim manba hisoblanadi.

Xondamirning qayd qilishicha, 80-yillar davomida Alisher Navoiy o‘z mablag‘lari hisobidan Hirotda va mamlakatning boshqa shaharlarida bir necha madrasa, 40 ta rabot, 17 masjid, 10 xonaqoh, 9 hammom, 9 ko‘prik, 20 ga yaqin hovuz qurgan yoki ta’mirlattirgan. Ular orasida Hirotdagi "Ixlosiya", "Nizomiya" madrasalari, "Xalosiya" xonaqohi, "Shifoiya" tibgohi, Qur’on tilovat qiluvchilarga mo‘ljallangan "Dorul-huffoz" binosi, Marvdagi "Xusraviya" madrasasi, Mashhaddagi "Dorul-huffoz" xayriya binosi va boshqa noyob me’morlik yodgorliklari bor.

Dunyo tan olgan mutafakkir

Navoiy ijodi nafaqat O‘zbekistonda, balki Yevropa, okeanorti mamlakatlarida ham yuksak qiziqish bilan o‘rganiladi. Navoiy ijodi u yashab o‘tgan davrdayoq mukammal o‘rganila boshlagan va hamon o‘rganilmoqda. Uning ijodi va hayotiga bag‘ishlab butun dunyoda minglab ilmiy ishlar, maqolalar, traktatlar, asarlar, filmlar, spektakllar, badiiy asarlar yaratilgan. Jumladan, o‘zbek adabiyotida yozuvchi Oybekning “Navoiy” romani, (bu roman bilan Oybek o‘zbek adabiyotida tarixiy shaxslar haqida badiiy asar yaratish an’anasiga asos soladi) Mirkarim Osimning turkum hikoyalari mashhur. Yevropada Navoiy asarlariga qiziqish katta. Bu borada ko‘plab sharqshunos olimlarning ishlari misol bo‘la oladi. Chunki, uning asarlari shunchaki badiiy xayolot mahsuli bo‘lib qolmasdan, sharq xalqlari tarixi va falsafasini o‘rganishda muhim ahamiyatga ega.

Alisher Navoiy asarlaridagi uslub, yo‘nalishlar keyinchalik adabiyotda ko‘plab oqimlar paydo bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Buyuk sharqshunos olim Armeniy Vamberi Navoiy haqida: “hammaga ma’lum va mashhur buyuk o‘zbek shoiri” deya e’tirof etgan. Yana bir buyuk mutafakkir, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur Navoiy haqida “Boburnoma” asarida: Alisherbek naziri yo‘q kishi edi. Turkiy til bila to she’r aytubturlar, hech kim oncha ko‘p va xo‘b aytqon emas”deya to‘xtalib o‘tgan.

Har yili 9-fevral - Navoiy tavallud topgan kun respublika bo‘ylab keng miqyosda nishonlanadi.

O‘zbekistonning har bir burchagida Navoiy nomi bilan nomlangan maskanlar va manzillar bor. Jumladan: bir viloyat (Navoiy viloyati), shahar, (Navoiy shahri), oliy o‘quv yurti (Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va adabiyoti instituti), O‘zbekiston milliy kutubxonasi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, Adabiyot muzeyi, Toshkentdagi Katta akademik opera va balet teatri, San’at saroyi, Toshkentdagi metro bekati, o‘nlab ko‘chalarga Alisher Navoiy nomi berilgan. Alisher Navoiy nomidagi Davlat mukofoti hamda talabalar uchun davlat stipendiyasi ham mavjud.

 

“Jo`ybori Kalon” ayol-qizlar o`rta maxsus

 Islom ta`lim muassasasi ARM boshlig`i:         G.Shomurotova                                                                    

Izoh qoldirish

Izohlar